08:12 / 30.04.2022
5519

Geologiya universiteti rektori o‘zgardi

Foto: Shutterstock

Geologiya fanlari universitetida rektor o‘zgardi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Hukumatning 2022 yil 29 apreldagi 224-son qarori bilan Maqsud Isoqov Geologiya fanlari universitetining rektori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Maqsud Isoqov bungacha ilmiy ishlar, innovatsiyalar va moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor lavozimida faoliyat yuritgan.

Shu paytgacha Geologiya fanlari universitetining rektori lavozimida Bobur Islomov ishlab kelayotgandi.

2020 yil  8 iyun kuni O‘zbekiston prezidentining qaroriga asosan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti tashkil qilingandi.

Unga ko‘ra, universitet Davlat geologiya qo‘mitasi tizimiga qarashli bo‘lib, tog‘-kon sanoati korxonalari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun geologiya yo‘nalishidagi malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish bo‘yicha respublikaning ixtisoslashgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Universitetda talabalar O‘zbekiston davlat ta’lim standartlari asosida geologiya va konchilik yo‘nalishidagi yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, Sankt-Peterburg konchilik universitetining qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha, ular bilan erishiladigan kelishuvlarga muvofiq o‘qitiladi.

Mavzuga oid
Top