17:51 / 07.07.2022
46423

Endi avtomobilga ishonchnoma rasmiylashtirish uchun notariusga borish shart bo‘lmaydi

2022 yil 1 sentabrdan avtotransportni boshqarish uchun ishonchnomalar my.gov.uz portali orqali elektron tarzda rasmiylashtiriladi. 6 oygacha muddatga beriladigan elektron ishonchnomalar uchun davlat boji keskin kamayadi. Yuridik shaxslar haydovchilarining har 2 yilda majburiy malaka oshirishi tartibi bekor qilindi.

Avtomobil boshqarishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga oid prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 sentabrdan avtotransportni boshqarish uchun ishonchnomalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (my.gov.uz) elektron rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Elektron ishonchnomani notarial tasdiqlash talab etilmaydi va u YPX xodimlari tomonidan elektron tekshiriladi.

Elektron ishonchnoma uchun davlat boji ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun belgilangan davlat boji (BHMning 3 baravari – 900 ming so‘m)ga nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi:

  • bir oygacha bo‘lgan muddatga – 10 foiz (90 ming so‘m);
  • olti oygacha bo‘lgan muddatga – 50 foiz (450 ming so‘m);
  • uch yilgacha bo‘lgan muddatga – 100 foiz (900 ming so‘m).

Yuridik shaxslar haydovchilarining 2 yilda 1 marta majburiy malakasini oshirish talabi bekor qilindi.

Bundan tashqari, 2022 yil 1 sentabrdan fuqarolar va yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar o‘rtasidagi transport ijarasi shartnomalarini notarial tasdiqlash talab qilinmaydi. Bunda mazkur shartnomalar soliq organlarida elektron hisobga olinadi.

Avvalroq xabar qilinganidek, mazkur qaror bilan 1 sentabrdan boshlab taksichilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar toifasiga kiritildi.

Top