10:35 / 17.04.2022
13773

Toshkentdagi ta’mirtalab yo‘llar haqida qanday xabar berish mumkin?

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev mas’ullarga poytaxt ko‘chalaridagi barcha chuqurlarni 10 kun ichida bartaraf etishga topshiriq bergan, shahar aholisidan esa katta ko‘chalarda paydo bo‘lgan chuqurlar haqida “Xalq nazorati” portali orqali xabar berishni so‘ragandi. Kun.uz portaldan foydalanish bo‘yicha qisqacha videoqo‘llanma tayyorladi.

Toshkent shahar hokimi 13 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mart oyidagi yog‘ingarchilik so‘nggi 50-60 yilda kuzatilmagani, natijada yo‘llar abgor ahvolga kelib qolgani, bu esa fuqarolarning e’tiroziga sabab bo‘layotganini ta’kidlagan. Shuningdek, Ortiqxo‘jayev shahar prokuroriga ta’mirlash ishlarining sifatini nazorat qilib, mablag‘lar bebiliska sarf bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida topshiriq bergan.

Foto: Toshkent shahar hokimiyati axborot xizmati

Shahar hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, ta’mirlash ishlari 14 apreldan boshlab yuborilgan. Jarayon aks etgan video va fotosuratlar ustma-ust e’lon qilib turilibdi. 15 aprel kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar bilan birga yo‘llarni ta’mirlash jarayonlarini ko‘zdan kechirgan.

Foto: Toshkent shahar hokimiyati axborot xizmati

Qayd etilishicha, shahar hokimining poytaxt aholisiga murojaatidan so‘ng “Xalq nazorati” portali orqali yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha yuborilgan arizalar soni uch barobarga oshgan. 13 va 14 aprel kunlarining o‘zidayoq portal orqali 546 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 373 tasi yo‘llarni ta’mirlash masalasiga tegishli. Hozircha Yashnobod tumani va Mirzo Ulug‘bek tumanlari aholisidan eng ko‘p murojaat tushgan, eng kam murojaatlar Yangihayot, Sergeli va Bektemir tumanlariga tegishli.

Foto: KUN.UZ

Xalq nazorati” portali orqali istalgan fuqaro markaziy ko‘chalardagi, shuningdek, mahallalar va ko‘p xonadonli uylar atrofidagi ta’mirtalab yo‘llar, yo‘llardagi chuqurlar va o‘nqir-cho‘nqirlar, ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan yo‘l qoplamalari haqida xabar berishi mumkin.

Bundan tashqari, yo‘lni suv bosgan, svetofor ishlamayotgan, yo‘l chiziqlari o‘chib ketgan, yo‘l belgilari noto‘g‘ri o‘rnatilgan, ko‘chalardagi chiroqlar ishlamayotgan holatlar, yo‘llardagi boshqa nosozliklar hamda hal qilinishi lozim bo‘lgan shahar hokimligi vakolatidagi boshqa ko‘plab muammolar haqida ham xabar berish mumkin.

Portal orqali tuzatilishi lozim bo‘lgan qandaydir kamchilik haqida xabar berish uchun ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi. Bu jarayon unchalik qiyin emas. “Ro‘yxatdan o‘tish” tugmasini bosib, telefon raqamingizni kiritsangiz, sizga SMS orqali kod yuboriladi.

Kodni kiritganingizdan so‘ng pasport seriyasi va raqamini, shuningdek, tug‘ilgan sanangizni kiritasiz. Shundan so‘ng shaxsingizga oid ma’lumotlar ekranda paydo bo‘ladi, agar ularda xato bo‘lmasa, tasdiqlab, keyingi oynaga o‘tasiz.

Shundan so‘ng yashash manzilingiz haqidagi ma’lumotlarni kiritishingiz va portaldan foydalanish uchun parol tanlashingiz kerak bo‘ladi. Parol son va harflar birikmasidan iborat bo‘lishi kerak. Faqatgina raqam yoki faqatgina harflardan iborat parol qabul qilinmaydi. Ushbu talablarni bajargach, foydalanuvchi qoidalari bilan tanishib, tanishganligingizni tasdiqlashingiz zarur. So‘ngra “Ro‘yxatdan o‘tish” tugmasini bosasiz va endi bemalol portal imkoniyatlaridan foydalanaverasiz.

Tasvirga olish jarayonida o‘zimiz bevosita guvoh bo‘lgan Chilonzor tumani 2-Qatortol ko‘chasidagi chuqurlar, yo‘l qoplamasining ta’mirtalabligi aks etgan suratlarni portal orqali yuborishga qaror qildik. “Muammoni tasvirlab bering” degan joyga qisqagina izoh yozilsa kifoya. Chunki asosiy ma’lumotni suratlar orqali bilib olish mumkin.

Bitta murojaat bo‘yicha bir nechta surat yuklash mumkin. Faqat bitta suratning hajmi 10 megabaytdan oshib ketmasligi kerak. Suratlarni yuklab bo‘lgach, keyingi bosqichga o‘tamiz.

Ushbu bosqichda sizdan ta’mirtalab yo‘lning manzili so‘raladi. Agar ko‘chaning rasmiy nomini bilmasangiz, buni Yandeks-navigator yoki Google-xarita yordamida aniqlash qiyin emas. Mas’ullar ushbu joyni tezroq topib borishlari uchun “Eslatma” nomli qatorga ushbu ko‘chada joylashgan taniqliroq obekt, masalan, ovqatlanish shoxobchasi, biror bir davlat idorasi, maktab yoki bog‘cha haqidagi ma’lumotlarni qo‘shib qo‘yishingiz mumkin.

Agar bunga erinsangiz, onlayn xaritada ta’mirtalab ko‘chani belgilab qo‘yish imkoni ham bor. “Xabarni yuborish” tugmasini bosish bilan u shu zahoti ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi.

Foydalanuvchilar o‘zlari yuborgan murojaatlari bo‘yicha kim mas’ul etib belgilangani, muammoni hal qilish bo‘yicha nimalar qilinayotgani haqida shaxsiy kabinet orqali xabardor bo‘lib borishlari mumkin.

Bu ishlarni faqat kompyuterdamas, telefon orqali ham bajara olasiz. Buning uchun telefoningizga Xalq nazorati mobil ilovasini yuklab olsangiz kifoya. Qolgan barchasi yuqorida ko‘rsatilgan tartibda bajariladi.

Bir qarashda bu ortiqcha g‘alvaday tuyulishi, ko‘pchilik menga nima zaril bu haqda bosh og‘ritib, deb o‘ylashi mumkin. To‘g‘ri, aslida bu mahalliy hokimlikning, yo‘llarning sozligiga mas’ul korxonaning majburiyati. Ular sizu biz xabar bermasak ham bu ishni qilishlari, shuningdek, davlat tomonidan yo‘llarning qurilishi va ta’mirlanishi haqida har oyda hisobot berib borishlari kerak.

O‘sha kunlar ham kelib qolar, hozircha esa tekis va ravon yo‘lda yurish, kutilmaganda katta bir chuqurga tushib, mashinangiz ta’mirtalab ahvolga kelib qolmasligi tarafdori bo‘lsangiz, ozgina vaqtingizni darig‘ tutmay, yo‘llarda o‘zingiz ko‘rgan-bilgan kamchiliklar haqida xabar bering. Hech bo‘lmasa, bir o‘zgarishga sabab bo‘lasiz.

Jamshid Niyozov,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi:
Abdusalim Abduvohidov.

Top