11:19 / 02.05.2022
17873

Daniya va Shvetsiya TIV havo chegaralari buzilgani uchun Rossiya elchilarini chaqirtirdi

Rossiyaning Kopenhagen va Stokholmdagi elchilari Rossiyaga tegishli AN-30 razvedka samolyoti Daniya, keyin esa Shvetsiya havo hududiga kirganidan keyin tashqi siyosat idorasiga chaqirtirildi.

AN-30 razvedkachi samolyoti / Foto: Image

Daniya va Shvetsiya tashqi ishlar vazirliklari Rossiyaning AN-30 razvedkachi samolyoti mamlakatlar havo chegaralarini buzgani uchun Rossiyaning Kopenhagen va Stokholmdagi elchilarini chaqirtirdi, deb xabar qildi ularning rahbariyati 1 may, yakshanba kuni. 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya samolyoti juma kuni kechqurun Daniyaning Boltiq dengizidagi Bornholm oroli sharqida Daniya havo hududiga kirgan, keyin esa Shvetsiya havo hududiga o‘tgan. Daniya tashqi ishlar vaziri Yyeppe Kofod yakshanba kuni Twitter’da «Rossiyaning Daniya havo chegaralarini buzgani»ni aytib, «Rossiya elchisi ertaga Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi», deb yozdi. 

Kofod Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari va Moskvaning Daniya a’zosi bo‘lgan NATO bilan ziddiyati kuchayib borayotganini nazarda tutib, bu «hozirgi vaziyatda mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan va tashvishli holat» ekanini qo‘shimcha qildi. 

Daniya mudofaa qo‘mondonligi matbuot kotibi Henrik Mortensen AFP agentligiga hodisa haqida ma’lum qildi. «Bu juda qisqa vaqt davomida bizning havo hududimizda bo‘lgan razvedka samolyoti edi. Daniyaning ikkita F-16 samolyoti zudlik bilan vaziyatga aralashdi», dedi Mortensen va bunday hodisalar kamdan kam sodir bo‘lishini qo‘shimcha qildi. 

Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi ham Rossiya elchisi Stokholmga chaqirtirilganini ma’lum qildi. «Bunday holat bo‘yicha belgilangan tartib bor. Xususan, gap bunda ishtirok etgan mamlakat vakilini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirish haqida ketmoqda», — deyiladi uning bayonotida. 

Daniya NATO a’zosi hisoblanadi. Shvetsiyada esa mamlakatning bloksiz maqomidan voz kechish va Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishi kerakligi haqida bahs-munozaralar mavjud. 

Shvetsiya mudofaa vaziri Dagens Nyheter gazetasining savoliga javob qaytarib, qoidabuzarlik mamlakatning NATOga qo‘shilishi bo‘yicha davom etayotgan muhokamalarga aloqadorligi bo‘yicha hech qanday dalil yo‘qligini bildirdi. 

Rossiya NATOga a’zo bo‘lishni ko‘rib chiqayotgan Shvetsiya va Finlandiyaga bunday harakatning ikki tomonlama munosabatlar va Yevropadagi umumiy xavfsizlik uchun keltirib chiqaruvchi oqibatlarini ko‘rib chiqishi kerakligi haqida ishora qilgan. 

Mavzuga oid
Top