23:30 / 06.07.2022
118176

Nukus voqealari: Namoyishchilar Tajimuratovni Qoraqalpog‘iston rahbari deb e’lon qilmoqchi bo‘lgan

1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukusda boshlangan namoyishlar tartibsizlikka aylanib ketgandi. Namoyish yetakchisi Dauletmurat Tajimuratov masjid yonida va Nukus dehqon bozori ichida namoyishchilarga Qoraqalpog‘istonning O‘zbekiston tarkibidan ajralib chiqishi va o‘zini respublika rahbari deb e’lon qilish bo‘yicha da’vatlar qilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

6 iyul kuni bir qator OAV vakillari Nukus shahrida bo‘ldilar. Milliy gvardiya mintaqaviy bo‘limida joriy yilning 1-2 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklar haqida qo‘shimcha ma’lumot berildi. Bu haqda tadbirda qatnashgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Milliy gvardiya rasmiylarining ma’lum qilishlaricha, namoyishlar aniq reja asosida va konkret shaxslar tomonidan muvofiqlashtirib turilgan. Chunki qisqa vaqt ichida juda ko‘pchilik safarbar qilingan, ularga spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar tarqatilgan. Bu fakt namoyishchilar orasida tan jarohati olib vafot etgan 14 nafar shaxsdan 13 nafarida murdasi sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan tahlillarda spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar topilgani hamda ko‘plab surishtiruvlar natijasida tasdig‘ini topgan.

Dastlab 1 iyul kuni aholini ijtimoiy tarmoqlar orqali noqonuniy namoyishga chorlagan Dauletmurat Tajimuratov profilaktik suhbatga chaqirilgan. Bundan xabar topgan bir guruh shaxslar shahar ichki ishlar boshqarmasiga yetib borib ommaviy tartibsizliklar uyushtirgan. Keyinchalik tartibsizliklar Nukus dehqon bozorida ham davom etgan. Namoyishchilar bilan uchrashish uchun Jo‘qorg‘i Kenges raisi Murat Kamolov yetib boradi va to‘planganlar bilan muloqot qilishga kirishadi. Namoyishchilar Tojimuratovni olib kelishni talab qilib, qichqiradilar va bu talab bajarilib Tojimuratov ularning oldiga olib boriladi.

Aynan mana shu joyda avtomobilning tomi ustiga chiqqan Dauletmurat Tajimuratovni bir guruh shaxslar Qoraqalpog‘istonning yangi rahbari deb e’lon qiladilar va buning ramzi sifatida chopon kiydiradilar. Tojimuratov o‘z so‘zlarini shu choponni kiygan holda davom ettiradi va Qoraqalpog‘istonni O‘zbekiston tarkibidan chiqarishga va o‘zini yangi davlat rahbari deb tan olishga oid chaqiriqlar qiladi. Noqonuniy namoyish davomida uning tarafdorlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillariga jiddiy qarshilik ko‘rsatishgan.

Ayni paytda Tajimuratov Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) bilan ayblanmoqda.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Top