12:32 / 04.05.2022
14614

“NAESMI”ning nomi O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi deb o‘zgartirildi

18ta nodavlat telekanal, 19ta radiokanal va kabel televideniyesiga a’zo 100ta elektron OAVni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi o‘z nomini O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasi deb o‘zgartirdi. Sherzodxon Qudratxo‘ja raisligida faoliyat yuritayotgan NNTning boshqaruv kadrlari tayinlandi, 2022 yil uchun media-dasturi tasdiqlandi.

Foto: O‘zMMA

Bugun, 4 may kuni Toshkentdagi “Hilton” mehmonxonasida O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA, ruscha NAESMI)ning umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, yig‘ilishda assotsiatsiya faoliyatini isloh qilib, uning nomini O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi deb o‘zgartirishga qaror qilingan.

“O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasi sifatida maydonga chiqayotgan yangi tuzilma so‘z va ovoz ahli uchun yangi platforma sifatida vujudga keladi”, – deyiladi tashkilot axborotida.

Ta’kidlanishicha, bugun dunyo media olamida katta o‘zgarishlar yuz beryapti, sohada transformatsiya yuz beryapti, an’anaviy jurnalistikadan zamonaviy, kreativ, tezkor jurnalistikaga o‘tilmoqda. “Tabiiyki, bu murakkab sharoit O‘zbekiston mediasiga ham katta mas’uliyat yuklamoqda. Bu xalqimizga rost so‘zni sifatli, tahliliy kontent orqali yetkazish mas’uliyatidir”, – deyiladi rasmiy relizda.

Foto: O‘zMMA

Qayd etilishicha, O‘zEOAVMA respublikadagi nodavlat teleradiokanallar, kabel televideniyesi studiyalarini qamrab olgan eng yirik nodavlat-notijorat media tashkiloti hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zEOAVMA 18 ta nodavlat telekanal, 19 ta radiokanal, O‘zbekiston kabel televideniyesiga a’zo bo‘lgan 100 ta elektron OAV (shundan 52 tasi xorijiy kanallar)ni o‘z ichiga oladi.

Yig‘ilishda so‘z olgan assotsiatsiya boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxo‘janing so‘zlariga ko‘ra, yangi platforma o‘z safiga yana ko‘plab yangi a’zolarni qabul qiladi, media vakillarining muloqot qiladigan, o‘zaro fikr almashadigan, ta’bir joiz bo‘lsa, sinergiya maydoniga aylanadi.

“To‘g‘ri, yillar davomida muammolardan charchagan, yuragida gapi to‘planib qolgan odamlarning gapirib olishlari uchun maydon kerak edi. Va so‘nggi besh yilda nodavlat tele va radiokanallar, bosma matbuot, internet saytlari bu maydon vazifasini bajarib kelmoqda. Navbatdagi bosqich mediakontent tayyorlashda me’daga tega boshlagan ko‘ngilochar dasturlardan tahliliy, mushohada qilishga undaydigan ko‘rsatuvlarga o‘tishimiz, odamlarda ham shunga mehr uyg‘otishimiz kerak”, – deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Foto: O‘zMMA

Yig‘ilishda assotsiatsiya boshqaruvi raisining o‘rinbosari – bosh direktor lavozimiga siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Abrorjon Po‘latov tayinlandi.

Abdulaziz Abutalipov – assotsiatsiya bosh direktori birinchi o‘rinbosari, Ulug‘bek Ahmedov – bosh direktorning umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, Nigora Xo‘jayeva bosh direktorning ijodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egalladi.

O‘zMMAning 2022 yilga mo‘ljallangan “Birlashish nuqtasi – Renessans” nomli media-dasturi qabul qilindi. Dastur borasida assotsiatsiya bosh direktori Abrorjon Po‘latov o‘z fikrini bildirdi:

“Kelgusi uch oy mobaynida Renessans g‘oyasini yaratish uchun milliy manbani aniqlashtirib olishimiz, shu asosda kuchli media-rejaga ega bo‘lishimiz kerak. Biz shu uch oy ichida yangi kontent yaratish uchun moddiy manba yaratmoqchimiz. Ya’ni vazirliklar, idoralar bilan ikki tomonlama manfaatli kooperatsiyani yo‘lga qo‘yamiz. Bundan tashqari, o‘zimiz ham homiylarni topamiz. Bizning birlashuv nuqtamiz Renessans g‘oyasi va kontentini yaratish bo‘lishi lozim.

Shu bilan birga, biz hamkorlik formatimizni aholiga rasmiy va to‘g‘ri ma’lumotni beradigan matbuot xizmatlari bilan xalqning o‘rtasidagi ko‘prik sifatida ham belgilab olishimiz kerak”.

Yig‘ilishda “Dasturxon – TV” va “Biz – TV” onlayn telekanallari hamda “Siyosat” jurnali assotsiatsiya a’zoligiga qabul qilindi.

Top