13:58 / 22.07.2022
10181

"Bir o‘g‘lim saratondan vafot etdi, ikkinchisida og‘ir dard": bir ona uchun ikki farzand dog‘i

Andijonlik Jamila Ibragimovaning bir o‘g‘li xorijda qurilishda ishlayotib baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan bo‘lsa, bir o‘g‘li u yerdan og‘ir kasallik bilan qaytgan. 

Xorijda rizq topib oilasiga yuborayotgan ikki o‘g‘lining hayoti parokanda bo‘lgan onaizorning so‘zlarini tinglash oson emas. Andijon shahridan kelgan Jamila Ibragimova besh farzandning onasi edi. Ikki o‘g‘li xorijda ishlab, ro‘zg‘or tebratayotgan bir paytda oilaning boshiga ketma-ket tushgan kulfatlar ota-onani sarosimaga solib qo‘ydi. Qurilishda ishlayotgan to‘ng‘ich o‘g‘illari baxtsiz hodisa tufayli yuqori qavatdan tushib ketgach, bir nechta operatsiyalar bilan tirik qoladi. Ammo vataniga qaytgandan keyin uning salomatligi yomonlashib, saratonga chalinganligi ma’lum bo‘lgan.

"O‘g‘lim oxirgi nafasi chiqquncha qizalog‘ining yolg‘iz qolayotganidan xavotirda ketdi. Ukalari uni yolg‘izlatib qo‘ymasliklarini aytgandan keyin o‘g‘lim vafot etdi", - deydi o‘tgan voqealarni eslab ona.

Taqdir o‘yinini qarangki, uning keyingi o‘g‘li Doston Ibragimov ham tirikchilik uchun Rossiyada ishlayotgan chog‘ida salomatligida o‘zgarishlar kuzatila boshladi. Butun tanasidagi shish tobora ko‘payganligi sabab O‘zbekistonga qaytgan yigit tekshiruvlardan o‘tganda unga o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yildi. Shuning uchun hozir 30 yoshni to‘ldirayotgan Doston 6 yildan beri gemodializ muolajalari bilan yashab kelmoqda.

"Akamning bolalarini ham zimmamga olgandim. Har doim o‘zim pul topib, ota-onamga yordam berishga harakat qilardim. Hech bo‘lmaganda dehqonchilik qilib, bozorda sotib tirikchilik qilardim, uyga non topib kelardim.

Hozir men ota-onamga qarab duo oladigan paytda, ular meni parvarish qilishyapti. Ularni haj safarlariga jo‘natmoqchi edim. Shunaqa ahvolga tushganimdan ezilaman, ammo shu sinov ham bor ekan. Sog‘ayib shu niyatlarimga yetishdan umid uzmayman", - deya o‘kinadi bemor.

Bir oilaga kelgan qo‘sh kulfat ularni miskin, ezgin qiyofaga keltirgan. Dostonga donor bo‘lishni istagan akasi hayotdan o‘tgach, u jiyanining ta’minotini ham o‘z bo‘yniga olgan edi. Lekin bugun uning o‘zi shunga muhtoj. Bemorga ko‘mak bergan har bir saxiy qo‘l yetimlikda o‘sayotgan qizaloq uchun ham cho‘zilgan bo‘ladi. Qo‘sh savob olish umididagi vatandoshlar oramizda juda ko‘pligi shubhasiz.

Doston Ibragimovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0417 2314 7725 bemor Doston Ibragimov nomida

Manzil: Andijon shahar, Baynalminal ko‘chasi, 93 uy.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Tasvirchi - Abdusalim Abduvohidov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top