08:35 / 23.07.2022
16328

Maktablarda pedagogik stavkalarni qisqartirish yuzasidan hech qanday ishlar olib borilmayapti - Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi umumta’lim muassasalarida bitta sinfdagi o‘quvchilar sonining 36 nafardan 40 nafargachani tashkil etishi va ushbu holat ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi yuzasidan bildirilayotgan e’tirozlar bo‘yicha izoh bilan chiqdi.

Foto: yuz.uz

Qayd etilishicha, bugungi kunda respublika bo‘yicha umumta’lim maktablarida sinflardagi o‘quvchilar soni to‘liqligi o‘rtacha 25 nafarni tashkil etadi. Ayrim maktablarda ushbu ko‘rsatkich 40 nafar bo‘lsa, ayrimlarida 20 nafarni tashkil etadi. 

Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Toshkent shahrida sinflardagi o‘quvchilar soni to‘liqligi o‘rtacha 31 nafarni tashkil etadi. Alohida ta’lim muassasalari kesimida olib qaralganda, 78 ta maktabda sinf to‘liqligi 30 nafardan kam bo‘lsa, 23 ta maktabda sinflardagi o‘quvchilarning o‘rtacha soni 35 nafardan 40 nafargachani tashkil etmoqda. 

Bildirilishicha, shu bilan birga, hozirgi vaqtda umumta’lim maktablarida ayrim fanlardan o‘qituvchilarning yetishmovchiligi yuzaga kelmoqda. Umumta’lim maktablarida jami 500 mingdan ortiq o‘qituvchi faoliyat yuritsa, shundan bugungi kunda 20 foizi 1,0 dan ortiq pedagogik stavkada ishlaydi.

Aholi sonining o‘sish ko‘rsatkichlari inobatga olinsa, keyingi 5 yilda maktab o‘quvchilarning soni 7,7 million nafarni tashkil etishi yoki bugungi kundagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,5 million nafarga ortishi kutilmoqda. 5 yilda maktab o‘quvchilari sonining ushbu tarzda o‘sishi fonida pedagogik stavkalar soni ham shunga mutanosib ravishda ko‘payadi.

“O‘quv dasturini takomillashtirish bir kunlik masala emas. Bu masala ta’lim sohasidagi islohotlar doirasida o‘qituvchilar, mutaxassislar hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida keng muhokamadan o‘tishi zarur. Agar ushbu muhokamalar doirasida umumta’lim maktablarida o‘quv dasturini maqbullashtirish xulosasiga kelinsa, shunga tegishli ravishda o‘qituvchilarning pedagogik yuklamasi miqdori ham xalqaro tajribadan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqilishi zarur”, deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Qayd etilishicha, bugungi kunda umumta’lim maktablarida pedagogik stavkalarni qisqartirish yuzasidan hech qanday ishlar olib borilmayapti.

Bundan oldin bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov sinflarda o‘quvchilar sonini kamaytirish borasida deputatlar savoliga javoban, ko‘riladigan choralar qatorida darslar sonini ham keskin qisqartirishni taklif qilgandi. 

“O‘zbekiston darslar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi”, dedi Qo‘chqorov.

Top