08:24 / 22.04.2022
5192

Quyi bo‘g‘indagi suv xo‘jaligi xizmatlarining vazifalari belgilandi

Foto: Over Vitens

Vazirlar Mahkamasining “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Prezident qarori bilan quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilangan:

  • qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarni va aholi tomorqalarini suv resurslari bilan ishonchli ta’minlash;
  • irrigatsiya tizimlari va sug‘orish tarmoqlarini hamda ulardagi gidrotexnika inshootlarini doimiy texnik soz holatda ushlab turish;
  • yirik qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarni o‘z hududida suvni boshqarish va taqsimlash ishlariga jalb qilish;
  • iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan ta’minlashga oid davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini keng joriy etish;
  • suvning hisobi va hisobotini avtomatlashtirilgan tizimlar orqali yuritish.

Tuman  irrigatsiya bo‘limlari tarkibida belgilangan tartibda suv iste’molchilariga suv yetkazib berish, xo‘jaliklararo sug‘orish tarmoqlaridan foydalanish, ularni ta’mirlash-tiklash ishlarini tashkil qilish bo‘yicha suv xo‘jaligining maxsus xizmati tashkil etiladi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Suv xo‘jaligi vazirligining maxsus xizmati tomonidan suv yetkazib berish va ko‘rsatilgan boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun haq to‘lash hamda ushbu xizmatlarni ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom;
  • davlat suv xo‘jaligi obektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga oladigan klasterlar ro‘yxati;
  • davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektor boshqaruviga beriladigan davlat suv xo‘jaligi obektlarining tumanlar kesimidagi asosiy ko‘rsatkichlari;
  • davlat suv xo‘jaligi obektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sherikka berish hamda xususiy sherikning investitsiya salohiyatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi.
Top