08:15 / 07.07.2022
70678

Munozarali 17-bob va vazifasini professional bajarolmagan Konstitutsiyaviy komissiya - Kamoliddin Rabbimov bilan suhbat

Qoraqalpog‘istonda ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan namoyishlar mavzusi shu kunlarda dunyoning turli OAV va tahlilchilari tomonidan faol muhokama qilinmoqda. Va aniqki, bundan keyin ham turli rakurslarda qilingan shu kabi muhokamalar davom etaveradi.

Tartibsizliklar haqida gaplasharkanmiz, konstitutsiyaga taklif qilingan tahrirda Qoraqalpog‘istonga oid bandlar zarurati, g‘oyasi o‘zi nimada edi va uning realizatsiyasida qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yildi, degan tabiiy savollar bilan ham yuzlashamiz.

Ikkinchidan, Nukus voqealarida rasmiylar aytayotgani kabi xorijdagi kuchlarning qo‘li bormi?

Bu yog‘iga-chi, bizni qanday yangiliklar kutmoqda?

Kun.uz muxbiri Qoraqalpog‘istondagi so‘nggi voqealar yuzasidan paydo bo‘layotgan shu va boshqa savollar bilan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

Intervyu davomida shuningdek, konstitutsiya islohoti borasida barcha jarayonlarga mas’ul bo‘lgan konstitutsiyaviy komissiya, uning rahbari va 46 nafar a’zosi hozir qayerda, nega shu paytgacha biror so‘z aytmayapti degan savollarga ham javob izlandi.

— Kamoliddin aka, intervyu avvalida Qoraqalpog‘istondagi voqealardan sal orqaroqqa qaytib, konstitutsiya islohi va Qoraqalpog‘istonga tegishli o‘sha to‘rtta modda haqida so‘ramoqchiman. Ayting-chi, bu moddalarda taklif qilingan “suveren” so‘zini olib qo‘yish va referendumlar orqali Qoraqalpog‘istonning mustaqil bo‘lib chiqish qatorini olib tashlash nima degani o‘zi? 

Shuningdek, bu ayrimlar aytayotgani kabi tinch turgan arining iniga cho‘p tiqish edimi yo qandaydir siyosiy, geosiyosiy, huquqiy sabablari ham bormidi?

—O‘ylashimcha, bu zarurat edi va bu zarurat allaqachon pishib yetilgandi. Endi qarang, dunyoda “xalqaro huquq” degan tushuncha mavjud. Unga ko‘ra, bir suveren bo‘lgan bir davlatning tarkibida boshqa bir suveren, mustaqil davlat bo‘lishi mumkin emas.

Buning ustiga BMT bor va u dunyodagi eng yirik xalqaro tashkilot. Bu tashkilotga har bir davlat o‘zining ramzlari, hududi, sarhadlari, shaharlari hamda chegaralar uzunligi bilan kiradi. Ya’ni BMTni dunyodagi eng katta kadastr deyishimiz mumkin.

Hozir dunyo hamjamiyati O‘zbekistonni suveren davlat sifatida tan olgan. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston qonunchiligi, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va hududiy, huquqiy tizimni ko‘rib chiqishiga katta ehtiyoj bor edi.

Bu masalani qachondir baribir ko‘tarish mumkin edi deb o‘ylayman, sababi globallashgan dunyoda davlat ravnaqi, taraqqiyoti uchun, shuningdek, davlatning siyosiy va geosiyosiy mustaqilligini mustahkamlash va mintaqada integratsiyani jadallashtirish uchun mana shu ichki ziddiyatlarni ertami, kechmi olib tashlash kerak edi. To‘g‘ri, hozir bu masalaning ko‘tarilishi ma’lum bir chayqalishlarga, zo‘riqishlarga sabab bo‘lyapti, lekin ertami, kechmi bo‘lishi kerak edi.

Ishonchim komilki, bu ziddiyatlar, hududiy yaxlitligi nuqtayi nazaridan muammolar qancha erta olib tashlanadigan bo‘lsa, bartaraf etilsa, shuncha yaxshi.

Albatta, bu muammoning ko‘tarilishi tashqi dunyoga O‘zbekistonning ichki muammolari bor ekan – degan signal bo‘ladi deyish mumkin. Lekin hozirgi O‘zbekiston atrofidagi va mintaqadagi geosiyosiy vaziyat bu kabi muammolarning ko‘tarilishi hamda hal qilinishiga optimal bir sharoit bo‘ladi degan bo‘lar edim.

Sababi ShHTga a’zo davlatlarning barchasi O‘zbekiston hududiy yaxlitligi nuqtayi nazaridan munosabat bildirishdi. Ya’ni O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi mintaqaning qolgan davlatlari manfaatlariga ham 100 foiz to‘g‘ri keladi. Nima uchun? Chunki mintaqadagi eng katta millat bu – o‘zbeklar. Har bitta qo‘shni davlatlarda tarixan yashab keladigan o‘zbek hududlari, o‘zbek katta aholisi mavjud va mintaqada bitta katta davlatning chegaralari ko‘rib chiqilishi, «domino» jarayonini boshlab yuboradi. Natijada ularning o‘zida ham shunday muammolar paydo bo‘lishi mumkin, buni qo‘shni davlatlarning o‘zi ham juda yaxshi biladi.

Davlatlar deganda men hokimiyatlarni nazarda tutyapman, lekin jamiyatlarda, ya’ni fuqarolik yoki vatandoshlik jamiyati, faollarda yoki millatchilikka moyil bo‘lgan siyosatchi yoki shaxslardagi qarashlar, albatta, hokimiyatning pozitsiyasidan biroz yoki ancha farq qilishi mumkin.

Lekin hokimiyatlarning rasmiy pozitsiyasi O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi tarafida, demakki, bu – O‘zbekistonning to‘laqonli ichki ishlari deya bayonot berildi va bu – O‘zbekistonning yirik yutug‘i deb o‘ylayman.

— Konstitutsiyaga kiritish reja qilingan har bir modda va u ayniqsa, Qoraqalpog‘iston masalasi bo‘lsa, ancha-muncha muhokama va tahlil qilinadi, davlatning eng yuqori mulozimlari o‘rtasida kelishiladi.

Sizningcha, kamchilik qaysi nuqtada bo‘ldi, umumiy kayfiyat hisobga olinmaganimi yoki bu jarayon to‘g‘ri tushuntirib berilmaganidami?

— O‘ylashimcha, bir qancha nuqtada xatoliklar o‘tdi. Birinchidan, ijtimoiy tarmoqlarning tashqi dunyodagi foydalanuvchilari bildirgan fikr, harakatlar e’tiborga olinmadi. Ularga qanday munosabatda bo‘lish mexanizmlari ishlab chiqilmadi.

Ikkinchidan, biz bu islohotlarni, referendumni taklif qilamiz va hammasi ohista o‘tib ketadi degan kayfiyat kuzatildi. Bunda ijtimoiy fikrni bosqichma-bosqich tayyorlash uchun aslida yillar kerak bo‘ladi. Bir, ikki, uch yil.

O‘ylashimcha, bu islohotni tezroq o‘tkazib yuborish kerak, degan yondashuv xato bo‘lgan. Chunki kuchli argumentlar tayyorlash va jamiyatdagi ijtimoiy rozilikni mustahkamlash, xavotirlarni o‘rganish uchun ma’lum chora tadbirlar ko‘rilmadi.

Biz aytayotgan hududga faqat iqtisodiy yordamlar ko‘rsatish qaysidir ma’noda katalizator bo‘lishi ham mumkin. Chunki u qanday talqin qilinishi va qabul qilinishiga ko‘p narsa bog‘liq. Shulardan kelib chiqqanda, konstitutsiyaviy islohotlarni tayyorlagan komissiya ma’lum jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ydi.

— Shu ma’noda, bu ishlar bo‘layotganda jarayonlarga javobgar Konstitutsiyaviy komissiya va uning rahbari Akmal Saidov nima qilayotgandi, degan savol o‘rtaga chiqadi. Bunisi ham mayli, bu komissiya vaziyat bo‘yicha hozir ham biror tayinli izoh bermayapti. Shulardan kelib chiqib, komissiya faoliyatiga qanday baho berasiz?

— Komissiya juda shoshildi. Komissiya to‘laqonli, professional ishlamadi. Chunki insonlar uchun eng muhim narsa – ulardagi g‘oyalar ustuvorligi. Insonlar qachon vaziyatdan rozi bo‘ladi, qachonki, ularning tafakkuriga kuchli g‘oyalar joylashtirilganda. Argumentlashtirilgan, dalillangan kuchli g‘oyalar berilganda.

Agar insonlar tafakkurida norozilik bo‘lsa, taklif qilingan g‘oyalar ham teskari effekt beradi.

Komissiyaning tafakkurida birinchi ma’muriyatda bo‘lgani kabi mexanik nazorat orqali tafakkurni o‘tkazish ustun bo‘ldi va katta xato edi.

Komissiya kuchli, professional sifatida jamiyatga katta loyihalarni asosli ravishda berishga intilmadi.

— Ha, chindan ham komissiyaning bu jarayonlarda jamiyat bilan bog‘liqligi samimiy bo‘lmadi.

To‘g‘ri, masalan, g‘arb davlatlarida islohotlar juda kuchli asoslanadi. Islohotlarning maqsadi va vazifalari imkon qadar samimiy bo‘ladi. Albatta, har qanday moddani qabul qilishdan avval uni jamiyatga asoslab berish juda muhim. Shuning uchun ham g‘arbda intellektuallar. Qaytaraman, bizdagi komissiya judayam mexanik ishladi. Mexanik deganiki, biz jamiyatga aytamiz. Qolganini hokimiyatning o‘zi hal qilib oladi, bizning ishimiz aytish va ichkariga kirib ketamiz deya qarash.

— Biz konstitutsiyaviy komissiya gapirmadi, deyapmiz-u, balki gapirmagani ham ma’quldir. Ular hozir chiqib gapirganda ham nima deydi, yana maqtashadi-da.

— Ha, hozirgi kontekstda komissiya chiqib, vaziyatga o‘z munosabatini bildirsa, yana qo‘shimcha teskari effekt, salbiy munosabatlarga sababchi bo‘lishi mumkin. Bu nuqtayi nazardan, fikringizga qo‘shilaman. Lekin komissiya professional ishlaydigan bo‘lsa, mas’uliyatni his qilsa, undagi to‘liq tarkib yoki ma’lum shaxslar iste’fo berishi kerak.

Bir tomondan jamiyatning ularga bo‘lgan ishonchsizligini ko‘rib turib, ikkinchi tomondan ular kerak paytida to‘liq mas’uliyatni davlatga yuklab, jamiyatga ko‘rinmasligi ularning jiddiy siyosiy va huquqiy xatosi. Ularning jiddiy mas’uliyati bor va ular bu mas’uliyatni o‘ziga rasmiylashtirishi kerak. Asosiysi siyosiy madaniyat. Bizning siyosatchilarda esa avtoritar siyosiy madaniyat juda kuchli.

Dunyo davlatlarida jamiyatning ko‘z o‘ngida biror missiya olinar va jamiyatning ko‘z o‘ngida muvaffaqiyatli chiqmay qolar ekan, o‘sha komissiya o‘zlariga iste’fo beradi. U partiya rahbarimi, boshqasimi, farqi yo‘q.

Masalan, partiyalarning liderlari o‘z okrugidagi saylovda yetarli ovoz ololmasa, o‘sha partiya liderligidan ketadi. Qanday qilib o‘z okrugida yetarli ovoz ololmagan siyosatchi butun boshli partiya lideri bo‘lishi mumkin?

— Bizda so‘nggi parlament saylovlarida shunday holat bo‘ldi. Lekin u iste’fo bermadi.

— Ha, bu aslida juda kulgili holat. Bunday vaziyatda butun mas’uliyatni davlat rahbariga tashlab, qolganiga o‘zing javob berasan deyish katta xato.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Top