18:07 / 30.04.2022
23441

O‘zbekiston Hayit arafasida Afg‘onistonga 4 ming tonnalik gumanitar yordam yubordi

Bugun, 30 aprel kuni Afg‘onistonning Hayraton shahrida O‘zbekiston xalqi nomidan birodar afg‘on xalqiga insonparvarlik yuklarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Umumiy og‘irligi 4000 tonnadan ziyod bo‘lgan ushbu insonparvarlik yordami Afg‘onistonga muqaddas Iyd al-Fitr bayrami arafasida yetkazib berildi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, insonparvarlik yuklari bug‘doy, un, guruch, qandolat va konserva mahsulotlari, kiyim-kechak, zarur tovarlar, shuningdek, 100 ming doza koronavirusga qarshi vaksina hamda uni aniqlash uchun tegishli testlar o‘rin olgan.

O‘zA mahsulotlar hajmi haqida ma’lumot berdi:

  • 16 ta vagonda 1000 tonna un;
  • 5 ta vagonda guruch;
  • 1 ta vagonda 12 000 dona ikra;
  • 1 ta vagonda 9679 quti shokolad, pechene;
  • 1 ta vagonda 16 156 banka murabbo;
  • 1 ta vagonda 70 000 qadoqda dori-darmon;
  • 1 ta vagonda 100 000 dona vaksina, 100 000 dona kovid-test;
  • 20 000 dona kiyim-kechak, 10 tonna yog‘;
  • 2 ta vagonda 6600 quti lapsha mahsuloti;
  • 1 ta vagonda 103 716 dona dori-darmon;
  • 29 ta vagonda 2000 tonna bug‘doy.
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

TIV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, marosimda Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohid so‘zga chiqib, butun afg‘on xalqi nomidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga hozirgi og‘ir va sinovli davrda afg‘on eliga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor, qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun minnatdorlik bildirgan.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Aynan O‘zbekiston rahbari ko‘pmillatli Afg‘oniston xalqiga chinakam birodarlik munosabatini butun dunyoga yana bir bor ko‘rsatish barobarida bu g‘amxo‘rlik jahon hamjamiyati uchun yaqqol namuna bo‘la olishi alohida qayd etilgan.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

“Bu muhtaram O‘zbekiston Prezidentining bugun o‘z kelajagini haqiqatda yangidan bunyod etayotgan afg‘on xalqiga nisbatan siyosatining do‘stona va chinakam birodarlik mohiyatini namoyon etadi, – degan Zabihulla Mujohid.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Balx viloyati gubernatori Qudratillo Abu Hamza mazkur insonparvarlik yordami o‘z vaqtida va beqiyos ahamiyatga ega ekanini, mamlakat aholisi bu ko‘makka alohida ehtiyoj sezganini aytgan.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

“O‘zbekiston Prezidentining ushbu ko‘magi, tom ma’noda, minglab yurtdoshlarimiz hayotini saqlab qolishga, ularda ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qiladi. Menimcha, hech bir xorijiy davlat rahbari Afg‘oniston uchun hurmatli Shavkat Mirziyoyevdan ko‘ra ko‘proq ish qilmayapti. O‘z navbatida, biz o‘zbek-afg‘on chegarasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishlarni qilamiz”, – dedi Balx viloyati gubernatori.

Top