12:57 / 23.07.2022
26802

Hammaning o‘z takliflari bor. Issiqko‘ldagi uchrashuvda kim nimalar haqida gapirdi?

Qirg‘izistonning so‘lim go‘shasi bo‘lmish Issiqko‘lda mintaqa siyosiy hayoti uchun muhim uchrashuv o‘tkazildi. Markaziy Osiyo davlat rahbarlari to‘rtinchi marta maslahatlashuv uchun yig‘ildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mirziyoyev tashabbusi

Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Issiqko‘lda to‘rtinchi marta maslahatlashuv uchun yig‘ildi. Galstuklarsiz o‘tishi bilan ajralib turuvchi bunday formatdagi uchrashuvning tashabbuskori O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi. 2017 yil Samarqandda BMT bilan hamkorlikda o‘tkazilgan konferensiyada Mirziyoyev mintaqa davlatlari har yili maslahatlashuv uchun yig‘ilib turishini taklif qilgandi. Buni barcha bir ovozdan qo‘llagan va Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev birinchi uchrashuvni Ostonada o‘tkazishni taklif qilgandi.

Shu tariqa, birinchi maslahatlashuv uchrashuvi 2018 yil 15 martda Ostonada o‘tkazildi. 2019 yil noyabrda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari ikkinchi maslahatlashuv uchun Toshkentda yig‘ildi. 2020 yil Bishkekda o‘tishi rejalashtirilgan maslahatlashuv koronavirus pandemiyasi sabab qoldirildi. 2021 yil yetakchilar Turkmanistonning «Avaza» milliy turistik markazida uchrashishdi. Issiqko‘ldagi uchrashuv to‘rtinchisi bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ushbu formatdagi uchrashuvlarning hammasi har xil tarkibda o‘tgan. Masalan, Ostonadagi ilk uchrashuvga Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bormagan va o‘z o‘rniga senat raisi Akja Nurberdiyevani yuborgandi. Keyingi yil Toshkentga Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘zi keldi. 2021 yil Turkmanistonda o‘tgan yig‘ilishga kelib ikki davlatda rahbarlar o‘zgargandi. Qirg‘izistonda Jyeenbekov o‘rniga Japarov, Qozog‘istonda Nazarboyev o‘rniga To‘qayev keldi. Issiqko‘ldagi uchrashuvda esa ishtirokchilarning familiyasi o‘zgarishsiz qoldi. Faqat Turmaniston nomidan sobiq prezidentning o‘g‘li va yangi prezident Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi.

Foto: Tojikiston prezidenti rasmiy sayti.

Mirziyoyev nimalar dedi?

O‘zbekiston prezidenti bu formatdagi uchrashuvlarning samarasi odamlar hayotida sezila boshlaganini aytar ekan, avvalo mintaqa davlatlarining fuqarolari bir davlatdan boshqa davlatga oson harakatlanishi muhim ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Mirziyoyev mintaqadagi davlatlar Markaziy Osiyo manfaatlarini himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘rishi kerak bo‘lsa, O‘zbekiston bunga tayyorligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mintaqa ichidagi savdo ulushiga mamlakatlar o‘rtasidagi umumiy tovar aylanishining 5 foizidan 10 foizigacha bo‘lgan qismi to‘g‘ri kelmoqda va bu kam, mavjud salohiyat bu raqamlarni kattalashtirish imkonini beradi.

Foto: Sadir Japarov axborot xizmati.

Markaziy Osiyo davlatlari uchun suv masalasi jiddiy hisoblanadi. Aynan suv talashish ortidan ko‘p tushunmovchiliklar ham bo‘lib turadi. Shavkat Mirziyoyev chiqishida hamkorlarga O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan «Markaziy Osiyo uchun «yashil» kun tartibi» dasturini taklif qildi. Dasturda iqtisodiyotni karbonsizlantirish, muqobil energetikani rivojlantirish, o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berishni tashkil etish, suv tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni keng targ‘ib qilish haqida so‘z boradi. Dunyo misli ko‘rilmagan energetik inqirozni boshdan kechirayotgan bir vaqtda ayniqsa elektr energiyasini o‘zaro almashish masalasi mintaqa uchun muhim hisoblanadi.

Maslahatlashuv yig‘ilishi o‘tkazilgan Cho‘lponota qishlog‘i.
Foto: Sadir Japarov axborot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev ushbu mavzularda gapirar ekan, Markaziy Osiyo «yashil taraqqiyot» masalalarida jahonning yetakchi mintaqalaridan ancha ortda ekanini afsus bilan tilga oldi.

Shavkat Mirziyoyev mintaqa yetakchilari ishtirokidagi anjumanda xavfsizlik masalasida ham gapirdi. O‘zbekiston prezidenti uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik kabi an’anaviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishda davom etish lozimligini ta’kidlash asnosida bugun rivojlanib borayotgan internetdagi noqonuniy faoliyatlar bilan bog‘liq xatarlarni ham bee’tibor qoldirib bo‘lmasligini aytdi. «Bugun ushbu tahdidlar yo‘lida hech qanday chegara yo‘q – ular mobil telefonlar orqali kirib kelmoqda», dedi prezident.

Internetdagi xatarlar haqida gapirar ekan, Mirziyoyev yaqinda O‘zbekistonda ro‘y bergan Nukus voqealarini ham tilga oldi. «Afsuski, mintaqamizda beqaror vaziyatni vujudga keltirishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar mavjud ekani yana bir bor tasdiqlandi», dedi u.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xavfsizlik haqida gapirgan O‘zbekiston rahbari Afg‘onistondagi tinchlik masalasida mintaqa davlatlari o‘zaro hamkorlikni davom ettirishi zarurligini aytdi. Shavkat Mirziyoyev mintaqa davlatlari xavfsizlik masalasida hamkorlik qilishi muhimligini ta’kidlab, 5 ta respublika Xavfsizlik kengashi kotiblari va maxsus xizmat vakillarining o‘zaro maslahatlashuv uchun yig‘ilishi borasida taklifni qo‘lladi.

To‘qayev Rossiyani ham chaqirish taklifini o‘rtaga tashladi

Shavkat Mirziyoyev qo‘llagan Xavfsizlik kengashi kotiblarining maslahatlashuvi bo‘yicha uchrashuv taklifi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevdan chiqqandi. To‘qayev tashqi ishlar vazirlari ham olti oyda bir uchrashib turishini taklif qilgan.

Foto: Sadir Japarov axborot xizmati.

Qozog‘iston prezidenti bunday formatdagi uchrashuvlarda «chegaralarni qulflab qo‘yish» yaramasligini aytib, keyingi uchrashuvlarda Rossiya va Xitoydan vakillar chaqirish kerakligini aytdi.

To‘qayev faqat mintaqada joylashmagan davlatlarni ham maslahatlashuvga chaqirish kabi g‘alati takliflar bermadi. Qozog‘iston prezidenti tomonidan jo‘yali gaplar ham aytildi. Masalan, To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlari chegara masalasidagi tushunmovchiliklarni zamonaviy insonlardek qurolsiz, diplomatik yo‘l bilan hal qilishi kerakligini aytdi. To‘qayev bu gaplari bilan Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara masalasi doimiy keskinlik keltirib chiqarishi, tez-tez qurolli mojarolar sodir bo‘layotganiga ishora qildi.

Chegara masalasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ham hal qilinmagan masalalar bor. Bu borada O‘zbekiston tomoni Japarovning Toshkentga tashrifi vaqtida aniq takliflar bergan, ammo Qirg‘iziston tomoni hozircha muammoni hal qilish yo‘lida qadam tashlamayapti.

To‘qayev chegara masalalarini diplomatchasiga hal qilish kerakligini aytishga chinakam haqli siyosatchi hisoblanadi. Chunki u o‘z vaqtida Rossiya va Xitoy bilan chegara masalalarini hal qilishda bevosita ishtirok etgan diplomat hisoblanadi.

Qozog‘iston prezidenti mintaqadagi transport logistikasini rivojlantirish zarurligi haqida gapirib, mamlakat «Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temiryo‘lini qurishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Foto: Sadir Japarov axborot xizmati.

Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari ham chegara masalasida gaplashib olishdi. Imomali Rahmon va Sadir Japarov chegara masalasini diplomatik yo‘l bilan hal qilish kerakligini ta’kidlashdi. Ikki davlat rahbari Issiqko‘lda o‘zaro uchrashuv o‘tkazdi.

Imomali Rahmon gapirayotganda efir uzilib qoldi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon maslahatlashuvdagi chiqishida Afg‘onistondagi holat keyinchalik faqat yomonlashishi haqida gapirdi. Uning fikricha, «Tolibon» harakati mamlakatdagi siyosiy vaziyatni uddalay oladigan holatda emas. U «Tolibon» hukumat sifatida tan olinishi uchun xalqaro hamjamiyatni ishontira olmaganini qo‘shimcha qildi va Afg‘onistonda boshqa millat vakillari kamsitilayotgani, amaldagi hukumat diniy konservatizm yo‘nalishidan borayotganini aytdi.

Tojikiston mintaqada «Tolibon»ga qarshi ekanini ochiq aytadigan yagona davlat hisoblanadi. Tojikiston vakillari Afg‘onistonda «Tolibon» tomonidan tojik millatidagi fuqarolar qatag‘onga uchrayotgani haqida ham tez-tez gapirib turishadi. Shuningdek, Afg‘oniston hukumati inklyuziv bo‘lishi kerakligi, uning tarkibida tojiklar soni millat vakillari soniga muvofiq bo‘lishi kerak deb hisoblashadi.

Foto: Tojikiston prezidenti rasmiy sayti.

Maslahatlashuv Qirg‘izistonda bo‘layotgani va unda Afg‘oniston haqida so‘z borishi sabab Imomali Rahmonning chiqishida intriga yuqori edi. Qirg‘iziston masalasida-ku Tojikiston yetakchisi shov-shuvli gap aytmadi, ammo «Tolibon» haqida yaxshigina keskin fikrlar bildirdi.

«Ortda qolgan vaqt davomida «Tolibon» xalqaro hamjamiyat va Afg‘oniston xalqini o‘z hukumati legitimligiga ishontirish uchun hech nima qilmadi. Ular mamlakatdagi siyosiy vaziyatni, fuqarolar xavfsizligini hamda yuzaga kelayotgan iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni hal qiladigan holatda emas. Toliblar turli etnik guruhlarni kamsitib, keskin diniy konservatizm yo‘lidan bormoqda», dedi Imomali Rahmon.

Tojik nashrlari yozishicha, shu vaqtda Imomali Rahmonning nutqi ko‘rsatilayotgan efir uzilib qolgan. Kadr tiklanganda esa Turmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov gapirayotgan bo‘lgan.

Markaziy Osiyo kattalari yig‘ilishida ilk marta ishtirok etgan Serdar Berdimuhamedov alohida ajralib turadigan fikrlar aytmadi. U mintaqadagi davlatlar e’tibor berishi kerak bo‘lgan uchta xavfni aytdi: mintaqadagi vaziyatni izdan chiqarishga urinish, terrorizm va radikal diniy tashkilotlar xavfi, chegaralar yaqinidagi harbiy nizolar.

Kichik Berdimuhamedov Markaziy Osiyo tashqi ta’sirlardan xoli hududga aylanishi uchun mintaqa davlatlari birdamlikda harakat qilishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, Markaziy Osiyodagi barqarorlikni saqlash uchun yaqin 2 yilga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi ishlab chiqishni taklif etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Japarov Farg‘ona vodiysini jannatmakon go‘shaga aylantirish uchun qo‘lidan kelganini qilayotganini aytdi

Qirg‘iziston prezidenti chegara masalasida bosiqlik bilan gapirdi. «Chegaralarni delimitatsiya qilish uchun O‘zbekiston va Tojikiston bilan ishlashda davom etyapmiz. Shuni ta’kidlamoqchimanki, chegaralarni tinchlik va farovonlik hukm suradigan joylarga aylantirish, Farg‘ona vodiysini haqiqiy jannatmakon joyga aylantirish uchun qo‘limizdan kelganini qilib, siyosiy iroda ko‘rsatyapmiz», dedi Japarov.

Foto: Sadir Japarov axborot xizmati.

Ammo suv masalasiga kelganda Japarov keskinroq fikr bildirdi: «Iqlim o‘zgarishlari sabab suv resurslari miqdori keskin kamayib ketmoqda. Bu mintaqadagi oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Qirg‘iziston Markaziy Osiyodagi suv resurslarini saqlagani va taqsimlash uchun yetarlicha kompensatsiya olmayapti», dedi Japarov.

Shuningdek, Qirg‘iziston prezidenti mintaqa davlatlarini raqobatlashish emas, hamkorlik qilishga chaqirdi.

Maslahatlashuv yakuniga ko‘ra, respublikalar rahbarlari «XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida» shartnoma imzolashdi.

O‘tkir Jalolxonov

Top