17:07 / 27.04.2022
33118

Nega o‘zbekistonliklar dorilarga bunchalik o‘rganib qoldi? – Mutaxassislar sifatsiz dorilar, “Guangzhou” klinikasi va tibbiyotdagi qoloqlik haqida

So‘nggi vaqtlarda telekanallarda namoyish etilayotgan turli-tuman reklamalarga nisbatan jamiyatda norozilik keskin oshib boryapti.

Bunga sabab – bir tomondan bir dorining o‘nlab, yuzlab kasalliklarga davo sifatida ko‘rsatilishi va kutilgan samarani bermasligi bo‘lsa, ikkinchidan, ayrim reklama roliklarining oila davrasida ko‘rib bo‘lmas darajada “ochiqligidir”.

Bu borada bir necha kun avval “Guangzhou medical of China” MChJ mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari bilan bog‘liq faoliyat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ham holatni ifodalaydi.

Xo‘sh, o‘zbek telekanallarida dori vositalari reklamasi nega bunchalik ko‘payib ketdi? “Guangzhou” odamlarni qanday aldab kelgan? O‘zbekistonliklar-chi, nega bunchalik dorilarga “o‘tirib qoldi?”

Kun.uz muxbiri ayni savollardan yuzasidan Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova va tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayev bilan intervyu uyushtirdi.

Kun.uz:

Qizilgul opa, Zarifboy aka, dastlab ikkingizga ham bir savol bilan yuzlanmoqchiman. OAV va jumladan, hozir o‘zbek televideniyesida berilayotgan reklamalarning 50 foizi va balki undan ham ko‘prog‘ini dori vositalari tashkil etishi faqat bizda uchraydigan holatmi yo boshqalarda ham shundaymi?

Shuningdek, ikkingiz ham shifokor ekanligingizni inobatga olgan holda, yana bir savol: nega o‘zbek jamiyati dorilarga bunchalik “o‘tirib qoldi?”

Qizilgul Qosimova:

Bu masala birinchi navbatda xalqimizning tibbiy madaniyati bilan bog‘liq, chunki avvalo, reklamadagi dorilarga talab bo‘lyapti. Bundan tashqari, dorixonalar tadbirkorlik sub’yekti sifatida o‘zidagi mahsulotni reklama orqali o‘tkazishga harakat qilyapti.

Keyingi paytlarda chindan ham mentalitetimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan dori reklamalarini ko‘p ko‘ryapmiz. Bu bizga umuman to‘g‘ri kelmaydi.

Jahon tajribasida ham shundaymi? Yo‘q, ularda bizchalik emas. Masalan, Turkiyada bemorga shifokor tavsiyasisiz birorta dori berilmaydi. Tabiiyki, dorilar reklamasi ham nazoratda.

Bizda esa odamlar boshi og‘rib qolsa ham dorixonaga boradi va dorixonada unga dori yozib beraverishadi.

Zarifboy Ibodullayev:

Germaniyada shifokor retseptisiz,  bemorga hatto “aspirin” berilmaydi.

Shaxsan men dori vositalarining OAVda va jamoat joylarida reklama qilinishiga butunlay qarshiman.

Kun.uz:

Savolning ikkinchi qismi: Xo‘sh, nega o‘zbek jamiyati dorilarga bunchalik o‘rganib qoldi?

Zarifboy Ibodullayev:

Bunga birinchi navbatda xalqning tibbiyotga va tibbiyot xodimlariga ishonchsizligi hamda davlat tibbiyot muassasalaridagi ahvolning nochorligi sabab.

Ikkinchidan, bemor xususiy klinikalarga borar ekan, shifokor maslahati uchun pul to‘lashi kerak va bu  maslahat juda qimmat.

Men avval ham aytganman, qayerda tibbiyot sifati past bo‘lsa, o‘sha yerda formakologik biznes gurkirab rivojlanadi. Bizda hozir ayni shu holat.

Shunday qilib, tibbiy maslahat qimmat bo‘lar ekan, bemor “dardimga yaxshisi, dorixonadan dori so‘rab olaman”, degan xulosaga keladi.

Xususiy klinikalar qimmatligi, davlat shifoxonalarining esa og‘ir ahvolidan ko‘ngli qolgan odam nima qilyapti, televizordagi dori reklamalaridan xulosa olyapti.

Kun.uz:

Qizilgul opa, yaqinda deputatlar dori vositalari reklamasi ustidan nazorat o‘rnatish haqida qandaydir yig‘in o‘tkazganini ko‘rdim. Xo‘sh, qanday nazorat haqida gaplashdingiz?

 Qizilgul Qosimova:

Bilsangiz kerak, «Adolat» SDP tibbiyot sohasini rivojlantirishni o‘z nazoratiga olgan. Bu masalani ham aynan shu partiya ko‘tarib chiqdi. Hozir partiya joylarga dori reklamalari, dori vositalari ishlab chiqish, litsenziyalash talablari bo‘yicha o‘z so‘rovlarini yuborgan.

Bu borada aholi murojaatlari va dorixonalar faoliyati ham tekshiriladi. Masalan, tadbirkorlar chiqarayotgan dorilar ko‘p joyda reklama qilinyapti-yu, lekin nega kutilgan, va’da qilingan samarani bermayapti?

Zarifboy Ibodullayev:

Qizilgul opa, sizga va deputatlarga bir nechta iltimosim bor. Sizlar avvalo, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining tarkibi bo‘yicha jiddiy va keng qamrovli tekshiruv o‘tkazinglar.

Chunki men ham shifokorman va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dorilarning ko‘pchiligi bemorlarning ahvolini og‘irlashtirayotganini bilaman.

Kun.uz:

Bir necha kun avval “Guangzhou” klinikasi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Unda aytilishicha, klinika bemorlarni aldagan, oddiy, arzon dorilarni qimmat narxda pullab kelgan. Adashmasam, bu klinika faoliyati haqida siz avval ham fikr bildirgandingiz.

Zarifboy Ibodullayev:

 Men “Guangzhou” klinikasi OAVda reklama qilib boshlangan ilk kunlardayoq hayron qolgandim. Chunki reklamada aytilayotgan faktlarni reallikka umuman solishtirib bo‘lmaydi.

Klinikaning 42 ta filiali bor ekan. Xo‘sh, bu filiallarning barchasiga aytilgan dori vositalari, masalan, jyenshenni Xitoydan yetkazib berish uchun har kuni kamida 6 ta samolyot tinmay O‘zbekistonga uchishi kerak emasmi? Nega bu ishlar shu paytgacha vazirlik yoki bojxonachilar tomonidan nazorat qilinmadi?

Bundan tashqari, mayli, bu klinikada boshqaruvchilar xitoyliklar ekan, lekin ishchilar o‘zbeklar-ku! Nega ular xalqini aldashdi? Nega ular o‘z xalqiga xiyonat qilishdi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardagi bo‘sh dori qutilariga e’tibor bergan bo‘lsangiz, ularning aksariyatiga “aspirin” va “indamitatsin” deya yozilgan. Bu dorilar shunchaki og‘riqni qoldirish uchun. Odamlar ana shu dorilarni ichgan va og‘rig‘im qoldi, deya yuravergan.

Axir o‘sha dori qutilarini kim bo‘shatgan? Kim dori tayyorlagan? O‘zimiznikilar emasmi?

Nega davlat va deputatlar buni nazoratga olmadi?

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Top