17:55 / 12.05.2022
15907

Ta’sischisi Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan “Air Marakanda”ga yangi imtiyoz va huquqlar berildi

80 mln dollarga qayta qurilgan Samarqand xalqaro aeroportining boshqaruv huquqini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘lga kiritgan, shuningdek, ko‘plab soliq imtiyozlariga ega “Air Marakanda” MChJni davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bitim tasdiqlandi. Xorijiy kompaniyaning ta’sischisi ofshor hudud – Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan.

Foto: Kun.uz

7 may kuni imzolangan qaror bilan, Moliya vazirligi va “Air Marakanda” MChJ (xususiy sherik) o‘rtasida 2022 yil 11 aprelda imzolangan Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.

Qaror bilan Samarqand xalqaro aeroportining boshqaruv huquqini davlat-xususiy sherikchilik (DXSh) shartlari asosida qo‘lga kiritgan “Air Marakanda” MChJga yana bir qator huquq va imtiyozlar berildi.

Jumladan, endilikda DXSh bitimining amal qilishi davomida “Air Marakanda” MChJga O‘zbekiston hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarini chet el valutalariga bog‘lashga ruxsat berilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, mamlakat hududida tovarlar uchun barcha hisob-kitoblar va to‘lovlar O‘zbekiston valutasida amalga oshiriladi hamda realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, qonunda alohida hollarda DXSh to‘g‘risidagi bitimlar bo‘yicha realizatsiya qilinadigan tovarlar narxlarining chet el valutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga prezident qarorlari asosida yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

Loyihani amalga oshirish doirasida xususiy sherikka barcha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langan holda istisno tariqasida:

  • kredit olish va undan foydalanish uchun xususiy sherikning xorijiy kreditor banklarida bank hisobvaraqlari ochishga;
  • kredit xorijiy bank tomonidan ajratilgan taqdirda, xorijiy pudratchilar va yetkazib beruvchilarga ushbu kredit mablag‘lari hisobidan to‘lovlarni O‘zbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali o‘tkazmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirishga ruxsat etildi.

Shuningdek, davlat sherigi – “Uzbekistan Airports” AJning Samarqand xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish maqsadida Yaponiya xalqaro hamkorlik bankidan jalb qilingan kreditni qaytarish uchun to‘lanadigan to‘lovlar soliqlardan ozod qilinmoqda.

Qarorda, “Uzbekistan Airports” AJ davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan Samarqand xalqaro aeroportiga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini o‘n kun muddatda “Air Marakanda” MChJga ijaraga berilishini ta’minlashi ko‘rsatilgan.

Samarqand xalqaro aeroporti / Foto: Prezident matbuot xizmati

Samarqand viloyati hokimligi ham loyiha doirasida qo‘shimcha yer uchastkalarini “Air Marakanda” MChJga ijaraga berish sharti bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratadi.

Shuningdek, Moliya vazirligiga hukumat va “Air Marakanda” MChJ bilan kelishgan holda xususiy sherik bilan tuzilgan ikkita bitimga (Davlat-xususiy sheriklik va Davlat tomonidan qo‘llashga doir) o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berildi.

Qarorda yozilishicha, “Uzbekistan Airports” AJ va uning xususiy sherigi “Air Marakanda” MChJ XK o‘rtasida 2021 yil 22 sentabrda imzolangan DXSh to‘g‘risidagi bitimga joriy yil 7 fevral kuni qo‘shimcha kelishuv bitimi tuzilgan. Qo‘shimcha kelishuvda nimalar nazarda tutilgani ochiqlanmagan.

Boshqa soliq imtiyozlari

2021 yil mart oyida qabul qilingan “Respublika aeroportlarini boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori bilan, “Air Marakanda” MChJ toifasidagi kompaniyalarga katta soliq imtiyozi ham berilgan.

Samarqand xalqaro aeroporti / Foto: Kun.uz

Ya’ni respublika aeroportlarini DXSh asosida rekonstruksiya, modernizatsiya, ekspluatatsiya qilish va boshqarish loyihalarini amalga oshirishda bitim imzolangan kundan boshlab uch yil muddatga xususiy sheriklar, ular tomonidan jalb qilinadigan loyiha tashkilotlari, operatorlar, maslahatchilar, pudratchilar va subpudratchilar:

  • olib kiriladigan maxsus transport vositalari, yo‘l-qurilish texnikasi, mashinalar, mexanizmlar, uskunalar, xomashyo materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, uzellar, texnologik va loyiha hujjatlari, dasturiy ta’minot, jihozlar, shu jumladan, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan pudrat qurilish tashkilotlarini jihozlashga mo‘ljallangan maxsus yo‘l-qurilish texnikasi va uskunalari uchun bojxona bojidan;
  • olib kiriladigan transport vositalari (yengil avtomobillardan tashqari) va maxsus texnika uchun utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.

Shuningdek, xususiy sheriklar va aeroportlar foyda solig‘ini, shu jumladan dividend to‘lashda ushlab qolinadigan foyda solig‘ini belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida to‘laydi hamda aeroportlar uchun mol-mulk solig‘ining belgilangan stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

“Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva Samarqand xalqaro aeroportining ochilish marosimida. 2022 yil, 18 mart / Foto: Kun.uz

2022 yil 18 mart kuni “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva Samarqand xalqaro aeroporti – xususiy kompaniya tomonidan boshqariladigan O‘zbekistondagi yagona aeroport ekanini aytgan edi. Bundan kelib chiqadiki, prezidentning mazkur qarorida ko‘rsatilgan imtiyozlardan “Air Marakanda” MChJ bemalol foydalana oladi.

Samarqand xalqaro aeroporti va “Air Marakanda”

2022 yil 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan aeroportning ochilish marosimida Ra’no Jo‘rayeva 2019 yilda “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan qurilish ishlari boshlanganini, keyinroq, aeroportni rivojlantirish uchun investor topilganini ma’lum qilgan.

2021 yil 15 aprel kuni Samarqand xalqaro aeroportining rekonstruksiya jarayonlari prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot qilingan vaqtda “ochiq osmon” rejimida ishlaydigan aeroport 1000 kishini ish bilan ta’minlashi aytilgan edi.

Samarqand xalqaro aeroporti loyihasi prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot qilinmoqda. 2021 yil, 15 aprel / Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, taqdimotda rekonstruksiya ishlari 238 milliard so‘mga baholangan bo‘lsa, boshqa bir hujjat – “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori ilovasida Samarqand xalqaro aeroporti rekonstruksiyasi uchun davlat budjetidan 62 million dollar (taqriban 690 milliard so‘m) sarflanishi ko‘rsatilgan.

2022 yil 10 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi davomida Samarqand xalqaro aeroporti qariyb 83 million dollarlik loyiha evaziga yangitdan qurilayotgani ma’lum qilingan.

Shavkat Mirziyoyev Samarqand xalqaro aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirmoqda. 2022 yil, 10 fevral / Foto: Prezident matbuot xizmati

Rekonstruksiyadan so‘ng, budjet hisobiga bunyod etilgan Samarqand xalqaro aeroporti va aerodrom kompleksi modernizatsiyasi hamda boshqaruvi huquqi to‘g‘ridan to‘g‘ri “Air Marakanda” MChJga DXSh shartlari asosida topshirilishi ma’lum qilingan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “Air Marakanda” MChJ aeroport rekonstruksiyasi boshlangach, oradan deyarli bir yil o‘tib – 2020 yil 9 aprelda tashkil qilingan.

Havo transporti sohasidagi xizmatlarni ko‘rsatishga ixtisoslashgan kompaniyaning ta’sischisi esa ofshor hudud deya e’tirof etiladigan Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan.

Kiprdagi ta’sischi “Drupola Holding Limited” kompaniyasi ham unchalik uzoq tarixga va boy tajribaga ega emas – u 2011 yil 31 yanvarda tashkil qilingan. “Drupola Holding Limited” ro‘yxatdan o‘tgan ofshor manzilda samarqandlik tadbirkor Baxtiyor Fozilovning “Ferkensco” kompaniyasi ham ro‘yxatdan o‘tgan.

ERIELL Group va Enter Engineering kompaniyalarining boshqaruv raisi Baxtiyor Fozilov 2020 yil may oyida bne IntelliNews nashriga bergan intervyusida Ferkensco kompaniyasining boshqaruvchisi ekanini aytgandi.

ERIELL Guruhi Boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov / Foto: ERIELL

Baxtiyor Fozilov, bundan tashqari, Samarqandda 212 gektar maydonda turizm markazini qurayotgan “Samarkand Touristic Centre” kompaniyasining 60 foizlik egasi ham hisoblanadi.

Top