08:34 / 04.05.2022
6176

Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi turistik obektlar uchun yangi qoidalar tasdiqlandi

Foto: Kun.uz

Prezident “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Turizm va madaniy meros vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Xususiy turizm tashkilotlari uyushmasi hamda O‘zbekiston restoratorlari va otelerlari uyushmasining turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi tungi vaqtda (soat 18:00 dan 06:00 ga qadar) amal qiladigan mexanizmlarni joriy qilish va rivojlantirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi:

  • maxsus tashkil etiladigan “turizm ko‘chalari”da joylashgan umumiy ovqatlanish korxonalari, ko‘ngilochar va savdo obektlari, madaniyat tashkilotlari (turizm namoyishi obektlari) faoliyatini jamoat xavfsizligi va aholi osoyishtaligini ta’minlagan holda to‘sqinliksiz amalga oshirish;
  • turizm namoyishi obektlarining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun zarur infratuzilma va muhandislik-kommunikatsiyalar tizimini yanada yaxshilash;
  • madaniy-ko‘ngilochar va konsert tomosha tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratish;
  • maxsus avtobuslar (shuttle-bus) qatnovini yo‘lga qo‘yish;
  • turizm namoyishi obektlarining faoliyat olib borishiga ruxsat berishning yagona tartibini joriy qilish va turizm namoyishi obektlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) tungi vaqtda faoliyat olib boruvchi turizm namoyishi obektlarining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun davlat tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:

faoliyat yuritayotgan turizm namoyishi obektlari atrofi uzluksiz yoritilishi ta’minlanadi, shu jumladan, mazkur hududlar energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan jihozlanadi;

turizm namoyishi obektlari “Xavfsiz shahar” konsepsiyasiga integratsiya qilinadi;

“turizm ko‘chalari”da jamoat xavfsizligi normalari va talablari doirasida “xavfsizlik chaqiruv tugmalari” o‘rnatiladi hamda “Wi-Fi” zonalari tashkil etiladi;

b) tungi vaqtda faoliyat olib borayotgan turizm namoyishi obektlariga:

  • obektlarning ichki qismi, xizmat ko‘rsatish xonalari, kirish va chiqish, shu jumladan, favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish joylarida ma’lumotlarni kamida o‘ttiz kun davomida saqlash imkonini beruvchi videokuzatuv tizimini o‘rnatish va “Xavfsiz shahar” konsepsiyasiga integratsiya qilish;
  • binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va ularga tegishli boshqa hududlarni kamida 10 metr masofada yoritish;
  • obektlarni to‘liq tovush o‘tkazmaydigan tarzda jihozlash. Bunda, tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asbob-uskunalaridan aholining tinchligini buzmagan holda foydalaniladi;
  • obektlarni yong‘in o‘chirish vositalari, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar to‘plamiga ega tibbiy yordam qutichalari bilan ta’minlash;
  • binoning barcha uchun ko‘rinarli joylarida yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari aks ettirilgan ma’lumotlarni aks ettirish talabi belgilanadi.

Davlat organlariga belgilangan tartibda tungi vaqtda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga asossiz aralashish, ular faoliyatiga byurokratik to‘siqlar qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday harakatlar taqiqlandi.

Turizm va madaniy meros vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda zaruratga qarab, har bir hududda prezidentning 2022 yil 27 yanvardagi PQ-104-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus xizmat ko‘rsatish ko‘chalariga aylantiriladigan markaziy ko‘chalar ro‘yxatida keltirilgan ayrim ko‘chalarda maxsus “turizm ko‘chalari”ni tashkil etadi va ushbu ko‘chalarda tungi vaqtda turizm namoyishi obektlarining faoliyat olib borishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid
Top