20:17 / 20.07.2022
8639

Navoiyda fermerlarga 1 mlrd so‘mga yaqin pul undirib berildi

Xatirchi va Navbahor tumanlaridagi 100dan ortiq fermer xo‘jaligiga paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun iste’mol qilingan elektr energiyasi qiymati to‘lab berilmagan.

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi qarorida fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi elektr energiyasi iste’molini hisobga olish uskunalari bilan ta’minlangan nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarining paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun iste’mol qilgan elektr energiyasi qiymati davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi belgilangan.

Ammo Xatirchi tumanidagi 72 ta fermer xo‘jalikka paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun iste’mol qilgan elektr energiyasi qiymati to‘lab berilmagan. Bundan norozi bo‘lgan fermerlar tuman adliya bo‘limiga murojaat qilishgan. Olib borilgan o‘rganish natijasida viloyat moliya boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosi ta’minlanmagani hamda hududdagi fermerlarga jami 800 mln so‘mga yaqin pul mablag‘lari to‘lab berilmagani aniqlangan. Shuningdek, Navbahor tumanida ham 40ga yaqin fermer xo‘jaligiga mazkur yo‘nalishda 200 mln so‘m mablag‘ to‘lanmagan.  

Xatirchi va Navbahor tumanlari adliya bo‘limlari tomonidan fermerlar manfaatida sudga kiritilgan da’vo arizalari qanoatlantirilib, yer egalariga 1 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘lari undirib berildi.

Navoiy viloyati adliya boshqarmasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda fermer xo‘jaliklariga ko‘rsatilgan huquqiy yordamlar natijasida ularning manfaatiga jami 4 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘lari undirilgan.

 

Mavzuga oid
Top