19:05 / 30.04.2022
14078

O‘zbekistondagi 3 million o‘quvchida malakali ustozdan dars olish imkoni yo‘qligi aytildi

O‘zbekiston maktablarida faoliyat yuritayotgan 504 ming nafar o‘qituvchidan 56 foizining salohiyati talab darajasida emas, deya ma’lum qildi xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov. 3-4 yil ichida maktablardagi barcha o‘qituvchilar yangi metodika asosida qayta tayyorlashdan o‘tkaziladi. “Endi o‘qituvchilardan doimiy o‘z ustlarida ishlash, bilim va malakalarini oshirish talab etiladi”, dedi vazir.

B.Saidov Andijonning Baliqchi tumanida. 29 aprel / Foto: XTV matbuot xizmati

O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov Telegram'dagi kanalida malakali o‘qituvchilar yetishmovchiligi muammosi haqida yozdi.

“Maktabda ta’lim sifati eng avvalo shu maktabda ishlayotgan o‘qituvchilar sifati va saviyasiga bog‘liq. Zero, ta’lim sifati – o‘qituvchi sifatidan yuqori bo‘la olmaydi.

Bugungi kunda respublika maktablarida 504 ming nafar o‘qituvchilarimiz faoliyat yuritadi Ularning 280 ming nafardan ortig‘i, ya’ni 56 foiz o‘qituvchilarimizning salohiyati talab darajasida emas. Bu degani deyarli 3 mlnga yaqin o‘quvchi-bolalarda yuqori malakali o‘qituvchidan ta’lim olish imkoniyati mavjud emas”, – dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktablarda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning sifat tarkibini yaxshilash va ularning doimiy malakasini oshirish, ular uchun uzluksiz metodik yordam ko‘rsatish tizimini joriy etish bo‘yicha vazifalarni belgilab olgan.

Bu vazifani bajarishda vazirlik huzuridagi A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot institutiga katta ishonch va mas’uliyat yuklangan. Institut va hududlardagi 14 ta markaz bu yo‘nalishdagi asosiy bo‘g‘in etib belgilangan.

“Xabaringiz bo‘lsa kerak, 2022 yildan boshlab, o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimi uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimiga transformatsiya bo‘ldi. Endi o‘qituvchilardan doimiy o‘z ustlarida ishlash, bilim va malakalarini oshirish talab etiladi.

Shu bilan birga, o‘qituvchi o‘ziga qulay shaklda (onlayn yoki an’anaviy), istagan va qulay vaqtda (yil davomida yoki yiliga 1 xafta) va xohlagan joyda (platformada, markazda, nodavlat tashkilotda yoki OTMda) malaka oshirishi imkoniyati ham yaratildi.

Endi o‘qituvchi maxsus platforma orqali o‘z bilimlarini diagnostika qiladi hamda aniqlangan bilimdagi bo‘shliqlar asosida malaka oshiradi.

Har bir o‘qituvchining kasbiy rivojlanish dinamikasi platforma orqali doimiy monitoring qilib boriladi.

Bir so‘z bilan aytganda o‘qituvchilarni uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mexanizmi va infrastrukturasi shakllantirildi. Masala faqat malaka oshirish hamda metodik yordam ko‘rsatishning mazmuni, ya’ni kontentida qoldi.

Aynan shu masalada xalqaro tashkilotlar va donorlar bilan hamkorlikni kuchaytirishimiz zarur, deb hisoblaymiz”, – degan Saidov.

Ma’lumot uchun, 2022 yildan maktab o‘qituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash bo‘yicha umummilliy loyiha boshlanmoqda.

Yangi tizim doirasida kelgusi 3-4 yilda maktablardagi barcha sinf o‘qituvchilari yangi metodika asosida o‘qitiladi. Buning uchun:

  • Avloniy instituti Milliy ta’lim markazi sifatida qayta tashkil etiladi va Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan yagona tizimga aylantiriladi;
  • 1 iyunga qadar har bir hududdagi Malaka oshirish markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy ta’lim markazlari tashkil etiladi;
  • ushbu markazlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya, IT kabi aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha xorijdan eng malakali mutaxassislar jalb qilinadi;
  • xorijiy mutaxassislar yordamida oliygoh, milliy ta’lim markazlari va mobil guruhlarning muallimlaridan iborat har bir viloyat kesimida «trenerlar guruhlari» shakllantiriladi;
  • mazkur trenerlar esa joylarda maktab o‘qituvchilarining bevosita malakasini oshirib boradi. Ularning oylik ish haqiga 100 foizgacha ustamalar to‘lanadi.

Malakali o‘qituvchilarni rag‘batlantirish uchun yangi ustama joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, yangi o‘quv yilidan boshlab, maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalaridan dars berayotgan o‘qituvchilarda xalqaro sertifikat olgan holda maoshlarini oshirib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. O‘tgan yili bunday ustamalar xalqaro sertifikatga ega chet tili o‘qituvchilari uchun joriy etilgandi.

Pedagoglar tayyorlash sifatini oshirish uchun Toshkent davlat pedagogika universiteti Xalq ta’limi vazirligi tarkibiga o‘tkaziladi. Hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagogika oliygohlari bosqichma-bosqich universitetlar tarkibidan alohida ajratib chiqariladi va mustaqil ta’lim dargohiga aylantiriladi.

Mavzuga oid
Top