09:40 / 19.07.2022
8727

Yevroittifoq Boku bilan 5 yil ichida Ozarboyjondan gaz importini ikki baravar oshirishga kelishib oldi

Bryussel Bokuni gaz ta’minoti xavfsizligini ta’minlashda eng muhim hamkor deb bilyapti. Yevrokomissiya rahbari fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, YeI bir necha yil ichida Ozarboyjondan gaz importi hajmini ikki barobarga oshirish niyatida.

Foto: Reuters

Yevropa ittifoqi Rossiya yetkazib berayotgan gaz o‘rniga Ozarboyjondan gaz importini ikki barobarga oshirish niyatida. 

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 18 iyul, dushanba kuni Bokuga tashrifi chog‘ida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan besh yil ichida gazni janubiy gaz yo‘lagi orqali yetkazib berish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Gaz yo‘lagi 2027 yildan boshlab ikki baravar kengayadi, Yevropaga har yili kamida 20 milliard kubometr yonilg‘i yetkazib berilishi kerak. 

Fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, hozir Ozarboyjondan yiliga 8,1 milliard kubometr gaz yetkazib berilmoqda, kelasi yili bu ko‘rsatkich 12 milliardga yetishi kerak, bu «Rossiya gazi yetkazib berilishining qisqarishini qoplashga yordam beradi». 

Yevropa komissiyasi rahbarining aytishicha, deklaratsiya Ozarboyjon bilan «energetika sohasidagi hamkorlikda yangi sahifa» ochadi. Hujjatni imzolashdan biroz oldin u Twitter’da shunday deb yozdi: «Yevropa ittifoqi yanada ishonchli energiya tashuvchilarga murojaat qilmoqda». 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Boku «bizning ta’minot xavfsizligimizni ta’minlash va iqlim neytralligimiz yo‘lida» YeIning eng muhim hamkoriga aylanadi. 

Memorandum gaz yetkazib berishdan tashqari qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida ham yaqin hamkorlikni nazarda tutadi. Fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon bu sohada, ayniqsa, dengizda shamol energiyasi va «yashil» vodorod sohasida «katta salohiyatga» ega. Ozarboyjon qazib olinadigan yonilg‘i yetkazib beruvchidan qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha hamkorga aylanadi. Iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida ikki tomon ham tez orada tuziladigan kelishuv ustida ishlamoqda. 

Bir necha kun avval Yevrokomissiya Yevropa ittifoqi mamlakatlariga Boku bilan shartnoma tuzishni taklif qilgan edi, bu Ozarboyjon tomonidan gaz qazib olishni kengaytirish va Rossiya energiya tashuvchilariga qaramlikni kamaytirish maqsadida quvurlar tarmog‘ini kengaytirishni nazarda tutadi. 

2021 yilda Yevropa davlatlari Transadriatik gaz quvuri (Janubiy gaz yo‘lagi quvurlari tarmog‘ining segmenti) orqali 8 milliard kubometrdan ortiq Ozarboyjon gazini oldi. 

Mavzuga oid
Top