21:01 / 26.04.2022
52150

O‘zbekistonliklarning o‘rtacha ish haqi statistikasi e’lon qilindi

2022 yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha o‘rtacha nominal ish haqi 3,4 mln so‘mni tashkil etdi. Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, maoshlar oshgani ortidan hududlar kesimida ham, tarmoqlar kesimida ham tengsizlik kuchayib bormoqda. Tibbiyot xodimlari hamda ta’lim sohasi vakillarining maoshi esa hamon o‘rtacha ko‘rsatkichdan ham past darajada qolmoqda.

Foto: Kun.uz

2022 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 3 mln 426,8 ming so‘mni tashkil etib, (o‘tgan yilning yanvar-mart oylarida 2 mln 876,4 ming so‘m bo‘lgan) 2021 yil mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 19,1 foizni tashkil qilgan. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lum qilmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida qayd etilgan – 8,4 million so‘m. Axborot va aloqa sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 6,5 million so‘mga teng bo‘lgan bo‘lsa, tashish va saqlash sohasida – 4,5 million so‘m, sanoat sohasida – 4,4 mln so‘m, qurilish sohasida – 4,1 mln so‘m, savdo sohasida – 3,5 mln so‘m ta’lim sohasida – 2,5 million so‘m. Eng past o‘rtacha ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida qayd etilgan – 2,3 million so‘m.

Bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida eng yuqori o‘rtacha ish haqi – Toshkent shahrida (10,7 million so‘m), eng pasti Samarqand viloyatida (5,5 million so‘m) kuzatilgan.

Ta’lim sohasida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi Toshkent shahrida (3,7 million so‘m), eng pasti Qashqadaryo viloyatida (2,2 million so‘m) qayd etilgan. Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, faqatgina Toshkent shahrida ta’lim sohasida mehnat qiladigan xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi respublika bo‘yicha sohalar kesimida shakllangan o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan. Boshqa hududlarda bu ko‘rsatkich anchayin past darajada.

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida ham eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi Toshkent shahrida (2,6 million so‘m), eng pasti – Qashqadaryo viloyatida (1,9 million so‘m). Respublika bo‘yicha barcha hududlarda o‘rtacha ko‘rsatkichdan past holat kuzatilgan.

“Tibbiyot xodimlari hamda ta’lim sohasi vakillari nisbiy kambag‘allashishda davom etmoqda”

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning yozishicha, joriy yilning birinchi choragida ta’lim sohasida band bo‘lgan xodimlarning o‘rtacha maoshi respublikadagi o‘rtacha maoshning 73,5 foizini tashkil etgan, o‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 78,1 foiz bo‘lgan. Tibbiyot xodimlarining o‘rtacha maoshi esa respublikadagi o‘rtacha maoshning 67,6 foizini tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davrida esa bu ko‘rsatkich 71,2 foizni tashkil qilgan.

“Ko‘rib turganingizdek, ta’lim va tibbiyot sohasida band bo‘lgan xodimlarning o‘rtacha daromadi respublikadagi o‘rtacha daromadga yaqinlashayotgani yo‘q, balki undan uzoqlashib bormoqda. Bu tendensiya kecha yoki bugun boshlanib qolgani yo‘q, balki yildan yilga kuchayib bormoqda. Masalan, 2020 yilning yanvar-mart oylarida ta’lim sohasi vakillarining o‘rtacha ish haqi respublikadagi o‘rtacha ish haqiga nisbatan 80,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, tibbiyot sohasi vakillari uchun bu ko‘rsatkich 70,1 foizni tashkil etgan (2021 yilning birinchi choragida hamda 2020 yilda tibbiyot sohasi vakillarining o‘rtacha ish haqi respublikadagi o‘rtacha ish haqidan yuqoriroq ulushga ega bo‘lgani asosan pandemiya natijasida ba’zi tibbiyot xodimlariga yuqoriroq maosh to‘langani bilan izohlanadi).

Ta’lim va tibbiyot sohasi vakillarining jamiyatdagi ahamiyati haqida judayam ko‘p gapirilmoqda. Ularning maoshlari oshirilishi zarurati ham ko‘p ta’kidlanadi. Lekin amalda ta’lim va tibbiyot sohasi vakillari boshqa soha vakillari bilan taqqoslaganda kambag‘allashib bormoqda. Ularning jamiyatdagi mavqeyini bu tarzda yo‘qotib borishi uzoq muddatli o‘sishga ham salbiy ta’sir qilishi turgan gap”, deydi iqtisodchi.

“Tengsizlik kuchayib bormoqda”

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, o‘rtacha oylik ish haqi bo‘yicha taqdim qilingan statistik ma’lumotlarni shartli ravishdagina qabul qilish mumkin.

“Yana qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’yektlaridagi ish haqi statistikaga qo‘shilmagan. Ma’lumot uchun, qishloq xo‘jaligida jami ish bilan band aholining 25,9 foizi mehnat qiladi. Kichik tadbirkorlik sub’yektlarining ish bilan bandlikdagi umumiy ulushi statistikasi esa ochiqlanmay keladi. Demak, kamida o‘rtacha ish haqi bo‘yicha mazkur statistika to‘laqonli emas”, deydi u.

Iqtisodchining qo‘shimcha qilishicha, maoshlar oshgani ortidan, hududlar kesimida ham, tarmoqlar kesimida ham tengsizlik kuchayib bormoqda. Masalan, o‘tgan yilning shu davrida eng boy va eng kambag‘al hududlardagi o‘rtacha ish haqining farqi 1,86 barobar bo‘lgan bo‘lsa (Toshkent/Namangan), joriy yil bu ko‘rsatkich 2 barobarga yetgan (Toshkent/Surxondaryo).

Bank va moliya sohasidagi o‘rtacha maoshlar bilan sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘rtacha maoshlar o‘rtasidagi farq o‘tgan yili 3,15 barobar bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil bu farq 3,62 barobargacha kattalashgan.

Tengsizlik tarmoqlar ichida ham kengaygan. Xususan, sanoat sohasida hududlar o‘rtasidagi farq (Navoiy/Jizzax) 2,58 barobar, qurilishda 3,87 barobar (Toshkent/Sirdaryo), savdoda 2,89 barobarni (Toshkent/Farg‘ona) tashkil etmoqda.

Otabek Bakirov tengsizlik kuchayayotganiga sabab sifatida bir nechta omilni sanab o‘tdi.

Birinchi signal shuki, o‘rtacha maoshlar oshishi asosan yuqori daromad segmentlari hisobiga ro‘y bermoqda. Quyi daromad segmentlarida ish haqini oshirishga soliq va ma’muriy rag‘bat yo‘q.

Ikkinchi signal, hududlarda, ayniqsa qonunlar amal qilmaydigan depressiv viloyatlarda biznesda ish haqini oshirishga va yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratishga rag‘bat yo‘q, lekin yashirin iqtisodiyot orqali mehnatga haq to‘lashga motivlar kundan kunga kuchayib bormoqda.

Uchinchi signal, garchi ko‘p bora deklaratsiya qilinganiga qaramay, ta’lim va sog‘liqni saqlashda o‘rtacha maoshlar indeksatsiyasi hatto respublika bo‘yicha o‘rtacha maoshlar o‘sishidan ortda qolmoqda. Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi mehnatkashlarining hududlarda band aholi orasida ulushi yuqoriligi inobatga olinsa, Toshkent va hududlar orasidagi tengsizlik kuchayib borayotganidan hayratlanmasa ham bo‘ladi.

To‘rtinchi – asosiy signal. Normal mehnat bozori mavjudligida mehnatga haq to‘lashda karrasiga farq yuzaga kelgan holatlarda biznes o‘z jarayonlarini mehnat haqi arzonroqqa tushadigan hududlarga ko‘chirish haqida o‘ylay boshlaydi. Nega bu O‘zbekistonda ro‘y bermaydi? Chunki O‘zbekistonda Toshkent halqa yo‘lidan tashqariga chiqdingmi, qonun yo‘q. Sud ham hokim, politsiya ham hokim, OAV ham hokim, prokuror ham hokim. Shuning uchun, masalan ish haqi xarajatlarini optimallashtirish uchun biznesini Toshkentdan maoshlar karrasiga past Andijon yoki Namanganga ko‘chirgan tadbirkor xarajatlarini qisqartirish o‘rniga biznesidan ajralib qolishi ehtimoli turgan gap”, deya xulosa qiladi iqtisodchi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda oxirgi marta 2021 yilning 1 sentabrida ish haqi, pensiya miqdori va stipendiyalar oshirilgandi.

Keyingi 5 yillik taraqqiyot strategiyasida malakali o‘qituvchilarning oyligini bosqichma-bosqich 1000 dollar ekvivalentiga yetkazish reja qilingan.

Top