07:42 / 19.04.2022
7314

Shavkat Mirziyoyevga Toshkentda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdim etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 aprel kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda dastlab “Yangi O‘zbekiston” universiteti uchun zamonaviy o‘quv kampusi loyihasi ko‘rib chiqildi. Universitet uchun Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘yida 30 gektar yer ajratilgan. Majmua loyihasi Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, bu yerda 5 ta fakultet uchun o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport saroyi va stadion barpo etiladi.

Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud ta’limga ixtisoslashgan yaxlit majmua bo‘ladi.

Davlat rahbari majmuani sifatli qurish, o‘quv binolarida buyuk allomalarimiz siymosi va merosini aks ettirish, yoshlarning o‘qishi va harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.  
     
Yana bir loyiha kelgusida davlat muzeylarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra, binolarning arxitekturasi va tarixiy qiymatini saqlab qolgan holda ichki sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy texnikalar bilan jihozlash rejalashtirilgan. Jahondagi mashhur muzeylar tajribasi asosida eksponatlarning ko‘rimliligini oshirish, tarixiy ashyolarni bezarar saqlash, keluvchilarga qulayliklar yaratish bo‘yicha hamma jihatlar inobatga olingan. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yashnobod tumanidagi “Texnopark” hududida akvapark barpo etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun hozirda foydalanilmay turgan bino bilan birga 4,5 gektar yer mo‘ljallangan. Majmua to‘g‘ridan to‘g‘ri chet el investitsiyasi evaziga barpo etiladi. Bu yerda ochiq va yopiq suv havzalari, attraksionlar, tamaddixona, o‘yin maydonchalari bo‘ladi.

Yunusobod tumanidagi Astronomiya parki hududida gullar bog‘i barpo etish rejalashtirilgan. Bu joy aholining madaniy dam olishi, poytaxt ekologiyasi yaxshilanishi uchun yana bir omil bo‘lishi aytiladi.
 
Taqdimotda shaharlararo yo‘l infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari ham muhokama qilindi. Xususan, Pop tumani bilan Namangan shahri o‘rtasidagi avtomobil yo‘lini kengaytirish loyihasi ko‘rib chiqildi.

Prezident hududning relefini inobatga olib, yo‘lni haydovchilarga qulay qilib qurish, insonlar xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Mavzuga oid
Top