11:30 / 20.07.2022
5280

Tayyorgarligi ko‘rilmagan “markirovka”, yuqori bojlarga duchor bo‘lgan BFQlar, yo‘q joydan chiqib kelgan jarimalar - SSPda farmatsevtika muammolari muhokama qilindi

16 iyul kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash hamda farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlarini rivojlantirish va ular faoliyatida duch kelinayotgan muammolar yechimiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ochib berdi va farmatsevtika sohasidagi bugungi holat hamda ushbu yo‘nalishdagi tadbirkorlarning sohadagi muammolarini aniqlash, takliflarini o‘rganib chiqishda yanada faol bo‘lishga chaqirdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.Qosimov, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov, Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari N.Musamuhamedov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori S.Kariyev, “Dori-Darmon” AJ boshqaruv raisi U.Solihboyeva hamda yurtimizda dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish, shuningdek ulgurji savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 150 nafar tadbirkorlik sub’yektlari ishtirok etishdi.

Qizg‘in muhokama davomida sohada mavjud muammolar tilga olindi va ularning yechimi borasida munozaralar bo‘lib o‘tdi. Xususan joriy qilinishi belgilangan majburiy markirovkaga hanuz tayyorgarlik ko‘rilmagani, tadbirkorlar va soliq idoralari o‘rtasidagi texnik va boshqa muammolar mavjudligi, aholi salomatligi uchun muhim bo‘lgan vitaminlar hamda biologik faol qo‘shimchalar uchun yuqori bojlar solinganligi va boshqa ko‘plab muammolar muhokama qilindi.    

Savdo-sanoat palatasi Matbuot xizmati Ⓣ

Top