11:55 / 22.07.2022
31291

Kongressda respublikachi deputat Ukrainaga yordam masalasida shovqin ko‘tardi: Kiyev buni «rus propagandasi» deb atagan

AQSh Kongressining kelib chiqishi ukrain bo‘lgan a’zosi Viktoriya Sparts Ukraina hukumatini urushga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmaganlikda aybladi. U Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Rossiyaga ishlashiga ishora qilgan. Kongressvumen bu fikrga razvedka ma’lumotlari asosida kelganini aytgan.

Foto: Tom Williams / CQ-Roll Call, Inc / Getty Images

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ushbu chiqishga munosabat bildirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Spartsning so‘zlari faol muhokama qilindi. BBC Viktoriya Spartsning bayonoti atrofidagi voqealarni tahlil qildi.

Sparts Ukraina hukumatini nimada aybladi?

Qizlik familiyasi Kulgeyko bo‘lgan Viktoriya Spartsning millati ukrain, Chernihivda tug‘ilgan. Oliy ma’lumotni Kiyevda olgan, 2000 yildan buyon AQShda yashaydi. 2020 yil AQSh Vakillar palatasiga Indiana shtatidan saylangan.

Urush boshlanganidan buyon deputat tabiiyki faollashib qoldi: Kongressga murojaat qilib, vataniga yordam berishni so‘radi, urush boshlanganidan buyon olti marta Ukrainaga keldi.

6 iyul kuni Sparts AQSh prezidenti Jo Bayden va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni tanqid qilib chiqdi. «Bayden va Zelenskiy odamlarning hayoti bilan o‘ynashni bas qilishi shart. Kongress Ukrainadagi vaziyatni to‘g‘ri baholashi kerak», dedi u.

Deputat Baydenni «siyosiy o‘yinlarni bas qilib» Ukrainaga xavfsizlik masalasida ushbu mamlakatdagi holatdan kelib chiqqan holda yordam berishga chaqirdi. Uning fikricha, Zelenskiy ham armiya va mahalliy hokimiyatlarni boshqarish o‘rniga «teatr va siyosatda o‘yin qilmoqda».

Sparts Kongress Ukrainaga kerakli qurollar berishi, og‘riqli muammolarni nazoratga olishi kerakligini ta’kidladi. Kelib chiqishiga ko‘ra ukrain bo‘lgan deputat birinchi chiqishida Ukraina prezident ma’muriyati rahbari Andrey Yermak haqida gapirmagandi, ammo 8 iyul kuni yana bir chiqish qilgan siyosatchi AQSh prezidenti Jo Baydenga Zelenskiy jamoasi rahbari Yermak ustidan surishtiruv o‘tkazish so‘rovi bilan murojaat qilib, xat yozganini aytdi. Uning fikricha, Yermakning Rossiya bilan aloqalari tekshirilishi kerak. Deputatning fikricha, aynan Yermakning o‘rinbosari Oleg Tatarov korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tashkilotlar faoliyatiga to‘sqinlik qilmoqda.

Qisman e’lon qilingan xatga Ukraina hukumati vakillari ham e’tibor qaratishdi. Sparts xonim xatda Yermakning faoliyatiga shubha bildirar ekan, bu xulosalarga razvedka ma’lumotlari asosida kelganini aytadi.

«Ukraina sizning ma’muriyatingiz tomonidan xavfsizligi uchun ko‘proq va tezroq yordam olishi kerak. Afsuski, hozircha bunday bo‘lmayapti», degan Sparts AQSh prezidentiga murojaat qilar ekan.

Viktoriya Sparts ishtirokida Ukraina uchun lend-liz to‘g‘risidagi qonunni imzolash marosimi. Foto: GETTY IMAGES

Deputat Andrey Yermak Ukraina Ichki ishlar vazirligi tergov boshqarmasi rahbari Oleg Tatarovni o‘z yordamchisi qilib tayinlaganiga ham e’tibor qaratgan. Spartsning aytishicha, aynan Tatarov Ukrainada korrupsiyaga qarshi kurashish uchun maxsus mas’ul tayinlash ishlarini ortga surib kelmoqda.

«2020 yil hozirgi lavozimga kirishishdan avval janob Tatarov Ukraina aksilkorrupsiya byurosi kuzatuvi ostida bo‘lgan, uning ishini oddiy prokuror ko‘rgan va yopib yuborgan. Janob Tatarov Yanukovich boshqaruvi vaqtida ham ichki ishlar vazirligida yuqori lavozimda bo‘lgan, Yevromaydan ishtirokchilarini ta’qib qilgan», deyiladi xatda.

Andrey Yermak va Oleg Tatarov borasidagi gaplar Ukrainada ikki yildan buyon tinmaydi. Sparts xonimning chiqishi Zelenskiy va uning jamoasi tanqidchilari uchun ayni muddao bo‘ldi. Deputatning Bayden ma’muriyati Ukrainaga juda sekin yordam yuborayotgani haqidagi tanqidi esa e’tiborsiz qoldirildi.

TIVning keskin munosabati va Yermak manziliga ayblovlar

9 iyul kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Oleg Nikolenko Facebook'dagi sahifasida amerikalik deputatning chiqishlariga munosabat bildirdi. Uning aytishicha, Sparts xonim rus propagandachilarining usulidan foydalangan holda Ukraina hukumatidagilar Rossiyaga ishlashi haqida safsata so‘qigan. TIV vakili Sparts Ukrainani AQSh ichki siyosatidagi voqealarga aralashtirmoqchi bo‘layotganini aytdi.

«Sparts xonim urush mavzusida gapirib ukrainaliklar alami ortidan siyosiy mavqeyini ko‘tarishga intilmoqda, undan bu harakatlarini to‘xtatishini so‘raymiz. Bu so‘zlarni Kongressda kelib chiqishi ukrainalik bo‘lgan odam gapirgani ayniqsa g‘alati», dedi Ukraina TIV vakili. Uning aytishicha, AQSh Ukrainaga yordam berayotganini gumon ostiga olish kerak emas.

Oleg Nikolenkoning yozishicha, Kongress a’zosining bu chiqishlari Kreml uchun ayni muddao bo‘lgan.

Rossiya armiyasi urushning ilk haftasidayoq Xerson oblastining katta qismini egallab olishi Mariupol qurshovda qolishiga olib kelgandi

Viktoriya Sparts Ukraina Tashqi ishlar vazirligidan uning chiqishlarini jiddiy qabul qilishni so‘rab, Andrey Yermak borasida gumonlarini bildirgan. Bular:

  • Ma’lumotlar Belarusga sizib chiqishi sabab Ukrainaning «vagnerchilar»ni ushlash operatsiyasi barbod bo‘lgani.
  • Urushgacha bo‘lgan vaqtda Rossiya bilan munosabatlardagi muvaffaqiyatsizlik.
  • Yermak Ukraina hukumatini Rossiya fevralda bostirib kirmasligiga ishontirishga uringan, xorijiy razvedka ma’lumotlarini esa ishonchsiz deb atagan. Shu orqali Ukraina urushga tayyorlanishiga xalaqit bergan.
  • Xersonni sobataj qilib ruslarga topshirish va bu orqali Mariupoldagi «Azov»chilarni yakkalatish.
  • Asossiz va hatto noqonuniy tarzda tezkor harbiy xaridlarni kechiktirish.
  • Yordamchisi Oleg Tatarov orqali korrupsiyaga qarshi kurashuvchi maxsus prokuror tayinlanishini kechiktirish.

Demokratlar Spartsni tanqid qilmoqda

AQSh Kongressidagi ukrain kokusi hamraislaridan biri Marsi Kaptur Spartsning chiqishlarini tanqid qildi

Viktoriya Spartsning hamkasbi, Vakillar palatasiga demokratlardan saylangan Marsi Kaptur ham uni tanqid qildi. Kaptur AQShda yashagan ukrainalik muhojirlarning farzandi va hozirda Kongressdagi Ukraina bo‘yicha deputatlar guruhi yetakchisi. Uning aytishicha, Ukraina tirik qolish uchun kurashishda davom etar ekan, AQSh Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlaydi.

«Urush vaqtida Ukraina hukumati vakillariga ishonchsizlik bildirganlar faqat Putin va uning propagandasi uchun xizmat qiladi. Ittifoqchi sifatida Zelenskiy va uning jamoasi bilan urushni oxirigacha yetkazish uchun harakat qilamiz», deydi Kaptur.

Sparts Yermak iste’foga chiqishi kerakligini aytmoqda

11 iyuldagi yangi chiqishida Sparts Andrey Yermakning iste’fosini talab qilib, Ukraina hukumatini armiyaga ko‘proq yordam berishga chaqirdi. Uning aytishicha, Kiyev aynan Yermakning rahbarlida jang maydonida qahramonlik ko‘rsatayotgan armiya askarlarini qo‘llash o‘rniga siyosat bilan shug‘ullanib o‘tiribdi.

«Andrey Yermak vijdonli siyosatchi bo‘lsa, Ukraina hukumatini Rossiya hech qachon hujum qilmasligiga ishontirgani uchun qishdayoq ishdan ketgan bo‘lardi», degan Sparts Zelenskiy ma’muriyati rahbari ishdan ketishi kerakligini ta’kidlar ekan. Sparts Ukrainaga yuborilgan qurollarni alohida tashkilot nazorat qilishi shartligini aytgan va bu vaqtni cho‘zishi haqidagi fikrlarga qarshi chiqqan.

Sparts Yermak iste’foga chiqishi kerakligini aytmoqda. Foto: NURPHOTO

11 iyul kuni, Sparts xonim iste’fosini talab qilgan kunda Yermak AQSh prezidentining xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyek Sallivan bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu borada deputat tvitterdagi sahifasida post qoldirdi. «Umid qilamanki, janob Sallivan Kiyevda Kobuldagidan yaxshiroq harakat qiladi», deb yozdi AQSh ketgach Afg‘onistonda xaos boshlanganiga ishora qilib.

Shov-shuvli intervyu

O‘sha kuni Viktoriya Sparts «Yevropa haqiqati» nashriga intervyu berdi. Suhbat davomida deputat Yermak haqidagi ma’lumotlarni Ukrainadan emas, boshqa joydan olganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQShda respublikachilar va demokratlar orasida Ukrainaga yordam sifatida katta mablag‘lar yuborishga qarshilar ko‘p, garchi demokratlar bunday chiqishlar qilmagan bo‘lsa-da.

Uning fikricha, Kongress Ukrainaga yuborilayotgan yordam ustidan nazoratga ega bo‘lishi kerak. «Bizning pullarimiz qayerga ketayotgani hamma kabi meni ham qiziqtiradi. Shu sabab mening prezidentim menga hisob berishi kerak. Nima qilishni o‘zlari bilishadi, lekin Ukraina hozir biz bilan kelisha olmasa, hozir ularga ishonish mumkinligini Kongress his qilmasa, ularda keyinchalik katta muammolar paydo bo‘ladi», deydi u.

Kongressvumenning fikricha, AQSh tomonidan yuborilayotgan qurollar Rossiyaga va hatto Suriyaga borib qolishi mumkin, shu sabab Kongress bu borada nazoratni qo‘lga olishi kerak. U Ukraina faqat G‘arbning yordamiga ko‘z tikkani, urushga tayyorlanmaganini ham tanqid qilgan.

«Siz urushga tayyorlanmaganingiz yetmaganday o‘zingizni xuddi urush bo‘lmayotgandek tutyapsiz, hammasini siz uchun G‘arb qilib berishini kutyapsiz. Kiyevda urush sharqqa ko‘chganidan xotirjam bo‘lgan odamlar bemalol restoranlarda o‘tirishibdi. Lekin siz shunday katta urush ichidasizki, butun mamlakat, butun sanoat va ishlab chiqarish unga qaratilgan bo‘lishi kerak. Ammo qanday tanlov qilishni o‘zingiz bilasiz», degan deputat.

Sparts xonim AQSh prezidenti manziliga ham tanqidlarni yog‘dirar ekan, Bayden nima xohlayotganini o‘zi ham bilmayotganini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev hukumati hududlarga mudofaa uchun yetarlicha qurol bermayapti.

AQSh Davlat departamenti Spartsning bayonotiga javob berdi va Ukraina qurollar boshqa davlatga tushib qolmasligini ta’minlay olishini bildirdi.

Spartsning bayonoti nimani o‘zgartiradi?

Ukrainalik ekspertlar Spartsning fikrlarini tahlil qilishdi. Odessa milliy universiteti dotsenti Volodimir Dubovikning aytishicha, Viktoriya Sparts uzoq vaqt Ukrainaga yordam miqdorini oshirishni talab qilgan an’anaviy respublikachilar va Ukrainaga yordam miqdorini shubha ostiga olgan Donald Tramp tarafdorlaridan birini tanlashda ikkilanib yurgan. Ekspert respublikachilar vakili bo‘lgan 11 nafar senator va Vakillar palatasining 57 nafar a’zosi Ukrainaga 40 milliard dollar miqdorida yordam berish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullamaganini eslatgan.

Dubovikning fikricha, Sparts g‘oyaviy jihatdan trampchilarga yaqin va saylovda ham aynan shunday g‘oyalar yordamida g‘alaba qozongan. Tramp tarafdorlari esa urush boshlanganidan buyon AQSh Ukrainaga bunchalik katta miqdorda yordam yuborishiga qarshi bo‘lib kelmoqda. Ekspertning aytishicha, Spartsning «Ukrainaga bu tartibda yordam berib bo‘lmaydi, u yerda korrupsiya urchigan» deb aytgan gaplari trampchilarning talvasasini eslatadi. Ukrainalik dotsent Sparts xonim bu ishlarni noyabrdagi saylovlarda g‘alaba qozonish va shov-shuv ko‘tarish orqali Tramp tarafdorlarining e’tiboriga tushish uchun qilayotgan bo‘lishini istisno etmadi.

«Hammasi 2019 yil Ukrainaga yordamni kechiktirishdagi voqealarni eslatmoqda. Faqat unda barchasini Trampning o‘zi Rudi Juliani orqali to‘xtatib qo‘ygandi. Joriy holatda esa Vakillar palatasining birgina a’zosi qarshilik qilmoqda. Hozircha», deydi Dubovik.

Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainadan farqli o‘laroq AQShda Spartsning chiqishlariga deyarli e’tibor berishmagan.

«Uning chiqishi hozircha Ukraina uchun muammo tug‘dirayotgani yo‘q. Ammo Sparts xonim ishga Trampnig tarafdorlari bo‘lgan boshqa siyosatchilarni ham aralashtirsa, ular «safimizda ukrainalik siyosatchi bor, shuning uchun Ukraina qurollarni sotib yuborishi mumkinmi yo‘qmi – tekshirish kerak» degan iddao bilan chiqsa, bu masala Kongressda ko‘tarilsa, mana bu chinakam muammoga aylanadi», deydi ekspert.

Ekspertning fikricha, Xersonni topshirishda Yermakning qandaydir aybi bo‘lgani haqida dalilga ega bo‘lsa, uni ko‘rsatishi kerak, ammo deputat bunday qilmagan. Rossiya bilan muzokaralardagi muvaffaqiyatsizlik haqida gap ham asossiz, chunki Rossiya muzokaralarga deyarli yo‘l bergani yo‘q.

Dubovik amerikalik deputatning Ukrainaga yuborilayotgan harbiy yordam ustidan nazorat yo‘q degani ayblovini ham asossiz deb atagan. Uning aytishicha, AQSh Ukrainaga yuborishi aytilgan qurollarni AQShning o‘zida sotib oladi, yordam Ukrainaga pul ko‘rinishida bormaydi. Ammo bu yerda ekspert «o‘tlab ketgan», chunki Viktoriya Sparts Ukrainada qurol uchun yuborilgan pullar «tuya qilinishi»dan emas, Ukrainaga yuborilgan qurollar Rossiyaga va hatto Suriyaga borib qolishidan xavotirda ekanini bildirgan.

Ekspert Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermakning ta’siri chindan favqulodda katta ekanini tasdiqlagan, ammo Spartsning harbiy jihatdan AQShga bog‘liqlik borasidagi e’tirozlariga qo‘shilmagan. «Biz urush holatidamiz va chindan AQShdan keladigan yordamga muhtojmiz. Bu urinishlar davlatlar o‘rtasiga nifoq solishdan boshqa narsa emas», degan Dubovik.

1 mart kuni Sparts Kongressda Ukrainaga yordam ko‘rsatishni so‘rab hissiyotli nutq so‘zlagandi

Yana bir ekspert Aleksandr Krayevning fikricha, Sparts Tramp tarafdori bo‘lgan respublikachilarga o‘xshamaydi, g‘oyaviy jihatdan reyganchi respublikachilarga yaqinroq. Krayevning aytishicha, Sparts AQSh respublikachilar partiyasi yetakchilaridan biriga aylanib olishi ham mumkin, chunki mamlakatda Ukraina masalasi juda muhim hisoblanadi.

Krayev amerikalik kongressvumen AQShdagi Ukrainaga yordam va Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha barcha qonun loyihalarini qo‘llaganiga e’tibor qaratib, shu sabab uning yuborilayotgan qurollar nazorati bo‘yicha taklifi mantiqan to‘g‘ri ekanini aygan. Ekspertning fikricha, reyganchi respublikachilar urushda Ukraina g‘alaba qozonishini istayotgani sabab Ukrainaga yordam qanchalik samarali ekani haqida bosh qotirmoqda. Shuningdek, Krayev Zelenskiy ma’muriyatidagi «norasmiy iyerarxiya» borasida amerikaliklar 3 yildan buyon savol berib kelayotganini eslatgan.

AQShning harbiy yordami ustidan nazorat organi tashkil etish tajribasi yangi emas, 2001-21 yillarda amerikalik soliq to‘lovchilar hisobidan AQSh Afg‘onistonga juda katta harbiy qurollar yuborgan va ularning nazorati o‘rnatilgan. Bunday nazoratni Kongress amalga oshiradi.

Krayevning fikricha, Viktoriya Sparts Ukraina masalasidagi ushbu shov-shuvli chiqishlarini razvedka ma’lumotlarisiz boshlamagan bo‘lardi. «Katta ehtimol bilan, unga bu ma’lumotlarni maxsus xizmatlar bergan. Bu Sparts uchun ham, prezident ma’muriyati bilan ziddiyatga borishni istayotganlar uchun ham foydali», deydi Krayev.

Ekspert AQSh tomonidan yuborilgan qurollar chindan nazorat qilinmasligini qayd etgan. Qurollar ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan holda joylashtirilmoqda, xolos. Krayev deputatning chiqishidan keyin bu ish katta minbarlarga ko‘tarilishi va Ukrainaga qurol yuborilishiga ta’sir qilishiga shubha bildirgan.

«Ammo Ukraina tomoni bu mavzuga ehtiyot bo‘lib yondashish kerak. Afsuski, hozircha ularning harakatlarida ehtiyotkorlik ko‘rinmayapti. Ukraina TIVning bayonoti G‘arbda damage control deb ataluvchi diplomatiyada zararni maksimal kamaytirish siyosatiga ziddir», degan ekspert.

Ekspert bu borada eng to‘g‘ri yo‘l surishtiruv borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish deb hisoblaydi – agar bu taklif davlatlar darajasida qo‘llab-quvvatlansa.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top