13:07 / 21.07.2022
21015

Imomali Rahmon Afg‘onistondagi vaziyat yomonlashishini taxmin qildi

Tojikiston rahbari «bundan ham yomonroq bo‘ladi» dedi, uning nutqini esa jonli efirda uzatish to‘xtatildi.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Afg‘onistondagi vaziyat yanada yomonlashishi mumkin. Bizning prognozlarimizga ko‘ra, bundan ham yomon bo‘ladi, dedi Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 21 iyul kuni Cho‘lponotada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida.

Uning fikricha, Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan voqealar nafaqat Markaziy Osiyoga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ular butun Yevrosiyo qit’asida geosiyosiy muvozanat va kuchlarning o‘zgarishiga olib kelishi mumkin, deb yozadi AKIpress.

«O‘tgan vaqt davomida «Tolibon» harakati rahbariyati jahon hamjamiyatini va Afg‘oniston aholisini o‘z hokimiyatining qonuniyligi, mamlakatdagi vaziyatni nazorat qila olishi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlay bilishi, yuzaga kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishi qobiliyatiga ishontirish bo‘yicha choralar ko‘rmadi.

Aksincha, va’dalar va kafolatlardan farqli o‘laroq, «Tolibon» barcha siyosiy va etnik kuchlarning keng ishtirokida hukumat o‘rnatilishiga har tomonlama to‘sqinlik qilmoqda», — dedi u. 

Rahmonga ko‘ra, «Tolibon» ma’muriyati hozirgi ko‘rinishida mamlakatni boshqarish muammolarini hal qila olmayapti. «Ayni paytda, toliblar turli etnik guruhlarni kamsitish va qattiq diniy konservatizmga qaratilgan agressiv siyosat olib bormoqda», dedi u. 

Shundan so‘ng jonli efir uzilib qolgan. Translatsiya biroz vaqt o‘tgach tiklangan, unda Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov o‘z nutqini boshlagan. 

Top