09:17 / 09.07.2022
9650

Saudiya Arabistoni pandemiya boshlangandan buyon eng ko‘p ziyoratchini qabul qildi

Bu yilgi haj mavsumida 1 million ziyoratchi qabul qilingan.

Foto: Reuters

Saudiya Arabistonining Haj va Umra masalalari vazirligi aprel oyidayoq joriy yilda haj qiluvchilar soni 1 milliondan oshmasligini e’lon qilgandi. Bu cheklov mahalliy va xorijiy ziyoratchilarga birday taalluqli. Ya’ni mahalliy hojilarga kvotadan tashqari ustunlik taqdim etilmagan.

Bu yil hajni ado etuvchilarning 850 ming nafarini Saudiya Arabistoniga boshqa mamlakatlardan keladigan hojilar tashkil etishi belgilangan. Shundan 12 ming nafari o‘zbekistonliklardir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining xabar berishicha, Makkada bo‘lib o‘tgan Buyuk hajning katta 46-simpoziumida 2022 yilgi haj kvotasi Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyasiga ko‘ra belgilangan. Simpoziumda so‘zga chiqqan Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri Tavfiq ar-Rabia mamlakat rahbariyatining pandemiya sharoitida hajni davom ettirish to‘g‘risidagi qarorini yuqori baholadi.

“Biz 2020 yilda haj marosimlarini o‘tkazmaslikni tavsiya qildik. Biroq, Qirol Salmon ushbu marosimni to‘xtatmaslikka va ziyoratchilar sonini 1000 kishigacha cheklashga qaror qildi. Haj ziyorati esa ziyoratchining xavfsizligini kafolatlovchi barcha ogohlantirish va profilaktika choralariga rioya etilgan holda amalga oshirilib, natijalar dalda beruvchi va ishonchli bo‘ldi”, degan saudiyalik vazir.

Joriy yilda ziyoratchilar uchun qat’iy talablar qo‘yildi: ularning yoshi 65gacha bo‘lishi, Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan koronavirusga qarshi vaksinalar bilan emlangan bo‘lishi lozim. Xorijliklar Saudiya Arabistoni hududiga kirishdan ko‘pi bilan 72 soat oldin koronavirusga manfiy test topshirgani to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etishi kerak.

2019 yili 2,4 mln nafar musulmon Haj qilgan edi. Pandemiya tufayli 2020 yilda bor-yo‘g‘i 10 ming, 2021 yilda esa 60 ming nafar mahalliy ziyoratchi Haj ziyoratini ado etishgandi. Xorijlik ziyoratchilar ikki yil ketma ket haj qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgandi.

Top