10:09 / 14.05.2022
8959

Ilon Mask Twitter’ni sotib olish jarayonini to‘xtatdi

Biznesmen ijtimoiy tarmoqdagi soxta va spam akkauntlar soni bo‘yicha hisob-kitoblar munosabati bilan Twitter’ni sotib olish bo‘yicha kelishuv «vaqtincha to‘xtatib qo‘yilganini» aytdi.

Foto: Reuters

Biznesmen va milliarder Ilon Mask Twitter kompaniyasini sotib olishni vaqtincha to‘xtatib, birjada chalkashliklarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoq soxta va spam akkauntlar sonini qanday hisoblashi haqidagi tafsilotlar aniq bo‘lmaguncha kelishuv vaqtinchalik to‘xtatib turiladi, deb yozdi Mask 13 may, juma kuni Twitter’da. Biroz vaqt o‘tgach, u hali ham onlayn servisni sotib olish niyatida ekanligini e’lon qildi. 

Mask hisob-kitoblarni tasdiqlovchi tafsilotlar olinmaguncha bitimning vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilishini tushuntirdi. Unga ko‘ra, spam uchun ishlatiladigan soxta akkauntlar «haqiqatan ham barcha foydalanuvchilarning besh foizdan kamrog‘ini tashkil qiladi». 

Premarket savdolarida Twitter aksiyalari taxminan 25 foizga tushib ketdi. Biroq Maskning hali ham Twitter’ni sotib olmoqchi ekani to‘g‘risidagi navbatdagi tvitidan so‘ng, taxminan ikki soat o‘tgach kompaniya aksiyalari biroz o‘sdi va natijada 9,7 foizga arzonlashdi. 

Aprel oyida Mask Twitter’ni qariyb 44 milliard dollarga (42 milliard yevro) sotib olmoqchi ekanligini ma’lum qildi. Kompaniya direktorlar kengashi dastlab bunga qarshi chiqdi, ammo keyin kelishuvni ma’qulladi. 

Juma kuni Twitter bosh direktori Parag Agraval Maskning tvitlari tufayli yuzaga kelgan noaniqlik bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. «Men kelishuv amalga oshadi deb o‘ylasam-da, biz barcha ssenariylarga tayyor bo‘lishimiz va har doim Twitter uchun to‘g‘ri bo‘lgan narsani qilishimiz kerak, deb hisoblayman», dedi Agraval. 

Twitter’dagi spam va soxta akkauntlar soni, boshqa narsalar qatori, reklamani jalb qilish uchun ham muhimdir. Kompaniya yaqinda ijtimoiy tarmoqning o‘rtacha 229 million kunlik foydalanuvchilari «monetizatsiya qilinadigan», ya’ni reklamaga reaksiya bildiradigan kishilar ekanini e’lon qildi. Twitter hisob-kitoblariga ko‘ra, ular orasida spam va soxta akkauntlarning ulushi besh foizdan kam bo‘lgan. 

Maskning o‘zi aprel oyi oxirida xariddan so‘ng Twitter’ni «har qachongidan ham yaxshiroq» qilish niyatida ekanligini aytdi. Buning uchun u yangi funksiyalarni taklif qilish va servis algoritmlarini ommaga e’lon qilish, natijada foydalanuvchilar tomonidan Twitter’ga «ishonchni oshirishga» erishmoqchi ekanini bildirdi. Shuningdek, u akkauntlar haqiqiyligini tekshirish, ijtimoiy tarmoqni spam-botlardan tozalash niyatida.

Maskning o‘zi ham Twitter’ning faol foydalanuvchisi hisoblanadi. Uning akkauntiga deyarli 93 million kishi obuna bo‘lgan. U bir necha bor mikrobloglar servisini so‘z erkinligini cheklashda ayblab, kompaniya sotib olinsa, senzuraga qarshi kurashishga va’da bergan. 

Tanqidchilar, agar Mask Twitter’ni sotib olsa, nafrat va feyk ma’lumotlar kabi potensial xavfli kontentning moderatsiyasini cheklashi mumkinligidan xavotirda. Faollar guruhlari, agar Mask haqoratli xabarlar yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarga eshikni ochib bersa, reklama beruvchilarni platformani boykot qilishga chaqirdi. 

Mavzuga oid
Top