10:59 / 25.04.2022
20538

Sel suvi faqat zararmi? – Uni boshqarish va foydalanish mumkin

Ayni paytda O‘zbekistonda bahorgi yog‘ingarchiliklar sabab turli hududlarga sel kelib, aholi jabr ko‘rmoqda. Biroq sel suvini to‘plab undan qishloq xo‘jaligida foydalanish mumkin. Suv resurslari bo‘yicha xalqaro ekspert Abror G‘afurov bu haqda tushuntirdi.

Abror G‘afurov – Germaniya Yer tadqiqotlari markazining “Markaziy Osiyoda suv” loyihasi rahbari, Berlindagi Humboldt universiteti dotsenti. Ekspert Kun.uz bilan suhbatda sel suvidan foydalanish haqidagi savolga javob berdi.

“Keraksiz vaqtda kelayotgan suvni yig‘ib olish – eng yaxshi narsa. Buning uchun suv omborlari quriladi. O‘zbekistonda ham suv omborlari bor. Ular elektr energiya ishlab chiqarishdan tashqari qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlash funksiyalariga ega. Lekin suv omborlari ko‘pincha suv bilan to‘la bo‘ladi.

Agar aytaylik, kelasi 10 kun ichida xuddi mart oyidagidek tinimsiz yomg‘ir yog‘sa, suv omborlarida bu suvni ushlab qolish uchun kerakli joy zaxirasi bo‘lishi kerak. Agar zaxira bo‘lmasa, bu suvni tashlab yuborishga majbur bo‘lamiz. Sababi suv omborlarining o‘ziga yarasha xavfsizlik qoidalari bor, ularda me’yordan ortiq suv saqlash mumkin emas. Shuni e’tiborga olgan holda, kelasi oyda qancha suv kelishini oldindan hisoblab, suv omborlarini boshqarish va iloji boricha yomg‘ir suvini ham saqlab qolish imkoniyatlarini topish kerak.

Masalan, Norvegiya tajribasida bunga alohida ahamiyat beriladi: ular “Tepadan tushayotgan har bir tomchi iqtisodiyotimiz uchun bir dollar bo‘lsa ham qo‘shimcha foyda bo‘ladi”, deb hisoblashadi”, deydi mutaxassis.

Abror G‘afurovning qayd etishicha, O‘zbekistonda ham suvni maksimum darajada saqlab qolish va unumli foydalanish yo‘llarini topishga harakat qilish zarur. Buning uchun turli maqsadlarni, jumladan, qishloq xo‘jaligini sug‘orish, elektr energiya ishlab chiqarish va suv omborlari xavfsizligi kabi jihatlarni hisobga olib suvdan foydalanishni optimallashtirish kerak.

Mavzuga oid
Top