07:42 / 05.05.2022
38210

«Azovstal»da: ukrain harbiylari bir muddat «yo‘qolib qoldi», Shoygu hudud bloklanganini aytdi

Ukrainada urush hamon davom etmoqda. Uzoq vaqt urushning eng qaynoq nuqtasi bo‘lib kelgan Mariupoldagi «Azovstal» zavodi yana o‘t ichida qoldi. Rossiya navbatdagi marta Mariupolni to‘liq egallaganini, to‘g‘rirog‘i «ozod etilgani»ni e’lon qildi.

Foto: RIA Novosti

Putin «pashsha ham uchib o‘tmasligini» buyurgandi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 aprel kuni Sergey Shoygu bilan Kremlda uchrashgan va «Azovstal» zavodi hududida harbiy harakatlarni to‘xtatishga buyruq bergandi. «Yerto‘lalarda emaklash shart emas. Hududni bloklang, shunday qilingki, pashsha ham uchib o‘tolmasin», degandi Putin.

Putin harbiy harakatlarni to‘xtatishga buyruq bergan bo‘lsa-da, zavod hududida bir necha marta otishma sodir bo‘ldi, zavoddan portlash alomati bo‘lgan qora tutun chiqdi. Rossiya tomoni «Azovstal» hududida bir necha marta gumanitar koridor uchun o‘t ochish rejimi to‘xtatilganini e’lon qilganining o‘zi harbiy harakatlar to‘xtatilmaganidan dalolat edi.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 4 may kuni chiqish qilib, Mariupol to‘liq Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tganini navbatdagi marta ma’lum qildi. «DXR va LXRning millatchilardan ozod qilingan joylarida, xususan, Mariupolda ham odamlar tinch hayot tarziga qaytdi. Hudud Rossiya armiyasi nazoratida», dedi Shoygu. Uning aytishicha, «Azovstal» zavodi hududida qolayotgan ukrain harbiylariga qurolni tashlab, taslim bo‘lish yana bir bor taklif etilgan, ammo ular taklifni rad etgan.

Shoygu Putinning topshirig‘iga binoan «Azovstal» zavodi to‘liq bloklangani, Ukraina armiyasiga yordam berish uchun mamlakat hududiga kirgan har qanday NATO transporti yo‘q qilinishini aytdi.

Zavod hududi bloklangan bo‘lsa ham, u yerdan tinch aholi vakillarini olib chiqish davom ettiriladi. Rossiya tomonining ma’lum qilishicha, 5, 6 va 7 may kunlari soat 08:00 dan 18:00 gacha «Azovstal»dan tinch aholi vakillari evakuatsiya qilinishiga imkon beriladi.

Ukraina tomoni ma’lumoti

Ukraina tomonining axborotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi askarlari «Azovstal» hududiga kirgan. Ikki tomon muzokaralaridagi Ukraina tomoni yetakchisi David Araxamiya ham bu ma’lumotni tasdiqladi. Kunning birinchi yarmida zavod hududida qolayotgan ukrainalik harbiylar bilan aloqa uzilib qoldi. Bu haqda Mariupol meri Vadim Boychenko ma’lum qildi. Bir necha soat o‘tib esa harbiylar yana aloqaga chiqqan. Ukraina tomonining ma’lum qilishicha, oxirgi ikki kunda «Azovstal»ga shturm yana davom ettirilgan. Hozirda zavod yerto‘lalarida 200 dan ortiq tinch aholi vakillari bo‘lib turibdi.

Ukrainalik harbiylarning ma’lumot berishicha, rossiyalik askarlar «Azovstal» zavodini egallash uchun navbatdagi marta shturmni boshlagan vaqtda tanklar va piyoda askarlar bilan harakat qilgan. Ular Rossiya tomonini evakuatsiya jarayoniga xalaqit berishda ayblagan. Ukraina harbiylariga ko‘ra, zavod yerto‘lasida joylashgan gospital bombardimon qilingach, u yerda qolayotgan odamlar qiyin holatda qolgan. Tibbiyot vositalari yetishmovchiligi ham kuzatilmoqda. Ukraina harbiylariga ko‘ra, zavod hududida 500 nafarga yaqin harbiylar turli darajada yaralangan. Ularni operatsiya qilish uchun esa hech qanday sharoit yo‘q. Rossiya armiyasi ukrain harbiylariga taslim bo‘lib, qurollarni topshirgan taqdirdagina kerakli tibbiy yordam ko‘rsatishini ma’lum qilgan.

Oziq-ovqat va suv bilan bog‘liq muammo zavod hududida anchadan buyon davom etmoqda. Ukraina armiyasi Rossiya tomoni to‘liq nazorat qilayotganini aytgan bo‘lsa-da, Mariupolning kamida 30 foiz qismini nazorat qilishda davom etayotganini ta’kidlagan.

Mariupol yangiliklarini berib borayotgan ukrain tilidagi Telegram-kanallarda 3 may kuni «Azovstal» zavodi hududida harbiy harakatlar sodir bo‘lgani aks etgan videolar tarqaldi. Ularda zavod atrofida Rossiya armiyasi tanklari harakatlanayotganini ham ko‘rish mumkin.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top