10:56 / 26.04.2022
6991

Samarqandda 460 million so‘mlik tenderda yaqin qarindoshlarga tegishli korxonalar qatnashgani ma’lum bo‘ldi

Samarqand shahar xokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi xarid komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tanlov savdosida qonunlarga zid ravishda yaqin qarindoshlar qatnashgan. Ular o‘zaro kelishib, 1 million so‘mlik farq bilan narx ko‘rsatib, biri savdoda g‘olib topilgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi munosabatida ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan Qo‘mita tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish davomida Samarqand shahar hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi rasmiy saytiga Samarqand shahri, “Sharq Tongi” MFY Oybek ko‘chasini joriy ta’mirlash bo‘yicha davlat xaridlari 2022 yil 4 aprelda 64344-lot bilan boshlang‘ich qiymati 464 million 73 ming so‘m bo‘lgan e’lon joylashtirilgan.

Mazkur e’lon asosida 2022 yil 11 aprelda Samarqand shahar hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi xarid komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tanlov savdosida “Javohir ta’mir qurilish” MChJ va “Tex nur kafolat” MChJlarning tijorat takliflari ko‘rib chiqilib, “Javohir ta’mir qurilish” MChJ 463 million 73 ming so‘mlik tijorat taklifi bilan tender g‘olibi deb topilgan.

Qo‘mita surishtiruvida, tanlov komissiyasi tomonidan uni o‘tkazish jarayonida ochiq ma’lumotlardan foydalanilmagani va taqdim etilgan hujjatlar tahlil qilinmaganligi natijasida “Javohir ta’mir qurilish” MChJ va “Tex nur kafolat” MChJlarning o‘zaro affillanganlik holatiga e’tibor qaratilmagani aniqlangan. Ya’ni Shohjahon Mamadaliyev O‘tkir o‘g‘liga tegishli “Tex nur kafolat” MChJ “Javohir ta’mir qurilish” MChJ rahbari Jasur Imomqul Mamadaliyevichning jiyani ekanligiga e’tibor qaratilmagan va tanlov savdolaridan chetlashtirilmagan.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasida ishtirokchi va uning affillangan shaxsi elektron do‘kon, auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash va tender bo‘yicha ayni bitta lotda ishtirok etish huquqiga ega emasligi, 40-moddasida narxlarni yoki ishtirokchilarni saralash natijalarini buzib ko‘rsatish maqsadida ishtirokchilarning oldindan til biriktirishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan bo‘lsa-da, affillanganlik alomatlari mavjud shaxslar til biriktirish yo‘li bilan tanlovda ishtirok etgan.

Jumladan, buyurtmachi tomonidan ishtirokchilar taqdim etgan takliflar “Tex nur kafolat” MChJ 464 million 73 ming so‘m (buyurtmachining boshlang‘ich narxiga teng) hamda “Javohir ta’mir qurilish” MChJ 463 million 73 ming so‘m (buyurtmachining boshlang‘ich narxdan 1 million so‘m kam ) ekanligiga, mazkur tanlov jarayonida ishtirokchilar o‘rtasida oldindan o‘zaro kelishib olinganlik alomatlariga e’tibor qaratilmagan.

“Qo‘mita tomonidan o‘rganish davomida mazkur qonunbuzilish holati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kuni Samarqand shahar hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi xarid komissiyasining 2022 yil 12 aprelda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasi bilan 64344-lot bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov savdosi natijalari bekor qilingani va ushbu tanlov natijalarida shartnoma imzolanmaganligi aniqlandi”, deyiladi munosabatda.

Ma’lumot uchun, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning  14-moddasida tanlov (tender) savdolarini o‘tkazishda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar taqiqlanishi, monopoliyaga qarshi talablarning buzilishi tanlov (tender) savdolarining qarorlarini va shu savdolar natijalari bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘lishi belgilangan. 

Top