11:42 / 10.05.2022
26582

Qo‘qon xonligida ot bozorlar nega tez-tez ko‘chirib turilgan? “Zakovat” teleo‘yinining navbatdagi sonidan reportaj

Oq hassani ko‘rlar ishlatadi, oq-qizil hassa kimlar uchun? Adabiyotshunoslar fikricha, qaysi yovuz personaj O‘lmas Kashsheydan ilhomlanib yaratilgan? “Zakovat” teleo‘yini bahorgi mavsumining to‘rtinchi bahsi natijalari bilan tanishing.

Foto: Zakovat

Mana, ketma-ket uchinchi mavsumdirki, «Zakovat»da qizlar jamoasi munosib ishtirok etib, boshqa jamoalar bilan tengma-teng bellashib kelmoqda. Bahorgi mavsumning 4-o‘yinida ham xuddi shu holat takrorlandi. Jamoaning final uchun da’vogarlik qilib, vabank olishga jur’at qilgani so‘zimizning isbotidir.

Jamoa a’zolari:

  • Madina Mirzarahmatova - O‘zbekiston milliy universiteti 3-bosqich talabasi (jamoa sardori);
  • Maysara Ochilova - Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi;
  • Nazokat Abdusaitova - Toshkent davlat pedagogika universiteti 3-bosqich talabasi;
  • Nodira Turg‘unova - O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti 4-bosqich talabasi;
  • Nodira Bahromova - O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti 4-bosqich talabasi;
  • Muazzam Shoumarova - menejyer.

O‘tgan o‘yinda Farrux Rafiqov jamoasining 6:3 hisobida g‘alaba qozongani keyingi jamoalarga bosim yuklashi muqarrar edi. Qizlar ham ana shu yukni yelkalariga olib o‘yinni boshlagani sezildi.

1-raundda jamoa o‘tgan o‘yindagi jamoaning xatosini takrorlab, to‘g‘ri variantni o‘tkazib yubordi. Oq-qizil hassa kimlar uchun mo‘ljallangani haqidagi savolga jamoa noto‘g‘ri variantni tanladi. Hisob – 0:1.

2-raundda shamol generatorlari – shamoldan elektr energiyasi hosil qiluvchi moslamalarning ma’lum vaqtlarda tabiatga zarar yetkazishi mumkinligi haqidagi savol o‘ynaldi. Ushbu raundga kelib jamoa o‘zini tezda o‘nglab olgani muhokama ancha jonli bo‘lganidan sezildi. To‘g‘ri variant ham ilk soniyalardanoq yangradi. Muhokama yakunida jamoa sardori to‘g‘ri variantni berib, tarozi pallasini tenglashtirdi – 1:1.

Hisob 1:1 bo‘lib turganida boshlovchining jamoa sardoriga «O‘yin qanday hisob bilan yakunlanadi deb o‘ylaysiz?» degan savoliga, Madina Mirzarahmatova optimistik ruhda «6:1» deya javob berdi. Qizlardagi o‘ziga bo‘lgan ishonchni ko‘rish quvonarli! Ko‘ramiz, hisob rostdan ham 6:1 bo‘larmikan.

3-raund savoli AQShning faqat ma’lum bir hududida o‘rnatiladigan yo‘l belgisi haqida bo‘ldi. Bu savolda ham jamoada to‘g‘ri variant chiqqan bo‘lsa-da, yana 1-raunddagidek noto‘g‘ri variant tanlandi. Hisob – 1:2, tomoshabinlar foydasiga. 6:1 hisobidagi g‘alaba rejasi chippakka chiqdi, eh afsus…

4-raundda «Zakovat» sandiqchasi olib chiqildi. 100 yillar avval olingan turli insonlar surati haqidagi savol jamoa uchun o‘yindagi eng qiyini bo‘ldi, deyish mumkin. Jamoa to‘g‘ri variantning yaqiniga ham yo‘lamagani buning isboti bo‘ldi. Hisob 1:3. Rostdan ham har qanday jamoani qiynab qo‘yadigan savol!

5-raundda Hindistonda bir toifa ayollarga ma’lum shartlar asosida har oylik pul to‘lab turilishi haqida qiziq savol o‘ynaldi. Muhokamada to‘g‘ri yo‘nalish olgan jamoa qiyinchiliksiz to‘g‘ri javobga yetib bordi. Qoyil! Hisob – 2:3.

6-raund. O‘yin qizg‘in pallasiga yetib keldi. Bu raund savoli Sergey Yeseninning fors ayollari haqidagi she’ridan bo‘ldi. Bu savolda ham jamoa muhokamani yaxshi olib borib, to‘g‘ri javobni tez ilg‘ay oldi. Hisob yana tenglashdi – 3:3.

Raunddan raundga jamoa o‘yinida jonlanish kuzatilyapti. Shunday davom etishini kutib qolamiz.

7-raundda blits savollari tushdi. Turli millatlar bilan bog‘liq blits savollarining dastlabki ikkitasiga jamoa to‘g‘ri javob berdi. Ammo uchinchi savol jamoa uchun biroz qiyinlik qilib, noto‘g‘ri javob berildi. Natijada hisob yana tomoshabinlar tomoniga og‘di – 3:4.

Tomoshabinlar jamoasiga 4-ochkoni ham boy bergach, endilikda jamoada finalga chiqish uchun vabank olishdan boshqa yo‘l qolmadi. Buning uchun esa jamoa avval 5 ta raundni o‘z foydasiga hal qilishi kerak. Ya’ni, hali jamoa yana 2 ochko olishi kerak.

8-raundda Yevropadagi bir muassasada o‘rnatilgan o‘ziga xos kalendar haqidagi savol o‘ynaldi. Kalendar suratidagi detallarni sinchiklab o‘rgangan jamoa ushbu savolga to‘g‘ri javob bera oldi – 4:4.

Hisobda doimiy ortda borayotganiga qaramay, xarakter ko‘rsatib, yana vaziyatni o‘nglab borayotgan qizlarga qoyil!

9-raundda yana muxlislar jamoasi oldinga chiqib oldi. Qo‘qon xonligida ot bozorlar nega tez-tez ko‘chib turgani haqidagi savolga jamoada to‘g‘ri javob bo‘lmadi. Hisob – 4:5.

Endi jamoa yana bir ochkoni qo‘lga kiritmasa, vabank va final orzuligicha qolib ketadi.

10-raundda jamoaning hisobda ortda qolayotgani qo‘l keldi. Ya’ni, klub yordamidan foydalanish imkoni paydo bo‘ldi. O‘lmas Kashsheydan ilhomlanib yaratilgani aytilgan personajning kim ekanini jamoa topa olmadi. Shunga ko‘ra, klub yordamiga suyanildi. Klubda to‘g‘ri javob borligi natijasida hisob 5:5 ko‘rinishiga keldi.

E’tiborli jihati, Farrux Rafiqov jamoasidagilar finalga chiqishga da’vogar bo‘lib turganiga qaramay, klub yordamida qizlarga to‘g‘ri javobni aytishdan qochmadi. Naqadar olijanoblik!

Hisob 5:5 ko‘rinishiga kelganidan so‘ng, 11-raundda jamoaning vabank, ya’ni “boriga baraka” o‘yinini tanlashi muqarrar edi va shunday ham bo‘ldi. Jamoa o‘yini ochilib turgan bilimdon – Nodira Bahromovaga ishonch bildirdi. Qolgan ishtirokchilar stolni tark etdi.

Hayajonli daqiqalar. Agar Nodira savolga to‘g‘ri javob bersa, jamoa 6:0 hisobida g‘alaba qozonib, Farrux Rafiqov jamoasini kurashdan chiqarib yuboradi va o‘zidan keyin o‘ynaydigan jamoaga dahshatli bosim yuklaydi. Agar savol topilmasa, jamoaga 0:6 hisobidagi mag‘lubiyat yoziladi.

11-raundda Urganchdagi Al-Xorazmiy haykali ostidagi zinalarning ramziy ma’nosi haqidagi savol tushdi. Nodira 1 daqiqa davomida xayoliga kelgan variantlarni ovoz chiqarib o‘zicha muhokama qildi. Zaldagilar sukutda. Jamoadoshini tashqaridan turib kuzatayotgan qizlarning hayajonini ta’riflashga til ojiz.

Afsuski, Nodira Bahromovada ushbu savolga javob topilmadi. Hisob – 0:6, tomoshabinlar foydasiga.

Shubhasiz, o‘yinni qizg‘in tarzda olib borgan qizlar jamoasi ko‘rsatuv ixlosmandlari uchun tomoshabop o‘yin ko‘rsatdi. Natija esa jamoa uchun alamli yakun topdi va finalga chiqish imkoniyati boy berildi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishishingiz mumkin.

1-raund. Savol muallifi - Alisher Mamatov, Jomboy tumani.

Boshlovchi: Ekranga qaraymiz! Ko‘zi ojizlar hassasi oq rangda bo‘lishi butun dunyo bo‘yicha kelishib olingan. Ammo qizil-oq rangdagi hassalar ham bor.

Diqqat savol: Qizil-oq rangli hassalar qanday ma’noda ishlatiladi?

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Bizning fikrimizcha, bunday turdagi qizil-oq rangli aralash hassalarga ega bo‘lgan insonlar ko‘zida rang ajratish muammosiga ega, ya’ni bu fanda daltonizm deb ataladi. Mana shunday xususiyatga ega bo‘lgan insonlarda xuddi shunday hassalar bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Ensiklopediyadan olingan ma’lumotda, oq rangdagi, ya’ni o‘ng tomondagi hassani ko‘zi ojizlar ishlatadi. Qizil-oq rangdagi hassani ko‘zi ojiz va eshitish qobiliyati yo‘q kishilar ishlatishadi.

Hisob: 0:1

Savol muallifi - Alisher Mamatov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

2-raund. Savol muallifi - Siroj Rajabov, Toshkent shahri.

Boshlovchi: Diqqat bilan ekranga qarang!

Yevropa va AQShdagi bu kabi arzon, sifatli, tabiatga zarari yo‘q bo‘lgan shamol generatorlari surati namoyish etilmoqda. Lekin ba’zi paytlari ularni tabiatga zarari bo‘lar ekan. Shuni oldini olish maqsadida ayrim joylardagi generatorlar bir necha kun to‘xtatib turilar ekan.

Diqqat savol: Qachon va nima sababdan bu shamol generatorlari to‘xtatib turiladi?

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Ma’lum bir mavsumda deyildi, demak qushlar o‘z uyini o‘zgartirayotgan vaqtda ularga xalaqit bermaslik uchun, ularni o‘ziga jalb qilmasligi uchun to‘xtatib turilgan.

To‘g‘ri javob: Tabiatni muhofaza qilish idoralari shamol generatorlari bahor va kuz oylarida to‘xtattirib qo‘yishadi. Ular qushlarni ko‘chish vaqtida to‘xtatib turiladi. Chunki qushlar to‘da-to‘da bo‘lib ko‘chish davomida pala-partishlik qilib, parraklar orasida qolib ketishadi.

Hisob: 1:1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi - Husniddin To‘xtayev, Vobkent tumani.

Boshlovchi: Ekranga qaraymiz!

Bu ogohlantirish belgisini AQShda hamma joyda ham ko‘ravermaysiz. AQShning bir hududida bu belgilar o‘rnatiladi.

Diqqat savol: Aynan qaysi hududida?

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Bu belgini Alyaskada ko‘rishimiz mumkin, yirtqich hayvonlardan o‘zingizni, bolalaringizni saqlang degan ma’noda.

To‘g‘ri javob: AQShning Meksika bilan chegara qismidagi trassalarda haydovchi ehtiyot bo‘lib hayda, kutilmaganda migrant chiqib qoladi yo‘ldan, oilasini yetaklab degan ma’noda.

Hisob: 1:2

Savol muallifi Husniddin To‘xtayev 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

4-raund. Savol muallifi - Jamshid Rahmonov, To‘raqo‘rg‘on tumani.

Boshlovchi: Marhamat zakovat sandiqchasi olib chiqilsin!

Endi ekranga qarashingizni so‘rayman.

Yuz yillar oldin tushirilgan suratlar. Sandiqcha ichida yuz yillar oldin tushirilgan bu suratlarni o‘sha vaqtlarda umumlashtirgan nimadir bor.

Diqqat savol: Sandiqchada nima bor?

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Sandiqcha ichida ko‘zgu bor.

To‘g‘ri javob: Bir necha o‘n yillar avval, 1914 yilgacha ataylab pasport uchun suratga tushilmagan. Qanday surat bo‘lsa, uni bosib chiqaraverishgan. Sandiqchani ochamiz, ichida nima borligi ma’lum bo‘ldi. Bu – pasport edi!

Hisob: 1:3

Savol muallifi Jamshid Rahmonov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

5-raund. Savol muallifi - Qurbongul Karimova, Navoiy shahri.

Boshlovchi: Milliarddan oshiq aholisi bo‘lgan Hindistonda unday ayollarga har oyda maosh to‘lab turishadi. Milliarddan oshiq aholisi bo‘lgan Hindistonda ularga bepul tibbiy xizmat ham ko‘rsatiladi. Ularning davlat bilan shartnomasi bo‘lib, agar shartnomani buzishsa, katta jarimaga tortilishar ekan.

Diqqat savol: Gap qanday ayollar haqida ketmoqda?

Javobni Nodira Bahromova beradi: Ta’kidlab ketdingiz, Hindiston aholisi milliarddan ko‘p. Jamiyatga bu ishsizlar ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Boshqa ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun ayollar turmush qurmasdan, farzand ko‘rmasliklari uchun ularga ma’lum bir maosh belgilab qo‘yiladi. Masalan, farzandli bo‘lsa, uni farzandi boqishi mumkin. Turmush qurmagan bo‘lsa, davlat o‘zi ta’minlab turadi. Bu aholi haddan tashqari ko‘payib ketishining oldini oladi.

Turmushga chiqmagan ayollar.

To‘g‘ri javob: Davlat turmush qurmagan ayollar bilan shartnoma tuzgan.

Hisob: 2:3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi - Davlat Boboyev, Taxiatosh shahri.

Boshlovchi: Davlat klassik she’riyatga qiziqar ekanlar. Xususan, Sergey Yesenin she’riyatiga. "Fors taronalari" rukni ostida yozilgan turkum she’rlardan birini eshitib ko‘ringlar:

Oy nuriga g‘arq bo‘lgan Sheroz,

Parvonadek uchar yulduzlar.

Menga yoqmas o‘rtonaman rost,

Eronlik (forslik) dilrabo yuzlar.

Oxirgi qatorda eronlik so‘zi ostida ikkita so‘z qolib ketgan, o‘zgartirilgan demoqchiman.

Diqqat savol: She’rdagi eronlik so‘zi ostiga yashirilgan ikkita so‘zni toping.

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Paranji yopingan.

To‘g‘ri javob: Niqob taqqan dilrabo yuzlar.

Hisob: 3:3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Blits. Savollar muallifi - Odil Hamroyev, Navbahor tumani.

Blits savollari millatlar bilan bog‘liq.

1-savol:

Boshlovchi: Suratga e’tibor qiling!

Diqqat savol: Ushbu suratni ikki so‘z bilan nomlang.

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Shved elchisi.

To‘g‘ri javob: Shved elchisi.

2-savol:

Boshlovchi: Ikkinchi suratni tomosha qilamiz.

Diqqat savol: Ushbu suratni ham ikki so‘z bilan nomlang.

Javobni Nodira Bahromova beradi: Arman radiosi.

To‘g‘ri javob: Arman radiosi.

3-savol:

Boshlovchi: Uchinchi suratni tomosha qilamiz.

Diqqat savol: Ushbu suratni ham ikki so‘z bilan nomlang.

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Fors ko‘rfazi.

To‘g‘ri javob: Fin qo‘ltig‘i.

Hisob: 3:4

Savol muallifi Odil Hamroyev 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi - Abduvali Karimov, Baxmal tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qaraymiz!

Yevropadagi qaysidir muassasaga kiraverishda shu kabi o‘ziga xos kalendarni ko‘rish mumkin.

Diqqat savol: Nuqtalarga diqqat qilib ayting, bu qanday muassasa?

Javobni Nodira Bahromova beradi: Tug‘uruqxona.

To‘g‘ri javob: Tug‘uruqxona.

Hisob: 4:4

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi - Xudoyberdi Ergashev, Farg‘ona shahri.

Boshlovchi: Qo‘qon xonligida ot bozorlari aniq bir yerda bo‘lmagan, ko‘chib turgan. Negadir ot bozori joyini tez-tez o‘zgartirib turishgan.

Diqqat savol: Qanday sabab tufayli ot bozorlarining joyi o‘zgarib turgan?

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Bilamizki, otning go‘ngi juda hidli bo‘ladi, aynan o‘sha yer hidlanib ketmasligi uchun tez-tez joyini o‘zgartirib turishadi.

To‘g‘ri javob: Eski otbozor o‘rniga madrasa, saroylar qurilgan. Yuzlab otlar kunda bu yerni bosib turganidan keyin tuproqlari cho‘kib, zichlashib borgan. U yerda baland-baland imoratlar qurish maqsadga muvofiq bo‘lgan.

Hisob: 4:5

Savol muallifi Xudoyberdi Ergashev 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

10-raund. Savol muallifi - Feruz Usmonov, Mirobod tumani.

Boshlovchi: Rus adabiyotshunoslarining fikricha, uning obrazi aynan O‘lmas Kashshey personajidan olingan emish. Kashshey azal-azaldan rus ertaklari yovuz personaji bo‘lib tanilgan. U ham zamonasining eng yovuz insoni sifatida nom qozongan. Yana bir e’tiborga molik jihati ikkalasining ismida o‘lim mujassam. O‘lim so‘ziga yaqin narsalar bor.

Diqqat savol: Jahonga mashhur O‘lmas Kashsheyning analogini toping.

Jamoa klub yordamidan foydalandi.

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Klub yordami bilan Voldemort obrazi degan fikrga keldik.

To‘g‘ri javob: Voldemort.

Hisob: 5:5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Jamoa “Boriga baraka” o‘yinini o‘ynaydi.

O‘yin qoidasi: Jamoada bir ishtirokchi qoladi. Jamoa savolga to‘g‘ri javob bersa, 6-0 hisobida g‘alaba qozonadi, aks holda esa 0-6 hisobida yutqazadi.

O‘yinda jamoadan Nodira Bahromova qoladi!

11-raund. Savol muallifi - Marjona Ozodova, Yangiariq tumani.

Boshlovchi: Urganchdagi Al-Xorazmiy haykalini tomosha qilamiz ekrandan.

Haykal poyiga asta zinapoyalardan chiqib boriladi. Haykaltarosh zinalarni aniq maqsad tufayli ikki qavat qilib qurgan. Birinchi qavati bor va ikkinchi qavati.

Diqqat savol: Nega zinapoyalarni ikki qism qilib qurishgan va ularda qanday ma’no bor?

Javobni Nodira Bahromova beradi: Aytaylik, tepadagi zinapoyalar kichkinaroq, pastdagilar nisbatan kengroq. O‘ylashimcha, ilm ahli keladigan bo‘lsa yuqoridagi zinalarda turib rasmga tushishadi, qolganlar esa pastda.

To‘g‘ri javob: Haykalning birinchi yarusida 10 ta zina bor, ya’ni 0 dan 9 gacha bo‘lgan raqamlar ifodalangan. Tepadagisi esa 4 ta, bular – qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish va bo‘lish (+, -, * va /) amallaridir. 

Hisob: 0:6

Savol muallifi Marjona Ozodova 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

Tug‘uruqxonadagi kalendar haqidagi savol o‘yinning eng yaxshi savoli deb topildi hamda savol muallifi Abduvali Karimov 5 mln so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

O‘yinning eng faol bilimdoni deb Nodira Bahromova topildi hamda u 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

 

Shuningdek, o‘yinning to‘liq videosini ushbu havola orqali Youtube saytida ham tomosha qilishingiz mumkin.

Top