10:42 / 24.04.2022
43011

Terrorchimi yoki qasoskor: Ota va o‘g‘il An-24 yo‘lovchi samolyotini nega Turkiyaga olib qochgandi?

1970 yilda SSSRdan Turkiyaga yo‘lovchi samolyot olib qochiladi. Ota va uning 15 yoshli o‘g‘li pistolet hamda granata bilan qurollangan holda ichida 46 nafar yo‘lovchi bo‘lgan An-24 ni Gurjistondan Turkiyaga olib qochishadi. O‘shangacha SSSRda hech kim yo‘lovchi samolyotini olib qochishga jur’at qila olmagan – bu ilk hodisa edi.

Foto: Kun.uz

Tarix sahnasida 69 yil yashagan SSSR juda yopiq davlat bo‘lgan. Bu davlatdan xorijga ko‘chib ketish yoki xorijdan ko‘chib kelish qiyin edi. Odamlar ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan, erkinlik bo‘lmagan tuzumdan tinch yo‘l bilan chiqib keta olmagan. Shu sababli ayrimlar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, turli yo‘llar bilan sovet ittifoqidan qochishga uringan.

Ayniqsa, SSSR tomonidan 1940 yilda egallanib, 2-jahon urushidan keyin sovet tuzumi o‘rnatilgan Boltiqbo‘yi respublikalarining aholisi Moskva qo‘l ostida yashashni ko‘p ham xushlamasdi. Shu sababli ularning aksariyati imkoniyati bo‘lishi bilanoq mamlakatni butunlay tark etardi.

Ayrimlari esa jinoyat sodir etib bo‘lsa ham qochishga uringan. Litvalik Pranas Brazinkas ham o‘shalardan biri edi. U 1970 yilda SSSRdan chiqib ketish uchun avval bu davlatda kuzatilmagan ishni qiladi. Qurol yordamida An-24 samolyotini yo‘lovchilari bilan birga Turkiyaga olib qochadi.

Pranas Brazinkas

Pranas Brazinkas 1924 yilda Litvada tug‘ilgan. 1940 yil u16 yoshga to‘lganda, sovet ittifoqi Estoniya, Latviya va Litvani bosib oladi. Shundan so‘ng urush boshlanguncha kommunistlar bu yerda sovet hukumati o‘rnatishga kirishadi. Kolxoz va sovxozlar tuzib boylar va o‘rtahollarni talashadi. Odamlarni surgun qilishadi. Yirik tadbirkorlarning korxonalari tortib olinadi. O‘sha paytda ko‘plab hamyurtlari kabi Pranas sovet ittifoqini yomon ko‘rib qoladi.

1941 yil 22 iyunda nemislar SSSRga bostirib kirgach hamma urush bilan ovora bo‘ladi va Boltiqbo‘yi davlatlarida o‘tkazilayotgan sotsialistik islohotlar to‘xtaydi. Urush tugagandan so‘ng sovetlar endi odamlarni «fashistlar bilan hamkorlik qilishda ayblay boshlashadi. Shu jumladan Pranasni ham.

Uni Boltiqbo‘yi respublikalarini sovetlardan ozod qilish uchun partizanlik urushi olib borgan litvaliklarning «O‘rmon birodarlari» harakatiga qo‘shilganlikda ayblashadi. Ammo yetarlicha isbot topilmaydi.

Sovet tuzumi Pranasni baribir qamaydi. 1955 yilda u xizmat vazifasini suiiste’mol qilganlikda aylanib bir yilga qamaladi. Oradan o‘n yil o‘tib 1965 yilda magazin mudiri bo‘lib ishlab yurganida uni kamomadga yo‘l qo‘yganlikda ayblab yana 5 yilga qamashadi.

Qamoqdan chiqqan Pranas tinchroq yashash uchun 14 yoshli o‘g‘li bilan birga Qo‘qon shahriga ko‘chib keladi va shu yerda yashay boshlaydi. Oradan biroz o‘tib u ikkinchi marta uylanadi. So‘ng huquqni himoya qilish organlari e’tiboriga tushmaslik uchun xotinining familiyasini oladi. Ammo KGB uni nazardan qochirmagandi.

1970 yilda Qo‘qonda KGB uni suhbatga chaqiradi va tarjimayi holi bilan qiziqa boshlaydi. Shundan so‘ng u nima qilib bo‘lsa ham SSSRdan qochishga qaror qiladi va Gruziyaga ketadi.

O‘sha paytlarda SSSRning Yevropa qismidan ko‘ra Kavkazdan Turkiya yoki Eronga qochib, shu yo‘l bilan dunyoning boshqa davlatlariga chiqib ketish mumkin edi. Pranas ham Kavkaz orqali Turkiyaga qochishni rejalashtiradi. Ammo u Gruziyaga yetib borgach bu ish oson bo‘lmasligi ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng Pranas qochish uchun ancha xavfli yo‘lni tanlaydi – u samolyotni olib qochishga qaror qiladi. Bu uchun Batumidagi jinoyatchilardan pistolet va bir dona granata sotib oladi.

Samolyotni olib qochish

1970 yil 15 oktyabr kuni Pranas va uning 15 yoshli o‘g‘li Algirdas Batumi aeroportida Suxumi shahriga uchadigan AN-24 samolyotiga chiqishadi. Pranas shu samolyotni egallab uning yordamida Turkiyaga qochishni rejalashtirgandi.

Ota va bola samolyotga chiqqan paytda ularning yonida pistolet, granata hamda xanjar bor edi. Samolyot bortida 46 nafar yo‘lovchi bo‘lib, o‘sha paytda ular o‘zlarini nima kutayotganini bilishmasdi.

Samolyot osmonga ko‘tarilgan zahoti Pranas styuardessani chaqirib undan ekipaj komandiri nomiga yozilgan xatni beradi. Xatda uchuvchilardan samolyotni Turkiyaga qarab yo‘naltirish talab qilingan, aks holda samolyotni portlatish bilan po‘pisa qilingandi.

Styuardessa yo‘lda Pranasning xatini o‘qiydi va uchuvchilar kabinasiga yetganda birdan «Jinoyatchilar samolyotni egallab olishdi» deb baqira boshlaydi. Shu payt Pranas unga o‘q uzadi va 19 yoshli qiz halok bo‘ladi.

Shundan so‘ng bir nechta o‘q uzgan Pranas ikki nafar uchuvchi va yo‘lovchilardan birini yarador qiladi. So‘ng uchinchi uchuvchiga yo‘nalishni janubga olish va bulutlar orasidan uchishni buyuradi.

Oradan yarim soat o‘tib samolyot Turkiya chegarasini kesib o‘tadi va Trabzon shahri aeroportiga qo‘nadi. Pranas va uning o‘g‘li samolyotdan tushgan zahoti turklar tomonidan hibsga olinadi.

O‘sha paytlarda Turkiya va sovet ittifoqi o‘rtasidagi aloqalar uncha yaxshi emasdi. Ikki davlat o‘rtasida hudud mojarosi tufayli avvalroq Turkiya NATOga a’zo bo‘lgandi. Qolaversa, har yili Kavkaz tog‘laridagi aylanma yo‘llar orqali ancha odam Turkiyaga qochib o‘tar, turklar ularni qaytarishga urinmasdi. Aksincha, qochib o‘tganlarga yordam berardi.

Turklar samolyot SSSRdan olib qochilganini bilishardi. Ular yo‘lovchilarga ham agar xohlashsa Turkiyada qolishlari mumkinligini ma’lum qilishadi, ammo hech kim ko‘nmaydi.

Shundan so‘ng sovet hukumati Turkiyadan hibsga olingan ota-bola va An-24 samolyotini yo‘lovchilari bilan darhol SSSRga qaytarishni talab qiladi. Oradan bir kun o‘tib Turkiya styuardessaning murdasi, yarador uchuvchilar va yo‘lovchilarni boshqa bir samolyotda SSSRga qaytaradi. An-24 samolyotini keyinroq qaytarishadi. Pranas va uning o‘g‘lini esa sovetlarga berishmaydi.

Pranas dastlabki so‘roqdayoq SSSRni odatiy tarzda tark eta olmay, samolyot olib qochishga majbur bo‘lgani haqida gapiradi. U styuardessani o‘ldirgani uchun jazolanishi kerak edi. Ancha davom etgan tergov va suddan so‘ng Pranas 10 yil, o‘g‘li 2 yil qamoq jazosini oladi.

Qamoqdan keyingi hayot

Ikki yil qamoqda o‘tirgan Pranas va uning o‘g‘li amnistiya bilan ozodlikka chiqariladi. Ular jazoning qolgan qismini uy qamog‘ida o‘tkazishi belgilanadi. Bu orada Pranas AQShning Anqaradagi elchixonasiga o‘zi bilan o‘g‘liga qochqinlik maqomi berilishini so‘rab ariza yozadi va rad javobini oladi.

1976 yilda qamoq muddati uzil-kesil tugab, batamom ozod bo‘lgan Pranas va o‘g‘li Venesuelaga uchib ketadi. Oradan ikki oy o‘tib ular Kanadaga jo‘naydi. Samolyot yonilg‘i quyish uchun Nyu-York aeroportiga qo‘ngach Pranas va o‘g‘li undan tushib qoladi. AQSh migratsiya xizmati darhol ularni hibsga oladi.

Shundan so‘ng hodisaga litvaliklarning AQShdagi diasporasi aralashib Pranasga AQShda yashash uchun ruxsatnoma olib beradi. U Kaliforniya shtatidagi Santa-Monika shahriga ko‘chib o‘tadi va o‘sha yerda ustachilik bilan shug‘ullanadi.

1978 yilda o‘tkazilgan matbuot anjumanlaridan birida sovet muxbiri davlat departamenti mulozimiga AQSh bir kishining qotili bo‘lgan terrorchiga mamlakatda yashash uchun ruxsat bergani haqida so‘raydi. Mulozim ota-o‘g‘il qilgan jinoyati uchun Turkiyada jazo olganini, Brazinskaslar ishi AQShning terrorizmga qarshi kurash masalasidagi siyosatiga taalluqli emasligini aytadi.

1982 yilda AQSh davlat departamenti Pranasga siyosiy qochoq maqomini bermasligini ma’lum qiladi va uni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qiladi. Shunda u kelib chiqishi litvalik bo‘lgan davlat departamenti xodimasiga uylanadi va shu nikohni asos qilib AQShda qoladi.

Keyinchalik Pranas SSSRdan qochishi tafsilotlari yozilgan kitobni chop ettiradi. U kitobida SSSRdan samolyot olib qochishini «Litvaning sovet okkupatsiyasidan ozod bo‘lishi uchun kurashish maqsadida» qilganini ta’kidlaydi.

Pranas keksayganda o‘g‘li bilan kelisha olmay qoladi va u bilan tez-tez janjallashadi. Oxir-oqibat 2002 yilda o‘g‘li 78 yoshli Pranasni o‘qotar quroldan otib o‘ldiradi. Sud Pranasning o‘g‘liga 16 yil qamoq jazosini beradi.

Hodisa yuzasidan shubhalar

Pranas va uning o‘g‘li tomonidan yo‘lovchi samolyot olib qochilishi favqulodda hodisa edi. Ungacha SSSRda yo‘lovchi samolyotini olib qochish umuman sodir bo‘lmagandi.

O‘sha paytda rasmiy axborotda Pranas tomonidan bir kishi o‘ldirilgani aytilsa-da aslida hodisa oqibatida halok bo‘lganlar soni bundan ancha ko‘p bo‘lgani haqida ham gap-so‘zlar tarqaladi. Keyinchalik hodisa guvohlari Pranas jami 18 ta o‘q otganini, yana bir guvoh esa u pistoletdan emas, avtomatdan o‘q uzganini aytgan. O‘shanda samolyot bortidan 16 ta o‘qning patroni topilgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, agar Pranas styuardessani o‘ldirib, ikki uchuvchini yarador qilib, uchinchisini Turkiyaga uchishga ko‘ndirgan bo‘lsa, unga 18 ta o‘q uzish nega kerak bo‘lgan? U o‘qlarni nega otgan? Bu savollarga keyinchalik ham javob topilmaydi.

Pranas Turkiyada bo‘lib o‘tgan sudda samolyot bortida ikki nafar qurollangan qo‘riqchi ham bo‘lganini, u uchuvchilar kabinasi tomon o‘q uzganda ular ham javob qaytarganini aytgan. Ammo uning bu gaplari yolg‘on edi – o‘sha paytda SSSRda yo‘lovchi samolyotlarda qurolli qo‘riqchilar yurmagan. Faqat Pranasning ishidan so‘ng 1971 yildan boshlab yo‘lovchi samolyotlariga qurolli qo‘riqchilar qo‘yilishi joriy qilinadi.

SSSR avvaliga Turkiyadan, keyin AQShdan Pranas va uning o‘g‘lini qaytarib ololmagach ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. So‘ng sirtdan sud qilinib unga o‘lim jazosi berishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top