19:48 / 29.04.2022
79403

Asaka tumanida noma’lum maxluq yuzdan ortiq qo‘yni bo‘g‘izlab ketdi. Odamlarga ham hujum qilgan

Asaka tumanidagi Namuna-Bo‘ston, Elash Qipchoq, Do‘rmon va boshqa mahallalardagi xonadonlarda ikki oydan beri tinchlik yo‘q. Yarim tunda noma’lum hayvon tomonidan qo‘ylar, o‘rdaklar, quyonlar bo‘g‘izlab ketilmoqda. Bir necha marotaba odamlarga ham tashlangan.

Yarim kechasi ovga chiqayotgan bu maxluq xalq orasida yaxshigina sarosimaga sabab bo‘lgan. Ayrimlar kechalari tashqariga chiqishga ham qo‘rqib qolishgan.

Ushbu maxluq xonadonlardagi uy hayvonlarini bo‘g‘izlab, chiqib ketmoqda. Bu bo‘ri, chiyabo‘ri yoki quturgan it ekanligi ham ma’lum emas. Aholi orasida esa turli mish-mishlar oralashda davom etmoqda.

“Daladan qaytayotgan to‘rt nafar ayolga ham hujum qilgan. Baqirganlarini eshitib yaqin oradagi odamlar yetib kelishgan. Ovozi juda ham g‘alati. Juda ham xunuk narsa. Tumshuqlari uzun. Yo bo‘ri yoki it emas” – deydi “Namuna-Bo‘ston” MFY faoli Tilavoldi Boltaboyev.

Bu maxluq kirgan xonadonlaridagi qo‘ylarni faqat bo‘g‘izlab chiqib ketgan, xolos. Faqat bir xonadondan bir dona qo‘y yo‘qolgan.

“Tungi soat 3 larda qo‘ylarimizni yeb ketgan. Bu maxluqning nima ekanligini bilmaymiz. 7 ta qo‘yim bor edi. 6 tasini bo‘g‘izlab ketgan. Bittasini o‘zi bilan olib chiqib ketgan. Ertasi kuni esa quyonlarimizni ham bo‘g‘izlab ketgan”, – deydi Dilbarxon Husanova.

Bundan tashqari odamlarga dalada va ba’zan ko‘rinib qolganda uylarida ham xujum qilgan. Uni ko‘rganlar bo‘ri yoki it emasligini ta’kidlashmoqda.

“Iftorlikka ko‘kat terib olay deb chiqsam, bir narsa xovli tomondan yugurib keldi. Qanaqa qilib qochib kirib ketganimni bilmayman. Shundan beri tashqariga ham chiqqani qo‘rqyapmiz”, – deya ta’kidladi Hanifaxon Eshonova.

Tashqariga chiqishga ham qo‘rqib qolgan mahalla ahli, qo‘yxonalari atrofini panjara bilan o‘rash bilan birga ayrimlar xonadonlar devorlariga tikanli sim tortishga ham majbur bo‘lishmoqda.

Bunday voqea oldinlari bo‘lmaganligi va so‘nggi ikki oyda 20 dan ortiq xonadondagi 100 ga yaqin qo‘ylarni bo‘g‘izlab ketilganligi aytildi.

Ayrim xonadonlarga bir necha marotaba kirgan maxluq qo‘y, quyon va o‘rdaklarni ham bo‘g‘izlab ketgan.

Qilingan murojaatlar samarasiz bo‘lib, ajratilgan ovchi tomonidan ham qilingan harakatlar zoye ketgan.

O‘ylaymizki mutasaddilar ushbu masalaga jiddiy yondashishadi. Bu maxluq birorta odamni nobud qilmasdan turib ushlanadi. Aholi orasidagi sarosimalar bosiladi.

Abduvali Qurbonov Kun.uz muxbiri.

Montaj ustasi Azizbek Ismoilov

Top