17:23 / 14.05.2022
56266

Andijon voqealariga 17 yil to‘ldi

Bundan 17 yil muqaddam, 2005 yil 13 may kuni Andijon shahrida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng qonli voqealar ro‘y berdi. Rasmiy ma’lumotlarda, o‘sha kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 31 nafar vakili o‘ldirilgani aytiladi.

2005 yilning aprel-may oylarida jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudida “Akromiylar” oqimiga a’zo deb topilgan 23 nafar shaxs ustidan sud jarayoni davom etayotgan bir paytda yaqinlarining taqdiridan xavotirdagi yuzlab andijonliklar kunini sud binosi qarshisida o‘tkazar edi.

O‘zbekiston televideniyesi tomonidan e’lon qilingan maxsus ko‘rsatuvda voqealar xronologiyasi quyidagicha keltiriladi:

“Terrorchilar dastlab 12 may soat 23:45 da Andijon shahridagi soqchi-patrul xizmatiga hujum qilishadi. Soqchilik qilayotgan 4 nafar militsiya xodimini o‘ldirib, qurol-yarog‘ omborini buzishadi va o‘nlab avtomatlar, to‘pponcha, granata va boshqa qurollarni qo‘lga kiritishadi. Oradan bir soat o‘tgach, qurollarini ko‘paytirib, saflarini kengaytirib olgan jinoyatchilar to‘dasi Respublika Mudofaa vazirligiga qarashli 34-harbiy qism hududida paydo bo‘ladi. Bu yerda ham jinoyatchilar tomonidan 4-5 soqchi o‘ldirilib, ko‘plab qurol-yarog‘lar o‘g‘irlanadi.

Shundan so‘ng jinoiy to‘da tezkorlik bilan ZIL-130 va bir qator yengil avtomobillarda Andijon shahri yaqinida joylashgan qamoqxona tomon yo‘l oladilar. Qamoqxona eshigini ZIL mashinasi yordamida buzib, ichkariga kirishadi. 600 ga yaqin mahbuslarni, shu jumladan, 23 nafar “Akromiylar” hamda shu turmada saqlanayotgan o‘ta xavfli retsidivistlarni chiqarib yuborishadi”, deyiladi ko‘rsatuvda.

Ma’lum qilinishicha, o‘sha paytda ichki ishlar vaziri hisoblangan Zokirjon Almatov birinchi prezident Islom Karimovga telefon qilib, ro‘y bergan hodisalar hamda vaziyat haqida axborot beradi. Islom Karimov o‘tirgan samolyot 13 may kuni soat 7:30 da Andijonga kelib qo‘nadi. Mamlakat rahbari zudlik bilan shtab tashkil etadi.

Hozirda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga maslahatchilik qilayotgan Zokirjon Almatov Kun.uz'ga bergan intervyusida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng qonli fojia bo‘lib qolgan Andijon voqealarini shunday xotirlagandi.

“Meni Andijon voqealarida aybdor deb ko‘p gapirishadi. Ha, men o‘shanda shtab boshlig‘i bo‘lganman, qarorni men qabul qilganman, ammo kim o‘shanda Andijonga qurol ko‘tarib keldi? Kim chegaradan qurol bilan o‘tdi? Kim Ichki ishlar vazirligiga qarashli PPSga qurolli hujum qildi, kim harbiy qismga hujum qilib, qurol-yarog‘ oldi?

Kim tergov hibsxonasiga hujum qilib, 500 dan ortiq ashaddiy jinoyatchilarni chiqarib yubordi? Kim hokimiyat binosini egallab, unga o‘t qo‘ydi? Kim yuzga yaqin sud-huquq tizimidagi xodimlarni tutqunda ushlab, ba’zilarini qatl etdi? Hukumat nima, qarab turishi kerakmidi?

Biz ularga chiqib ketinglar, dedik. Adashmasam, militsiya va prokuratura xodimlaridan 34 nafari halok bo‘lgandi. Tez yordam xodimlari otib tashlangan”, degan sobiq vazir.

Isyonchilar birin-ketin mahalliy ma’muriy idoralar, xususan, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Milliy xavfsizlik xizmatining viloyat boshqarmasi va viloyat hokimligi binosiga hujum qilishadi. Bu uch obektdan faqatgina viloyat hokimligi binosi ishg‘ol qilinadi.

Rasmiylar isyonchilar bilan muzokara olib borishga harakat qilingani, biroq muzokaralardan hech qanday natija bo‘lmaganini aytishadi. Tushdan so‘ng esa qurollangan isyonchilar va harbiylar o‘rtasida otishma yuzaga keladi.

Rasmiy hisobotlarda yozilishicha, “terrorchilik harakati natijasida 187 kishi halok bo‘lgan, shulardan 60 nafari tinch aholi vakillari, ularning ichida ikki nafar voyaga yetmagan bola va bir ayol bor edi”.

Biroq hodisaga bevosita guvoh bo‘lgan, fojiada yaqinlarini yo‘qotganlar qurbonlar va jarohatlanganlarning soni rasmiy ma’lumotlardagidan ancha ko‘p bo‘lganini aytishadi.

O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbari Islom Karimov tinch aholini o‘qqa tutish haqida hech qanday topshiriq berilmaganini aytgan. Shuningdek, voqealar markazida turgan Zokirjon Almatov 13 may voqealarida 1000 ga yaqin odam halok bo‘lganini inkor etgan.

“Tinch aholiga o‘q uzilgan deyishadi, yo‘q, 12 soat oldin ularning 600-700 nafar oila-a’zolarini Qirg‘izistonga chiqarib yuborganmiz. Bular kelayotganda harbiy qismdagi kapitanni otib qo‘yishgan. Keyin oddiy askarlar nima qiladi?

Ikki tomon o‘rtasidagi otishma sabab bitta joyda 100 kishi o‘lgan. Ularning ichida bizning xodimlar ham, terrorchilar ham bo‘lgan. Jami 187 kishi o‘lgan. Allohning oldida rost gapni gapiraman, bu aniq raqamlar”, degan u Kun.uz'ga bergan intervyusida.

O‘sha vaqtdagi mamlakat bosh prokurori Rashidjon Qodirov ham Andijon voqealarida besh yuzdan ziyod tinch aholi vakili qurbon bo‘lgani haqidagi iddaolarni uydirma deb atagandi. Biroq 2020 yilda Qalampir.uz nashriga intervyu bergan O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova tinch aholi o‘qqa tutilganini tan olgan va buni sodir etganlar jazoga tortilganini ta’kidlagan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 31 nafar vakili o‘ldirilgan. Bundan tashqari, umumiy hisobda 287 kishi, jumladan, 91 nafar tinch aholi vakili, huquqni muhofaza qilish organlarining 49 nafar xodimi va 59 nafar harbiy turli darajadagi tan jarohatlari olishgan.

Islom Karimov 14 may kuni tashkil etilgan matbuot anjumani chog‘ida jurnalistlarga isyonchilarning talablarini nima uchun rad etganini quyidagicha izohlagandi:

“Albatta, biz bunday bema’ni talablarga rozi bo‘lolmasdik. Buning sababini tushuntirmoqchiman. Har tomonlama mulohaza yuritib, mazkur hodisa ertaga butun O‘zbekiston bo‘ylab garovga olish, bosqinchilik bilan bog‘liq o‘nlab holatlarga olib kelishi mumkin, degan qarorga keldik. Ertaga ular bolalar bog‘chasi, maktab, kasalxonani egallashlari, xuddi Chechenistonda bo‘lgani kabi yana bir qancha shartlarni qo‘yib, O‘zbekistonni islom respublikasi deb e’lon qilishni talab etishlari mumkin edi. Bu mutlaqo ehtimoldan uzoq emasdi. Tan oling, dunyodagi hech bir davlat bunday talabga rozi bo‘lmasdi”, degandi birinchi prezident.

Hodisani tergov qilgan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hisobotida Andijon voqealari “O‘zbekiston mustaqil siyosati, uning milliy manfaatlarini, konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darish va islomiy davlat barpo etishga qaratilgan, geosiyosiy manfaatlarga to‘liq mos keluvchi puxta o‘ylangan va rejalashtirilgan harakat” deya baholangandi.

13 may voqealari unda yaqinlarini yo‘qotgan andijonliklar uchun og‘ir sinov bo‘ldi. Bugun fojia qurbonlarini xotirlar ekanmiz, ularning oxirati obod bo‘lishi, O‘zbekistonda bu kabi voqealar boshqa sodir bo‘lmasligini so‘rab duo qilamiz.

Jamshid Niyozov, jurnalist
Montaj ustasi: Muhiddin Nido

Top