14:00 / 01.05.2022
13924

SSV: Tibbiyot oliy o‘quv yurti talabalari va malakali shifokorlarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan O‘zbekistondagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun «Sog‘liqni saqlash vaziri stipendiyasi» ta’sis etildi.

SSV matbuot xizmati xabar berishicha, mazkur stipendiya bakalavriat va magistratura bosqichida tahsil olayotgan yoshlarga berilishi ko‘zda tutilgan.

U har bir tibbiyot oliy ta’lim muassasasining 5 nafargacha nomzodiga bir yil mobaynida ajratiladi.

Ushbu stipendiyaga nomzodlarni saralash tartibi va shartlari tanlov o‘tkazilishidan kamida 1 oy oldin matbuotda e’lon qilinadi.

Nomzodlar tomonidan arizalar mavjud 11 ta tibbiyot oliy o‘quv yurtining «Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi»ga taqdim etiladi.

Hujjatlar navbatdagi bosqichda vazirlikning Fan va ta’lim boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqilgach, vazir buyrug‘i asosida beriladi.

Stipendiya miqdori Ibn Sino nomidagi davlat stipendiyasi miqdoriga tenglashtirilgan.

Shuningdek, davlat tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlarini rag‘batlantirish tizimi ham yo‘lga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, mazkur tizim xalqaro reytinglarda tibbiyot yo‘nalishida birinchi 200 talikka kirgan oliy o‘quv yurtlarining klinik ordinatura (rezidentura), magistratura mutaxassisligini tamomlagan va falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan tibbiyot xodimlariga tatbiq etiladi.

Nomzodlar tomonidan arizalar muassasaning kadrlar bo‘limiga topshiriladi.

Hujjatlar navbatdagi bosqichda vazirlikning Fan va ta’lim boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqilgach, vazir buyrug‘i orqali rag‘batlantiriladi.

Nomzodlarning lavozim maoshiga har oylik qo‘shimcha ustama vazir buyrug‘i chiqqan kundan boshlab bir yil davomida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining quyidagi baravarida belgilanadi:

  • klinik ordinatura (rezidentura), magistratura mutaxassisligini tamomlagan tibbiyot xodimiga – yetti baravari;
  • falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan tibbiyot xodimiga – o‘n besh baravari.

Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun vazirlikning (71) 239-13-72 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.

Top