17:21 / 24.06.2022
31116

Toshkent shahar hokimligi «Eskalator»dan 20 yildan beri qarz. Rossiya kompaniyasining «sabri tugamoqda» 

Rossiya kompaniyasi O‘zbekistonning Rossiyadagi mulklariga taqiq qo‘yilishini so‘rab sudga murojaat qilmoqchi. Bunga Toshkent shahar hokimligi ta’sischiligidagi davlat korxonasi Rossiya kompaniyasi oldidagi 2,5 mln dollar miqdoridagi qarzdorlikni to‘lab bermayotgani sabab bo‘lmoqda. 

Rossiyaning «Eskalator» kompaniyasi vakili Toshkent shahar hokimligi ta’sischiligidagi korxona qariyb 20 yillik qarzdorlikni to‘lab bermayotgani yuzasidan Kun.uz’ga murojaat qildi. Tahririyat murojaat bo‘yicha kichik surishtiruv olib bordi. 

Ma’lum bo‘lishicha, 1998 yil Rossiyaning «Eskalator» YoAJ va Qurilayotgan metropoliten liniyasi direksiyasi o‘rtasida eskalator uskunalari yetkazib berish bo‘yicha jami 9,1 mln dollarlik shartnoma imzolangan. Rossiya kompaniyasi tomonidan shartnoma asosida jami 11 to‘plam (komplekt) eskalator uskunalari va ularning ehtiyot qismlari yetkazib berilgan hamda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan. 

2001-2005-yillar davomida Toshkent shahar hokimligining budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 6,5 mln dollar miqdorida to‘lovlar amalga oshirilgan. 2,6 mln dollar qarzdorlik esa bugungi kungacha to‘lanmagan. 

Ushbu qarzdorlikni yopish maqsadida 2002 yil 2 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, maqsadli yo‘nalish belgilab berilgan. Biroq shunda ham hokimlik qarzdorlikni yopmagan. 

O‘tgan vaqt mobaynida Rossiya kompaniyasi bilan shartnoma qilgan tashkilot – Qurilayotgan metropoliten liniyasi direksiyasi bir necha marta qayta tashkil etilgan. Xususan, 2016 yil «Toshkent Texnotrans Locistik» DUK sifatida tashkil qilingan, uning yagona ta’sischisi 100 foizlik ulush bilan Toshkent shahar hokimligi hisoblanadi. 

2018 yil Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudi ishni ko‘rib chiqib, mavjud qarzdorlikni «Toshkent Texnotrans Locistik» DUK hisobidan «Eskalator» kompaniyasi foydasiga undirish haqida qaror chiqargan. Ushbu sud ishida nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida qatnashgan Toshkent shahar hokimligiga qarzni qoplashda yordam ko‘rsatilishi lozimligi belgilangan. 

Shu tariqa, sud qaroriga muvofiq ijro varaqasi chiqarilib, MIBning Shayxontohur tumani bo‘limiga yuborilgan. Ammo MIB tomonidan «Toshkent Texnotrans Locistik» DUK 2,6 mln dollarlik qarzni qaytarish uchun yetarli mablag‘ yoki mulkka ega emasligi aniqlangan. 2021 yil 2 mart kuni MIB «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 48-3-moddasiga asosan qarzdorlikni ta’sischi hisoblangan Toshkent shahar hokimligi mol-mulki hisobidan undirish bo‘yicha ariza kiritgan. Ammo bu ariza sud tomonidan rad qilingan. 

«Eskalator» YoAJ Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining qarori ustidan apellyatsiya bergan. Lekin Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati qarorni o‘zgarishsiz qoldirgan. 

Aslida Fuqarolik kodeksining 72-moddasiga ko‘ra, davlat korxonasining mol-mulki yetarli bo‘lmaganida davlat uning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar javobgar bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 16 oktyabrdagi 215-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Davlat korxonalari to‘g‘risida»gi Nizomning 26-bandi esa davlat korxonasi o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli mulk bilan javob berishi, muassis korxona mulki yetarli bo‘lmaganda davlat korxonasi majburiyatlari bo‘yicha subsidiar tartibda javob berishi belgilab qo‘yilgan. Demak, ushbu holatda Toshkent shahar hokimligi o‘z muassisligidagi «Toshkent Texnotrans Locistik» DUKning mol-mulki yetarli bo‘lmagani sababli subsidiar javobgar hisoblanadi.

2001 yil 15 avgustda Toshkent shahar hokimligi tomonidan «Eskalator» YoAJga shartnoma bo‘yicha mavjud qarzdorlikni 2002 yil 1 iyunga qadar har oyda 665,6 ming AQSh dollardan bo‘lib to‘lash bo‘yicha kafolat xati berilgan. Biroq oradan yigirma yil o‘tganiga qaramay, qarzdorlik to‘lanmagan. 

Masalaga Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ham aralashdi. Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 2021 yil 16 iyunda Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan xatda ta’kidlanishicha, Rossiya kompaniyasi holat ijobiy yechim topmasa, O‘zbekistonning Rossiyadagi mulklariga taqiq qo‘yish bo‘yicha sudga murojaat qilishini bildirgan. 

Masalani o‘rganib chiqqan Adliya vazirligi hukumatga kiritgan taklifida «Eskalator» kompaniyasi O‘zbekistonning Rossiyadagi davlat aktivlarini hibsga olish orqali da’volarni ta’minlash uchun ariza berish maqsadida Toshkent shahar iqtisodiy sudi tomonidan chiqarilgan ijro varaqasini mavjud xalqaro shartnomalar va bitimlar doirasida ijrosini ta’minlab kelayotgani haqida o‘z xavotirlarini bildirgan.

O‘zbekistonda buyurtma bajarib, pulini to‘liq ololmayotgan «Eskalator» kompaniyasining sabri tugab bormoqda, Rossiya nashrlarida mazkur ish bo‘yicha materiallar ko‘rina boshladi

Toshkent shahri hokimligining bir kompaniyadan qarzi ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda o‘ng‘aysizlik yuzaga keltirmasligi uchun ham masalaga hukumat darajasida e’tibor qaratilishi kerak bo‘lmoqda. 

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top