07:49 / 30.06.2022
5309

Parijda 2015 yildagi teraktlar bo‘yicha sud hukmi chiqarildi

2015 yilda Parijda sodir etilgan qator teraktlar oqibatida 130 kishi halok bo‘lgan, 350 kishi jarohatlangan edi.

Parij Adliya saroyi / Foto: AFP

2015 yilda Parijdagi hujumlar bo‘yicha sud jarayonida asosiy ayblanuvchi Saloh Abdusalom umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda 29 iyun, chorshanba kuni Parij Adliya saroyida hakamlar hay’ati ma’lum qildi.

32 yoshli Fransiya fuqarosi Abdusalom o‘sha paytdagi terrorchilar guruhi bo‘linmasidan omon qolgan yagona shaxsdir. U qamoq jazosini 30 yilga qisqartirish huquqiga ega bo‘lmaydi. Belgiyada Abdusalom allaqachon 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Boshqa ayblanuvchilar ham uzoq muddat qamoq jazosiga hukm qilindi. Belgiya fuqarosi Muhammad Abriniy muddatini 22 yilga qisqartirish taqiqlangan holda umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Uning vatandoshi Muhammad Bakkaliy, shuningdek, shved Usama Krayyem va tunislik Sofiyen Ayari 30 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Qolganlari ayblov so‘raganidan biroz kamroq jazo oldi.

Sud oldida javob bergan kelgan 20 nafar sudlanuvchidan 19 nafari barcha moddalar bo‘yicha aybdor deb topildi. 2015 yilgi hujumlar bo‘yicha sud jarayoni to‘qqiz oy davom etdi. 

2015 yilning 13 noyabrida Parijda sodir etilgan qator teraktlar oqibatida 130 kishi halok bo‘lgan, 350 kishi jarohatlangan edi. O‘sha kuni kechqurun hujum qilganlar dastlab Bataclan konsert zalida qirg‘in uyushtirib, bir qancha bar va restoranlarga qarata o‘q uzgan. Germaniya va Fransiya terma jamoalari o‘rtasidagi futbol o‘yini vaqtida Stade de France stadionida uch nafar xudkush terrorchi o‘zini portlatib yuborgan. 

IShID guruhi ketma-ket hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Terrorchilar guruhining aksariyat a’zolari o‘zlarini portlatib yuborgan. Jangarilardan biri o‘sha kuni kechqurun fransuz politsiyasi tomonidan otib o‘ldirilgan, qolganlari bir necha kundan keyin o‘ldirilgan. 

Mavzuga oid
Top