11:01 / 20.04.2022
9188

Jizzaxda maktab o‘quvchilarini sayohatga olib borgan avtobuslar ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Kolonna bo‘lib yurgan avtobuslardan biri oraliq masofani saqlamagan holda harakatlangan va o‘zidan oldinda ketayotgan boshqa avtobus bilan to‘qnashgan.

Videodan kadr

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 17 aprel kuni soat 17:00 larda M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Samarqand viloyati Jomboy tumani hududidan o‘tgan 1018-kilometrida ichida maktab o‘quvchilari bo‘lgan ikkita avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

“Oybek omad trans” MChJga qarashli avtobus haydovchisi maktab o‘quvchilarini Samarqandga tashkil etilgan sayohatdan Jizzaxga qaytarib olib kelayotganda oraliq masofani saqlamagan holda harakatlanib, o‘zidan oldinda ketayotgan “Jizzax avtotrans servis” MChJga qarashli SAZ rusumli avtobusga borib urilgan.

Oqibatda Sharof Rashidov tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 10-maktabda tahsil oladigan ikki nafar o‘quvchi yengil tan jarohati olgan. Ularga respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax viloyati filialida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, YTH ishtirokchilari bo‘lgan avtobuslarni Zarbdor tumani XTBga qarashli 2-maktab rahbariyati yollagan va ular o‘quvchilarni o‘zboshimchalik bilan tegishli davlat organlarining ruxsati hamda kuzatuvisiz sayohatga olib borishgan.

Qayd etilishicha, viloyat XTB tomonidan mas’uliyatsizlik qilgan maktab direktorlariga ogohlantirish berilgan va ayrim xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, yo‘l harakati qoidalariga amal qilmagan haydovchiga ham MJtKning tegishli moddalari bilan chora ko‘rilgan.

2019 yil 29 aprel kuni, O‘rta Chirchiq tumanida o‘quvchilarni Buxoroga sayohatga olib borib qaytayotgan avtobus YTH sodir etib yonib ketgandi. O‘shanda avtobusda bo‘lganlar zudlik bilan evakuatsiya qilingan va hech kim jarohat olmagandi.

Top