16:27 / 22.04.2022
16823

Jizzaxda mast cho‘pon ikki nafar sherigini pichoqlab o‘ldirdi

Uch nafar cho‘pon mast qiluvchi ichimlik iste’mol qilib o‘tirganida ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Oqibatda mast holatda bo‘lgan cho‘pon ikki nafar sherigini o‘ldirgan va voqea joyidan qochib ketgan.

Foto: kaluganews

Jizzax viloyati prokuraturasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 13 aprel kuni Forish tumanidagi “Egizbuloq” MFYga qarashli Ko‘ktepa hududidagi fermer xo‘jaliklarining biriga qarashli cho‘pon uyida uch nafar cho‘pon o‘rtasida boshlangan janjal qotillik bilan tugagan.

Cho‘ponning uyida vaqtincha yashab, cho‘ponlik qilib kelayotgan, 1977 yilda tug‘ilgan fuqaro M.G‘. ushbu hududda cho‘ponlik qilib kelayotgan tanishi, 1977 yilda Paxtakor tumanida tug‘ilgan J.X. va 1973 yilda shu tumanda tug‘ilgan X.X. bilan spirtli ichimlik iste’mol qilib o‘tirganda o‘rtalarida janjal kelib chiqqan.

Oqibatda, M.G‘. mast holatda yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan J.X. va X.X.larning ko‘krak qafasiga bir necha marta tan jarohati yetkazib, ularni qasddan o‘ldirib, voqea joyidan yashiringan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Mavzuga oid
Top