14:25 / 20.04.2022
12948

Sharof Rashidov tumani hokimligi mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Hokimlik mansabdorlariga Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Jizzax viloyati prokuraturasi

Jizzax viloyati prokuraturasi axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat prokuraturasi tomonidan Sharof Rashidov tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2022 yil 13 yanvardagi “Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-83-sonli Qarori ijrosi o‘rganilgan.

O‘rganish davomida Sharof Rashidov tumanidagi “O.Ch.” fermer xo‘jaligi tomonidan tuman hokimligi zaxirasidagi unumdorlik darajasi 52,6 ball bonitetli sug‘oriladigan 5,44 gektar yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, baliqchilik hovuzi barpo etgani va davlat manfaatlariga 2 milliard 974 million so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Sharof Rashidov tuman hokimligi mas’ullari tomonidan monitoring ishlari o‘tkazilmagani tufayli 5,44 gektar unumdor sug‘oriladigan yer qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish uchun mo‘ljallangan yer toifasidan chiqib ketishiga va qishloq xo‘jaligi manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishiga sababchi bo‘lishgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Sharof Rashidov tuman hokimligi mas’ullariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi, “O.Ch.” fermer xo‘jaligi mansabdor shaxslariga nisbatan 192-11-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Zarbdor tumani hokimligi mansabdorlariga Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Top