20:51 / 07.07.2022
8251

2022 yilda xorijda murakkab vaziyatga tushib qolgan 427 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi – Migratsiya agentligi

Qayd etilishicha, O‘zbekistonga qaytarilganlar orasida vaqtincha saqlash markazlarida qolib ketganlar, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolganlar, tibbiy yordamga muhtojlar bor.

Foto: Migratsiya agentligi

2021 yilda xorijda murakkab vaziyatga tushib qolgan 321 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgan bo‘lsa, 2022 yil 6 oyi davomida ushbu ko‘rsatkich 427 nafarni tashkil etgan.

“O‘zbekistonga qaytarilganlarning aksariyatini turli sabablarga ko‘ra chet elda qiyin vaziyatda qolib ketganlar, jumladan, vaqtincha saqlash markazlarida saqlanayotganlar, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolganlar, tibbiy yordamga muhtojlar tashkil etadi. Mana, kuni kecha agentligimizning Moskva shahridagi vakolatxonasi negizidagi Mehnat migrantlarining murojaatlari bilan ishlash va ularga huquqiy ko‘maklashish markazi xodimlari yordami bilan mahalliy korxonada ishlayotgan vaqtida jarohat olib, mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolgan yurtdoshimiz O‘zbekistonga davlat hisobidan olib kelindi. Bundan tashqari, ushbu fuqaroga mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolgani uchun kompensatsiya puli, davolanish xarajatlarini ish beruvchidan undirib berish masalasi ham hal qilinmoqda”, deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘ining matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov.

Uning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2022 yilda xorijdan O‘zbekistonga olib kelingan 427 kishidan 69 nafarining xarajatlari Mehnat vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan qoplangan.

“Chet elda qiyin holatga tushib qolgan o‘zbekistonliklarni vazirlik huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qaytarishning ham o‘ziga yarasha shartlari bor. Jumladan, buning uchun mehnat muhojirlari mehnat shartnomasi, ishlash huquqini beruvchi patent va boshqa hujjatlarga ega bo‘lishi, ya’ni chet elda qonuniy tarzda faoliyat yuritishi talab etiladi.

Shu bois ham joriy yilda vatanga olib kelinganlardan 37 nafarining xarajatlari xorijiy mamlakatdagi vakillarimiz topgan homiylar mablag‘lari hisobidan qoplangan. 3 nafar o‘zbekistonlik Xalqaro migratsiya tashkiloti hisobidan, qolgani esa O‘zbekistonning chet davlatdagi konsullik idoralari tomonidan qaytarilgan”, deydi Ortiqxo‘ja Norov.

Avvalroq aprel oyida xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan 214 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarilgani ma’lum qilingandi.

Top