17:59 / 02.07.2022
43532

Shavkat Mirziyoyev Nukusga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga jo‘nab ketdi. Flight Radar servisi prezident samolyotidan tashqari hukumatning yana bir nechta samolyoti Nukusga qarab yo‘lga chiqqanini ko‘rsatmoqda.

Skrinshot: FlightRadar24

Kun.uz murojaat qilgan rasmiy manbalar davlat rahbari Nukusga yo‘l olganini tasdiqladi.

Shaharda kecha, 1 iyul kuni ommaviy miting bo‘lib o‘tgandi. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, bunga ayrim fuqarolar konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilgani sabab bo‘lgan.

Kecha oqshom O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Nukusda jamoat tartibi tiklangani, fuqarolarning qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasligi va barcha murojaatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Bugun, 2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston parlamenti, hukumati va Ichki ishlar vazirligi qo‘shma bayonot chiqarib, 1 iyul kuni bir guruh shaxslar fuqarolarni Qoraqalpog‘iston Respublikasining ma’muriy binolari oldiga yig‘ib, bu binolarni egallab olishga uringanini ta’kidladi.

Qoraqalpoq rasmiylariga ko‘ra, ular “populistik shiorlarni niqob qilib olib, fuqarolarning ongi va ishonchini manipulyatsiya qilgan”.

Huquqni muhofaza qilish organlari ommaviy tartibsizlik uyushtirishga urinishlar tarqalishiga chek qo‘ygan. Ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilarining bir guruhi hamda organlar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan shaxslar qo‘lga olingan.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Top