10:36 / 05.05.2022
10518

Vengriyaning O‘zbekistonga ajratayotgan ta’lim grantlari soni qanchaga ko‘payishi ma’lum qilindi

Toshkent shahrida bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto hamraisligida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Oliy ta’lim vazirligi

Oliy ta’lim vazirligi xabariga ko‘ra, unda ikki mamlakat vazirlik va idoralari hamda diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ham qatnashdi.

Tomonlar ta’lim va ilm-fan sohasida o‘zaro aloqalarga to‘xtalib, 2021 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Vengriya rektorlar forumi ushbu sohadagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun muhim platforma vazifasini o‘taganini alohida ta’kidladi. 

Shuningdek, Vengriyaning Debretsen universiteti filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ta’lim dasturlarini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga joriy etish kabi masalalarda ham o‘zaro fikr almashildi.

Shundan so‘ng, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolari uchun Vengriya tomonidan har yili ajratib kelinayotgan ta’lim grantlari sonini ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani qayd etildi. 

2020 yilda imzolangan tegishli memorandumga ko‘ra, Vengriya hukumati tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga ushbu xorijiy mamlakat oliy ta’lim muassasalarida bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlarida o‘qish uchun yiliga jami 100 tadan ta’lim grantlari ajratib kelinmoqda edi.

Hujjatlarni imzolash marosimida yuqoridagi kelishuvga muvofiq oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov va Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto “2020-2023 yillarda Vengriya stipendiyalari (“Stipendium Hungaricum”) dasturi doirasidagi hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida bayonnoma”ni imzoladilar.

Unga ko‘ra 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, Vengriya tomonidan har yili ajratilayotgan ta’lim grantlari soni 100 tadan 170 taga ko‘paymoqda.

Top