14:35 / 21.07.2022
10462

Toshkentning qator hududlari yana elektr ta’minotisiz qoldi. Energetika vazirligi izoh berdi

Tahririyatga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida poytaxtning bir qancha tumani «svet»siz qolgan.

21 iyul kuni soat 14:00 atrofida elektr energiyasi ta’minotida yoppasiga uzilish kuzatilgani aytilmoqda. Tahririyatga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida poytaxtning bir qancha tumanlari “svet”siz qolgan. 

Energetika vazirligi bu uzilishlar sababini anomal issiq bilan izohladi va ayrim hududlardagi elektr ta’minotida yuzaga kelayotgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan zudlik bilan bartaraf etilishi ta’minlanayotganini ma’lum qildi.

«Shu kunlarda respublikamizning barcha hududlarida havo haroratining anomal isib ketishi natijasida ayrim joylardagi transformator punktlari hamda kabel tarmoqlarida iste’mol yuklamasi ortishi kuzatilib nosozliklar kelib chiqmoqda.

Ushbu elektr tarmoqlaridagi favqulodda holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida hududlar bo‘ylab tun-u kun ishlaydigan 227 ta avariyaga qarshi maxsus brigadalar tashkil etilgan bo‘lib, yuzaga kelgan nosozliklar zudlik bilan bartaraf etib borilmoqda.

Ana shunday anomal issiq natijasida yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz», deyiladi vazirlik xabarida. 

Shu yilning boshida ham Toshkent shahrining aksariyat hududlarida elektr energiyasi uzilib qolgan, energetik kollaps metro harakati va suv ta’minotida ham muammolarni keltirib chiqargandi.

Keyinchalik qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham svet yo‘qlishi, butun Markaziy Osiyoda bo‘ylab blekaut yuz bergani ma’lum bo‘lgandi.

Kun.uz anomal issiq tufayli O‘zbekiston jazirama rekordlari yangilanishi kutilayotgani haqida ogohlantirib, energota’minot bunga qanchalik tayyorligi bilan qiziqqan, biroq mutasaddilar tahririyat savollarini javobsiz qoldirgandi.

Odamlar jaziramada elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlanmayotgani bilan bog‘liq muammoni o‘tgan yili ham ko‘tarilgan, o‘shanda soha mas’ullari havo keskin isib ketishi oqibatida transformatorlar, ayniqsa, katta podstansiyalarda ishlab turgan transformatorlar qizib ketayotgani, ularning ichidagi o‘ramni sovitib turuvchi yog‘ qaynab ketayotgani sababli ikki-uch soatga o‘chirib sovitishga to‘g‘ri kelayotgani, uzilishlar sutkaning faqat kunduzgi soatlarida quyosh qattiq qizdirgan paytga to‘g‘ri kelib, tungi soatlarda muammo yo‘qligini ma’lum qilishgandi.

Mavzuga oid
Top