09:00 / 20.05.2022
20325

AQSh va Rossiya global oziq-ovqat inqirozida bir-birini ayblab chiqdi

AQSh davlat kotibi Moskvani Qora dengizdagi portlar blokadasini tugatishga chaqirdi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili portlar Ukraina tomonidan bloklanganini ma’lum qildi.

Entoni Blinken (chapda) / Vasiliy Nebenzya (o‘ngda)

Amerika Qo‘shma Shtatlari va Rossiya Ukrainadagi urush fonida dunyo bo‘ylab oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat yomonlashganida bir-birini aybladi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 19 may, payshanba kuni BMT xavfsizlik kengashi yig‘ilishida «millionlab ukrainaliklar va butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar uchun oziq-ovqat tom ma’noda Rossiya harbiylari tomonidan garovda» ekanini aytdi.

«Sizning bosqinchilik urushingizni tanqid qilayotgan mamlakatlarga oziq-ovqat va o‘g‘it eksportini taqiqlash bilan tahdid qilishni bas qiling», — deya qo‘shimcha qildi Blinken. U Rossiyani Qora dengizdagi portlarda to‘sib qo‘yilgan Ukraina donini olib chiqib ketishga ruxsat berishga chaqirdi.

O‘sha yig‘ilishda so‘zga chiqqan Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Rossiya Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dengiz orqali olib chiqish imkoniyatini to‘sib qo‘ygani borasida e’tiroz bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buni Qora dengiz havzasini minalashtirib qo‘ygan Kiyev amalga oshirmoqda. Nebenzyaga ko‘ra, Ukraina rasmiylari «to‘sib qo‘yilgan kemalarning yig‘ilish hududiga xavfsiz chiqishi masalasini hal qilishda kemaga ega bo‘lgan xorijiy davlatlar vakillari bilan muloqot qilishdan qochmoqda».

Shuningdek, u sug‘urta xarajatlari, logistika muammolari va g‘arb bozorlaridagi chayqovchilik tufayli yuzaga kelgan inflyatsion spiral tufayli dunyo uzoq vaqtdan beri oziq-ovqat inqirozidan aziyat chekayotganini ta’kidladi. G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari dunyodagi oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top