13:20 / 05.05.2022
36758

Fashizm, natsizm, natsionalizm va patriotizm: ularning umumiy va farqli jihatlari

Xotira va qadrlash kuni yaqinlashmoqda. Yana «fashizm» va «natsizm» so‘zlari iste’molga qaytadigan kunlar. Yaqin-yaqingacha bu so‘zlarni ko‘pchilik Ikkinchi jahon urushi davrgagina xos, deb bilardi. Yoki Rossiyada ishlaganlar hozir deyarli unutilayozgan «skinhed»larga mengzashardi.

So‘nggi oylarda bu so‘zlar Ukrainadagi urush tufayli yana keng iste’molga qaytdi. Rossiya hukumati 24 fevral kuni Ukrainaga bostirib kirishdan avval bu mamlakatni hokimiyat tepasiga kelgan «natsistlardan tozalash va qurolsizlantirish» (denatsifikatsiya va demilitarizatsiya)ni maqsad qilganini bayon etgan edi.

Ukraina ultrao‘ng natsionalistlari. liveinternet.ru

Ukrainlar ham rus qo‘shinlari tuproqlariga bostirib kirgach, ularni «fashistlar», deb atay boshlashdi. Ruslar ham ularni shunday ayblashmoqda. Xullas, go‘yoki har ikki tomonda «fashistlar» ham, «natsistlar» ham bordek. Ko‘pchilik bu so‘zlarning mohiyatiga e’tibor bermasdan bot-bot ishlatmoqda.

Taniqli rus blogeri Ilya Varlamov fashizm va natsizm iboralarining farqiga aniqlik kirituvchi video tayyorladi. Bu qo‘rqinchli so‘zlarning farqini bilish ko‘pchilik uchun foydali bo‘lishini anglagan holda, uni e’tiboringizga tarjima qilib taqdim etamiz.

Fashizm nima?

Bu so‘zning ma’nosini bilish uchun Vikipediyaga murojaat qilamiz.

Bu ta’rifdan biror narsani anglab olish qiyin. Umuman olganda, «fashizm» so‘zi italyancha «fascio» (fashio) — «ittifoq» so‘zidan kelib chiqqan. U esa qadimiy lotincha «fasci» — «bog‘lam» so‘ziga borib taqaladi. Qadimgi Rimda bog‘lam hokimiyat ramzi sanalgan. U jips qilib bog‘langan novdalar shaklida bo‘lgan. O‘z-o‘zidan, «fashizm» qandaydir birlik va jamoaviylik bilan bog‘liqligi yuzaga chiqadi.

Fashizmning asosiy g‘oyaviy rahnamosi — fashistlar Italiyasini 1922 yildan 1943 yilgacha boshqargan Benito Mussolini bo‘lgan. U «XIX asr individualistlar asri bo‘lgan, XX asr esa kollektiv va davlat asri bo‘ladi», degan edi. Kelib chiqadiki, fashizmda davlat individdan ustun bo‘ladi, kollektiv esa shaxsdan muhimroq. Aynan hayotning ko‘plab jabhalarida davlatning tartibga soluvchi roli fashizmning bosh farqli jihati, deyishadi: o‘sha qadimgi Rim novdalaridek hamma bir xilda, bir-biriga o‘xshash bo‘lmog‘i kerak.

Dmitriy Xaustov, falsafa tarixchisi.

«O‘zining fashizm haqidagi mashhur essesida taniqli italyan yozuvchisi va olimi Umerto Eko fashizm o‘ziga juda ko‘p narsani qamrab olishini yozgan. Ayniqsa, Mussolini fashizmi. Uning fashizmi mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha tushuncha va mafkuralarning omixtasi bo‘lgan.

Fashizm tarkibida millatchilik (natsionalizm) albatta bo‘ladi. Italyan fashizmining tarkibiy qismida natsionalizmdan tashqari muhim qo‘shimchasi etatizm (davlatning jamiyat hayotidagi har bir narsaga aralashish huquqi) bo‘lgan. Italyan fashizmi davlat haqidagi absolyut ta’limot bo‘lgan.

Italiya fashistik diktatori Benito Mussolini. interesnefakty.org

O‘z fikrlarini yorqin bildira olish qobiliyatiga ega bo‘lgan Mussolini fashizmni juda oddiy shaklda ifoda etgan: «Davlatdan boshqa hech narsa», «davlatdan tashqari hech narsa», «davlatga qarshi hech narsa», — deydi falsafa tarixchisi Dmitriy Xaustov.

«Bu mafkura umuman olganda individualizmga zidlikni nazarda tutadi. Alohida individlar hayotini o‘rtaga tikib bo‘lsa ham guruh, jamiyat, partiya yoki davlatni saqlab qolish to‘g‘risidagi g‘oya. Fascio so‘zi ham alohida shaxs bo‘lib qolish emas, qandaydir fashistik harakat ishtirokchisi bo‘lish uchun bir musht, bir bog‘lam, bir zanjirga birlashishni anglatadi», — deydi Ozod universiteti o‘qituvchisi, faylasuf Kirill Martinov.

Kirill Martinov, faylasuf. Foto: RANXiGS

Fashizm vatani aynan Italiya bo‘lgan. Lekin bugunga kelib ko‘pchilik uchun fashizm tushunchasi Mussolini partiyasi bilan chegaralanmay qoldi. Fashizmning maishiy tushunchasi ilmiy tushunchadan keskin farq qiladi.

«Fashizmning maishiy tushunchasi ilmiysidan ko‘p jihatdan farq qiladi. Bu borada Mussolinining tarafdorlari ilk qaldirg‘ochlar bo‘lgan, ko‘plar ularga taassub qilgan. Aynan italyancha shu termin yig‘indi so‘zga aylangan, go‘yoki bugungi kunda barcha nusxa ko‘chirish apparatlari kseroks deb atalayotgani kabi, davlatga topinish atrofida qurilgan barcha ultrao‘ng mafkuralar fashizm deb atala boshlangan. Hitler va uning Ikkinchi jahon urushida qilgan qabohatlari aksariyat odamlarga yoqmagani sababli, yoqtirmaydigan odamlarimizni fashist deb atay boshlaganmiz. Maishiy tushuncha shundan iborat. Zamonaviy Rossiya propagandasi misolida bu juda yaqqol namoyon bo‘ladi. Godvin qonuniyati bor. Unga ko‘ra tortishuv avj olgani sayin opponentni Hitler va natsizmga taqqoslash ehtimoli birga yaqinlasha boradi», — deya tushuntiradi Kirill Martinov.

Bu yerda bir istehzoli nuqta bor. Fashizm o‘ta shafqatsiz mafkura hisoblanadi. Biroq fashizmning o‘zida tayinli mafkura yo‘q. Diktatura, tartib-intizom, davlatga sajda qilish, millatga sadoqat — bu g‘oyalarning barchasi ko‘plab totalitar ta’limlarga ham xos. Fashizmning alohida ajratib ko‘rsatsa bo‘ladigan xususiyati yo‘q.

«Fashizm o‘zining mafkuraviy tuzilmasiga ko‘ra ancha bo‘sh. O‘sha vaqtda yetuk italyan faylasuflari tomonidan yozib berilgan Mussolinining asosiy asariga e’tibor qilsangiz, u dohiylik, davlat kulti, etatizm, urushni juda madh etishdan iborat ekanini ko‘rish mumkin. Lekin bu ancha bo‘sh mafkuraviy tushuncha. Fashizm uchun qandaydir dushman va raqib bo‘lishi juda muhim: o‘sha paytdagi Britaniya kabi tashqi yoki beshinchi kolonna kabi ichki dushmanlar. «Biz birlashishimiz, ular kabi bo‘lmasligimiz kerak, biz qandaydir buyuk harbiy-siyosiy davlat g‘oyasi uchun o‘z farovonligimizdan voz kechishga tayyor bo‘lishimiz kerak», qabilida yashashgan», — deydi Martinov.

Italiya fashizmni dunyoga keltirdi, yomon namuna esa yuqumli bo‘lib chiqdi. XX asrda fashistik rejimlar hattoki Mussolini rejimi yakson qilinganidan so‘ng ham boshqa davlatlarda bo‘y ko‘rsata boshladi. Masalan, Ispaniyadagi Fransisko Franko, Portugaliyadagi Antoniu Salazar diktaturalari, Yunonistondagi «qora polkovniklar» rejimi fashistik deb ataladi. Shuningdek, fashistik rejim Argentinada bo‘lgan, ba’zan Chili diktatori Augusto Pinochet rejimi ham shunaqa deb ataladi.

Pyongyang shahrida Chuchhe mafkurasiga o‘rnatilgan yodgorlik. steamcommunity.com

Ultrao‘ng rejimlarni fashistlar bilan taqqoslashni yaxshi ko‘rishadi: davlat marksizmi, stalinizmi, xitoycha maoizm va KXDRning chuchhe mafkurasi kabilar. Bu yerda istehzolisi shuki, fashizm nihoyatda o‘ng mafkura hisoblanadi va u g‘oyaviy jihatdan o‘ta so‘l rejimlardan boshqa qutbda bo‘lishi kerakdek. Lekin nimagadir ular juda o‘xshash bo‘lib chiqishdi.

«Radikal so‘l mafkuralar fashizmga yaqinmi, degan savolga javob berish yetarli darajada murakkab. Gap insonlarga katta ziyon yetkazgan, har biri alohida dahshatli fojia hisoblanuvchi stalinizm, maoizm, chuchhening yonini olishda emas, biroq ilmiy adabiyotda bu rejimlarni fashizm bilan barobar deb hisoblasa bo‘ladimi yoki ular nimasidir bilan farq qiladimi, degan mazmunda juda katta munozara bor», — deydi Martinov.

Patriotizm nima?

Fashizmni ba’zan radikal vatanparvarlik (patriotizm) deb ham atashadi. Ularning umumiy jihatlari bor. Fashizm davlat va millatni birinchi o‘ringa qo‘yadi, patriotizm ham vatanga chuqur muhabbatni targ‘ib qiladi. Biroq vatanparvar bo‘lish uchun vatan va davlatni aralashtirib yubormaslik kerak. Birinchisini sevish, ikkinchisini tanqid qilish mumkin. Fashizmda esa davlatni tanqid qilish nazarda tutilmaydi. Chunki fashist uchun davlatdan muhim hech narsa yo‘q.

«Agar biz patriotizmni mamlakatda, jamiyatda yashayotgan insonlar haqida qayg‘urish deb olsak, bu insonlar baxtli va farovon yashashiga qaratilgan ishlar va siyosiy faollik bilan ifodalanadigan patriotizmning fashizmga hech qanday aloqasi yo‘q. Lekin ko‘pincha patriotik ritorika ostida kvazifashistik yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri fashistik shiorlar o‘rtaga tashlanadi.

Buni biz hozir Rossiya rasmiy ritorikasida ham kuzatmoqdamiz. Rossiya propagandasi talqinidagi patriotizmga ko‘ra, patriot — o‘z hukumatiga, prezidentiga qullarcha sodiq kishi, uning hech qanday shaxsiy fikri yo‘q, u hech qachon hukumatni hech narsada tanqid qilmaydi, u barcha jamg‘argan mablag‘lari, o‘z salomatligi, oila a’zolari jonini hukmdorning o‘zi o‘ylab topib, o‘z oldiga qo‘ygan patriotik vazifalarni hal qilishi uchun safarbar qiladi», — deydi Martinov.

Rossiyadagi patriotik marsh. kemerovo.bezformata.com

Asosiy farqni aniqlab oldik: patriotlar o‘z mamlakati ravnaq topishi va farovonligini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Shu sababli patriotik rejimda mamlakatda yashash qulay, xavfsiz va yoqimli. Fashistlar esa davlatni birlamchi deb bilishadi. Shu sababli fashistik rejimda qulay, xavfsiz, yoqimli hayot faqat hokimiyat tepasidagilarga nasib etadi. Shundayam hammaga emas.

«Tarixda yashash uchun qulay bo‘lgan fashistik davlatlar yo‘q. Chunki fashistik davlatning vazifasi — sizni imkon qadar qulaylikdan uzoqlashtirish. Fashistlarni qulaylik emas, tarix zarvaraqlariga o‘z nomini zarhal harflarda bitish uchun qandaydir qahramonona jasorat qiziqtiradi», — deydi Martinov.

Natsizm nima?

Fashizm bilan natsizmni ham ko‘p adashtirishadi. Ko‘pchilik insonlar natsizmda millat bilan bog‘liq «nats» o‘zagini osongina ko‘rsatishadi. Xo‘sh, natsizm haqida Vikipediya nima deydi?

Natsizmning bosh mafkurachisi, albatta, Adolf Hitler bo‘lgan. Uning asosiy g‘oyasi oriylar irqining boshqa irqlardan ustunligi va semit irqiga (ya’ni, yahudiylarga) qarshi kurashdan iborat bo‘lgan. Hitler nemislarni biologik jihatdan boshqalardan ustun bo‘lgan oriylar irqiga mansub, deb hisoblagan. Yahudiylar esa past irq hisoblanib, german xalqlari yonida yashashga nomunosib, deb topilgan.

Adolf Hitler. www.alamy.com

Natsistlar slavyanlarni ham past irqqa mansub ko‘rishgan. Buning fonida badaniga svastika chizib olib, qo‘lini zigi qilib uzatadigan, Adolf Hitlerni o‘z kumiri sanaydigan rus taqirboshlari kulgili ko‘rinadi.

Natsizm fashizmdan totalitarlikni, davlatning birlamchilik g‘oyasi, jangovarlikni olib, unga Hitlerning bir insonning tug‘ilishiga ko‘ra boshqalardan ustunligi, oriylar irqi nazariyasi haqidagi uydirmalarni qo‘shgan. Natsistlar oriylarni tug‘ilganidan boshlab boshqa xalqlar ustidan hukmronlik qiladigan hukmdorlar irqi hisoblagan.

Fanda Hitler hisoblaganidek, oriylar deganda ko‘zlari moviy, sochlari malla, yevropacha tashqi ko‘rinishga ega insonlar emas, hind-eron tillarida so‘zlashuvchilar tushuniladi. Ya’ni Pokiston, Afg‘oniston, Tojikiston aholisi, yoki masalan, natsistlar yahudiylar bilan bir qatorda qirgan lo‘lilar.

Pokistondagi kalash xalqi qizlari. www.frmtr.com

«Natsizm — eng radikal, XX asrda dahshatli iz qoldirgan natsional-sotsialistik Germaniyaning mafkurasiga ishora qiluvchi termindir. Natsional-sotsializm kelib chiqishi murakkab bo‘lgan mutant bo‘lib, u bir tomondan italyan fashizmi ruhiyatdan paydo bo‘lgan, bunga XX asrning birinchi yarmida Germaniyada mavjud bo‘lgan irqlarga oid nazariyalar ham qo‘shilgan. Shuningdek, natsional-sotsializmda natsist dohiylarning Germaniya bilan Birinchi jahon urushida sodir bo‘lgan voqealarga shaxsiy alami ham muhim iz qoldirgan», — deydi Martinov.

Nemischa natsizm yoki mafkurachilarning o‘z tili bilan aytganda natsional-sotsializm 1920 yilda natsional-sotsialistik nemis ishchi partiyasi — NSDAPga asos solinishiga sabab bo‘lgan. 1933 yilning yanvarida u Germaniyada hokimiyat tepasiga keladi. O‘sha yilning yozida u mamlakatdagi yagona qonuniy partiyaga aylanadi. Uning yetakchisi, albatta, Adolf Hitler bo‘lgan. U yarim yil ichida mamlakatdagi barcha boshqa partiyalarni taqiqlashga ulguradi.

NSDAP partiyasi belgisi. lalayhealth.men

Aynan NSDAP Holokost, Ikkinchi jahon urushi va natsistlar, to‘g‘rirog‘i, natsional-sotsialistlar tomonidan sodir etilgan minglab jinoyatlar uchun javobgar.

Partiya va g‘oya nomidagi sotsialistlar so‘zi sobiq SSSR davlatlarida hitlerchilarni natsistlar deyishdan ko‘ra fashistlar deb atalishini odatga aylantirgan. Chunki sovet sotsialistik respublikalari ittifoqi rahbariyati natsional-sotsialistlarni o‘z dushmanlari safida ko‘rishni istamagan. Chunki nomlarda chalg‘ituvchi o‘xshash so‘zlar ishtirok etmoqda. Shu sababli sovet propagandasi hitlerchilarni «nemis-fashist gazandalari» deb atashgan. Bu yerda xato yo‘q. Chunki natsizm fashizmning ko‘plab jihatlarini o‘zlashtirgan va fashistik mafkuraning bir varianti sifatida ko‘rilishi mumkin. Xullas, bugunga kelib natsistni fashistdan hamma ham ajrata olmaydi.

«Sovet ittifoqiga hujum qilgan natsistlar Germaniyasini olib qaraydigan bo‘lsangiz, ularga nisbatan har ikki so‘zdan foydalaniladi. Hattoki, fashistlar atamasidan ko‘proq. Garchi so‘z Germaniya haqida bormoqda, Italiya emas. O‘sha davrlar sovetlarning shoirona va maishiy tillarida ko‘proq fashist iborasidan foydalanilgan», — deydi Dmitriy Xaustov.

1945 yil. Natsistlar Germaniyasi shtandartlari Qizil maydonda. fotostrana.ru

«Har ikki iborada davlat, dohiy va urush kulti, demokratiya va individual erkinliklarni rad etish, parlamentarizm va inson huquqlari ustidan kulish bilan bog‘liq juda ko‘p umumiy jihatlar bor. Lekin bu holda natsional-sotsializmning farqli jihati — o‘rtaga tikilgan dov miqdorini keskin ko‘tarishga tayyor ekanida. Agar fashizm ko‘proq Italiya va uning mustamlakalarini qayta tuzishga qaratilgan milliy harakat bo‘lsa, natsional-sotsializm o‘zini reyxning natsist mafkurachilari tomonidan noraso irqlar deb belgilangan dushmanlarini qirishni maqsad qilgan global loyiha sifatida ko‘rilgan. Bu genezis va detallardagi yagona farq emas, lekin bu asosiy farq. Natsional-sotsialistlar – eng maksimal darajadagi fashistlar», — deydi Martinov.

Demak, natsizm ta’limoti ma’lum bir millat boshqalarga nisbatan zo‘rroq ekanini iddao qiladi va u noraso millat deb hisoblanuvchi millatlarni yo‘q qilishga intiladi. Lekin boshqa millatlarga nisbatan har qanday nafrat natsizm bo‘ladimi? Chunki ba’zan bunday nafrat biror mafkuraviy ta’limotlarga emas, muayyan bir davlatning xatti-harakatlariga asoslangan bo‘ladi.

Ya’ni biz Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Yevropada nemislarga, Osiyoda yaponlarga, hozir esa Ukrainada tushunarli sabablarga ko‘ra rossiyaliklarga munosabat qandayligini bilamiz.

«Agar urush natijasida ukrainaliklarning Rossiyani ko‘rarga ko‘zi bo‘lmasa, bu fashizm emas. Chunki urush natijasida Rossiya va rossiyaliklar Ukrainaga ulkan zarar yetkazishdi. Natsionalizmning bir turi bor — bunda qandaydir qudratli davlat o‘z qo‘shnisi ustiga bosqin qiladi, yana boshqa bir ko‘rinishdagi natsionalizm bor va u milliy-ozodlik harakati vositasida bo‘y ko‘rsatadi. Bunda qandaydir qudratli davlat sening kichikroq yurting ustiga yurish qiladi, sen o‘z vataningni himoya qilasan, bu urush — vatan himoyasi natijasida sening bosqinchilarga nisbatan nafrating yuzaga chiqadi. Masalan, 70 yil avvalgi voqealar tufayli ko‘plab kubaliklar hanuzgacha amerikaliklardan nafratlanadi. Menimcha, fashizm — bu fath etish urushi istagi, milliy-ozodlik kurashi emas», — deydi Martinov.

Rus telepropagandistlari. replyua.net

24 fevraldan buyon Rossiya telekanallari Ukrainani denatsifikatsiya qilish haqida bot-bot takrorlamoqda. Rossiya hokimiyati denatsifikatsiyani harbiy maqsadlardan biri sifatida belgilab olishdi. Ya’ni Ukrainada yo natsionalistlar, yo natsistlar hokimiyatni egallab olgan, deyilmoqda. «Ularning jinoyatkor to‘dalari shaharlar bo‘ylab kezib yurib, birodar ukrain xalqining azob tortishiga sabab bo‘lmoqda», deyilyapti. Hozir Rossiya propagandachilari fantaziyasi to‘g‘risida gaplashmaymiz. Biroq...

Haqiqiy denatsifikatsiya nima o‘zi?

Uni muayyan bir davlat ustidan o‘tkazish borasida qarorga qanday kelish mumkin?

«Rossiya hokimiyati denatsifikatsiya tushunchasini iste’molda qo‘llayotganining fanga zarracha aloqasi yo‘q. Bu yerda biz siyosiy tahlil, siyosiy nazariya maydonini tark etamiz. Bu holatda biz Rossiya davlat tuzilmalari tomonidan yaratilgan miflar va propagandistik shtamplarni aniqlashtirib olishimiz kerak bo‘ladi. Menga uzoq vaqt bu kontekstda denatsifikatsiya deyilganda nima nazarda tutilayotganini anglash juda qiyin bo‘ldi. Chunki men Ukrainada kim natsist ekanini ko‘p ham tushunmayman. To‘g‘ri, Ukrainada radikal o‘ng harakat bor, bunday harakatlar Yevropaning istalgan davlatida, hatto Rossiyada ham bor. Biroq ular Ukrainada biror muhim vaznga ega emas, Yevropadagi davlatlardan farqli o‘laroq. Bu Ukrainadagi prezidentlik va parlament saylovlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Denatsifikatsiya tushunchasi bir marta, 1945 yildan so‘ng qo‘llangan. O‘shanda gap Germaniyadagi yangi davlatda natsistlar Germaniyasi amaldorlari va partiya funksionerlari lyustratsiyadan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan. Ya’ni natsistlar partiyasining sobiq funksionerlari ozod Germaniyada biror bir lavozimni egallashi taqiqlangan. Denatsifikatsiya bilan bog‘liq boshqa holat tarixda uchramaydi. Bu aniq. Sen kurashadigan natsistlar partiyasi va natsistlar bo‘lmagach, nimani denatsifikatsiya qilmoqchi bo‘layotganing ko‘p ham tushunarli bo‘lmaydi», — deydi Martinov.

1945 yil. Mahv etilgan Berlin shahri. sell-off.livejournal.com

«Natsistlar Germaniyasi yakson qilingach, denatsifikatsiya o‘tkazilgan. Bu nimani bildiradi? Mamlakat g‘olib ittifoqchilar tomonidan bosib olingan davr. Ana shu okkupatsiya qilingan hududlarda, shartli aytganda, mafkuraviy-axloqiy, ma’rifiy-tarbiyaviy xarakterdagi ishlar o‘tkazilgan. Nemislarga ko‘p xalqlar boshiga zulm, azob va uqubat olib kelishgani tushuntirilgan», — deydi Dmitriy Xaustov.

Ukraina haqida gap ketgan ko‘p holatlarda odamlar natsizm va natsionalizmni chalkashtirishadi.

Natsionalizm nima?

Yana Vikipediyaga murojaat qilamiz.

Ko‘ryapmizki, natsizmdan farq darhol ko‘zga tashlanmoqda. Natsistlar ta’limoti boshqa millatlarni tahqirlash va qirish haqida o‘rgatsa, natsionalizm o‘z millatiga muhabbatni tarannum etadi. Bu holatda natsionalistlar birmuncha farqli bo‘lishini ham unutmaslik kerak. Masalan, Rossiyada natsionalistlarning bosh tadbiri ko‘p yillar davomida «Russkiy marsh» bo‘lib kelgan. Unga ruslarni tahqirlangan millat hisoblab, o‘z manfaatlarini himoya qilishni istovchilar ham, shunchaki boshqa millatlarni ko‘rarga ko‘zi yo‘qlar ham kelgan. Shu sababli tashqi ko‘rinishi slavyancha bo‘lmagan insonlarga hujum uyushtirish ham natsionalistlarga mengzala boshlandi. Tinch natsionalizm har qanday millatning o‘zining alohida davlatga ega bo‘lish huquqi bilan ham ifodalanishi mumkin.

«Russkiy marsh». Foto: dedmorozlab.livejournal.com

«Natsionalizm juda keng tushuncha bo‘lib, u avtomatik ravishda natsizm yo fashizmni ifodalamaydi. Unga turlicha baho berish mumkin. Lekin biz hozir shunday davrda yashayapmizki, natsionalizm ko‘proq salbiy bo‘yoqlarda tushuniladi. Bu esa yaxshi emas. Lekin har doim ham bunday bo‘lmagan. Milliy davlatlar endi-endi paydo bo‘la boshlagan paytlarda natsionalizmda hech qanday qusur ko‘rishmagan. Chunki o‘sha davrlar uchun olib qaralganda natsionalizm millatga oid tushuncha, dunyoqarash va g‘oyalarning ma’lum bir to‘plami bo‘lgan. Biroq natsionalizm fashistlar, so‘ngra natsistlar mafkurasining tarkibiy qismlaridan biri hamdir. Ya’ni fashizm va natsizm tarkibida natsionalizm albatta bor. Biroq bu natsionalizm fashizm yo natsizmning o‘zginasi degani emas», — deydi Dmitriy Xaustov.

«Bizda (Rossiyada) natsionalizm absolyut noto‘g‘ri tushuniladi. Bu hodisani tadqiq etgan inson sifatida, har qanday natsionalistlarni yomon ko‘raman. Biroq natsionalizm bu neytral tushuncha ekanini ham bilaman. Chunki mohiyatan u fan nuqtayi nazaridan faqat bir narsani bildiradi: davlat xalqi va siyosiy umumiylik chegarasi bir-biriga mos bo‘lishi kerak. Natsionalizm «bir xalq — bir davlat», degan tezis.

Umumiy holatda natsionalizmning natsizmga hech qanday bog‘liqligi yo‘q. Shunchaki, o‘zaklar bir xil. Balkim qandaydir kesishmalarni izlab topish mumkindir. Biroq natsionalizm turlicha bo‘ladi: tinch ko‘rinishdagi, rahmdil ko‘rinishdagi. Lekin siz natsionalizmni kuchaytirish bilan bog‘liq tezislar yo‘lidan ketayotgan bo‘lsangiz va cheklovlarga e’tibor qilmasangiz, qandaydir bir onda insonlarning individual baxti va erkinligini poymol qilish mumkin, deb hisoblasangiz — bir necha qadamlardan so‘ng natsionalistdan natsistga aylanib qolishingiz mumkin», — deydi Kirill Martinov.

Fashizmni ayrimlar patriotizmning radikal shakli deb biladi. Natsionalizm patriotizmga ko‘proq o‘xshash. Faqat, patriotizmda inson butun mamlakati ravnaq topishiga harakat qiladi. Natsionalizmda esa faqat o‘z millati uchun qayg‘uradi. Bu yerda turli davlatlarda yashovchi millatlar borligini ham unutmaslik kerak. Masalan, ruslar, armanlar va yahudiylar turli davlatlarda katta diasporalarda istiqomat qilishadi. Shuningdek, o‘z davlatiga ega bo‘lmagan millatlar ham bor: kurdlar va basklar. Etnik yagona bo‘lmagan davlatlar ham bor. Unga eng yaxshi misol AQSh. U yerda Angliya, Irlandiya Polsha, sobiq sovet davlatlaridan borganlar, Afrika, Lotin Amerikasi va arab davlatlaridan borganlar ham o‘zini bir xilda amerikalik hisoblaydi. Unda ular ham AQShning barcha fuqarolarini bir millat hisoblab, natsionalist sifatida ular nomidan chiqish qilishi mumkin.

Amerika millati. Foto: travelask.ru

«Natsionalizm va patriotizm orasidagi farq nimada? Bu murakkab savol. Chunki patriotizm ham natsionalizm ham turlicha bo‘ladi. Natsionalizmning klassik bo‘linishi bor: fuqaroviy natsionalizm va etnik natsionalizm. Etnik natsionalizmda sizda madaniyat va til bilan mustahkamlangan umumiy kelib chiqish bo‘ladi va birinchi navbatda uni himoya qilish kerak bo‘ladi. Polshalik natsionalistlar tarixan shu yo‘ldan yurishgan, deyiladi.

Boshqa tomondan, fuqaroviy natsionalizm ham bor. Masalan AQShda. Amerikada tug‘ilgan va fuqaroligini olgan, Amerika respublikasi qadriyatlarini hurmat qiluvchi barcha insonlar — amerikaliklar millati hisoblanadi. Bu mohiyatan siyosiy tanlov. Bu holatda fuqaroviy natsionalizm va patriotizmning birlashtirilishi zamonaviy dunyoda yo‘l qo‘ysa bo‘ladigan narsadek ko‘rinadi.

Agar siz patriotizm deganda davlat kultini va unga yondosh narsalarni tushunsangiz, qandaydir bir onda sizning mamlakatingizda kimlar yashayotgani, qanday yashayotgani farqsiz bo‘lib qoladi: asosiysi — tarixiy urushlardagi g‘alabalarni takrorlash, barcha dushmanlarimizni mahv etish, muhimi — boshqalarga yomon bo‘lsin. Bu vaziyatda patriotizm Rossiya davlati ekstremizm deb hisoblovchi natsionalizmga olib boradi. Bu insonlar imperiya bayroqlarini maydonlarda ko‘tarib, «Rossiya ruslar uchun» va sh.k. shiorlarni ayta boshlashadi», — deydi K.Martinov.

Fashizm natsizmdan, natsizm esa natsionalizmdan nimasi bilan farq qilishi borasida biroz tushunchaga ega bo‘ldingiz, deb o‘ylaymiz. Shunday bo‘lsa-da, biroz muxtasar qilaylik:

Fashizm — davlat kulti va uning manfaatlari yo‘lida shaxsiyat yo‘q qilinishi.

Natsizm — alohida bir millat kulti bo‘lib, bu millat manfaatlari yo‘lida shaxsiyat yo‘q qilinadi, boshqa millatlarga nisbatan ularni kamsituvchi munosabatda bo‘linadi.

Natsionalizm — o‘z millati manfaatlarining boshqa millatlar oldida himoya qilinishi (tinch (millatparvarlik) yoki agressiv (millatchilik) yo‘l bilan).

Natsizm ko‘proq fashizmga yaqinroq bo‘lib, milliy element bilan uning oxirgi shakli hisoblanadi. Natsionalizm esa nimasi bilandir natsizmga yaqinroq, biroq uning ancha xavfsiz ko‘rinishidir.

«Natsionalizm, fashizm va natsizmni birlashtiruvchi yagona narsa milliy davlat loyihasiga diqqatni yorqin jamlashdir. Har uch konstruksiyada davlat muhim element. Agar davlatchilik bilan ko‘p o‘yin qilinsa, bu davlat senga qarshi ishlashi mumkin. Agar milliy davlat loyihasiga diqqat haddan ortiq jamlanmasa, fanda ta’rif berilgan natsionalizm, fashizm va natsizm o‘rtasida qolgan narsalarda umumiylik juda kam», — deydi Martinov.

Umid qilamizki, ushbu satrlarni o‘qiyotganlar orasida natsistlar ham, fashistlar ham, bu harakatlarni ma’qullovchilar ham yo‘q. Shuningdek, jinoyat qurbonlarini fashizm va natsizmda yoki boshqa narsalarda ayblashni ham bas qilamiz. Shunday ibora bor: «olamni yaxshi tomonga o‘zgartirmoqchisanmi, o‘zgartirishni o‘zingdan boshla». Bu iborani qo‘shni davlatlarni denatsifikatsiya qilish kabi g‘oyalarga ham qo‘llasa bo‘ladi.

Sh.Shokirjonov tayyorladi.

Top