13:24 / 07.05.2022
10812

Ikki oyda 5 mlrd so‘m – uy-joy mulkdorlari shirkatlari katta pullarni talon-toroj qilmoqda, yechim bormi?

Toshkentdagi uy-joy mulkdorlari shirkatlarining talon-torojlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklariga qanday va qachon barham beriladi? Vazirlik izoh berdi.

Foto: Kun.uz

Toshkentdagi uy-joy mulkdorlari shirkatlari joriy yilning mart oyida 1,6 mlrd so‘m, aprelda esa 3,5 mlrd so‘m mablag‘larni talon-toroj qilgan. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi xabar bergandi.

Nima sababdan uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan bunday huquqbuzarliklar sodir etilmoqda, bularning oldini olish uchun nimalar qilinmoqda? 

Kun.uz so‘roviga binoan vazirlik holat bo‘yicha izoh berdi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bosh mutaxassisi Hanifa Ikromova huquqbuzarlik holatlarining asosiy omillariga to‘xtaldi.

“Vazirlik huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi joylardagi shirkatlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar sifati va unga yo‘naltirilgan mablag‘lar maqsadli sarflanganiga oid faoliyatini o‘rganish jarayonida qator qonunbuzarlik holatlarini aniqlab kelmoqda. Bu yuzasidan ma’lumotlar muntazam ravishda vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida yoritilmoqda.

Uy-joy mulkdorlari shirkatlari nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, qonunchilikda Davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Shu bilan birga, majburiy badallar tushumi shaffofligi ta’minlanmagan edi”, – dedi u.

Vazirlik mas’ulining ta’kidlashicha, ushbu muammolarni bartaraf qilish maqsadida yangi elektron dastur ishlab chiqilgan. Endi aholi majburiy badallar bo‘yicha to‘lovlarni onlayn kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.

“Vazirlik tomonidan ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ko‘p kvartirali uylarni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar bo‘yicha hisob-kitob ishlarini yuritishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda aholiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida uy-joy mulkdorlari shirkatlarida majburiy badallar hisob-kitobini yuritish va axborot-maslahat olish imkonini beradigan billing tizimi — «Mening uyim» elektron dasturi joriy etildi. Aholiga majburiy badallarni onlayn rejimda internet orqali amalga oshirish hamda majburiy badallar to‘lovi haqidagi ma’lumotlarni “shaxsiy kabinet” orqali nazorat qilish imkoniyati yaratildi”, – deydi vazirlik mutasaddisi.

Mavzuga oid
Top