08:55 / 21.07.2022
9362

XVJ Germaniya iqtisodiyoti uchun o‘sish prognozini keskin pasaytirdi

Germaniya YaIM 2022 yilda kutilgan 2 foiz o‘rniga 1,2 foizga o‘sadi, deya prognoz qilmoqda Xalqaro valuta jamg‘armasi. Asosiy muammo - Rossiyadan gaz yetkazib berishning qisqarishi. Uning to‘liq to‘xtashi retsessiyaga olib keladi.

Foto: Picture Alliance

Xalqaro valuta jamg‘armasi Germaniya iqtisodiyotining o‘sishi bo‘yicha prognozini keskin pasaytirdi: 2022 yil oxirigacha YaIM 1,2 foizga, 2023 yilda 0,8 foizga o‘sishi kerak, deyiladi tashkilotning 20 iyul, chorshanba kuni e’lon qilingan hisobotida. May oyida XVJ ekspertlari yillik o‘sish taxminan 2 foizni tashkil etishini kutayotgan edi, Germaniya Federal banki esa kelgusi yilda 2,4 foizlik o‘sishni kutmoqda. Taqqoslash uchun, pandemiyadan keyingi 2021 yilda YaIM 2,9 foizga o‘sdi.

Pessimizmning asosiy sababi - Rossiyadan gaz yetkazib berishning qisqarishi, bu iqtisodiy faollikning jiddiy pasayishiga va inflatsiya tezlashishiga olib kelishi mumkin, deya qayd etadi XVJ. Iste’mol narxlarining o‘sishi 2022 yilda 7,7 foizni tashkil etishi va 2023 yilga kelib 4,8 foizgacha pasayishi kutilmoqda. 

Hisobotda aytilishicha, Rossiyadan gaz importi butunlay to‘xtatilgan ssenariy Germaniya YaIMning 2022 yilda 1,5 foizga, 2023 yilda esa 2,7 foizga qisqarishiga olib keladi. 

XVJning Germaniya bo‘yicha eksperti Oyya Selasun aniqlik kiritishicha, ko‘plab noaniqliklarga qaramay, fond nemis iqtisodiyoti uchun o‘sish potensialini ko‘rmoqda: talab va ishlab chiqarish bo‘yicha statistik ma’lumotlar quvonarli, biroq hammasi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va sanksiyalarga tayanadi. Germaniya eksportga juda bog‘liq, ta’minot zanjirlari buzilgan va bu vaziyat tezda hal etilmaydi, deb hisoblaydi Selasun. 

XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, urush Germaniya moliya sektoriga faqat cheklangan darajada ta’sir ko‘rsatdi: banklar umuman barqarorlikni namoyish etmoqda. 

Koronavirus pandemiyasi boshlangan 2020 yilgacha Germaniya YaIM ketma-ket 10 yil o‘sdi. 

Mavzuga oid
Top