08:49 / 23.07.2022
5122

Trampning sobiq strategi AQSh kongressiga hurmatsizlikda aybdor deb topildi

Prezident Donald Trampning sobiq bosh maslahatchisi Stiv Bennon AQSh kongressiga hurmatsizlikda aybdor deb topildi. U 30 kundan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Foto: Reuters

Federal hay’at - AQShda hakamlar hay’ati prezident Donald Trampning sobiq bosh maslahatchisi 68 yoshli Stiv Bennonni 2021 yil 6 yanvar kuni Kapitoliyga hujumni tergov qilayotgan qonun chiqaruvchilar oldida guvohlik berish uchun chaqiruv qog‘oziga bo‘ysunmagani uchun AQSh kongressiga hurmatsizlikda aybdor deb topdi. Qaror 22 iyul, juma kuni qabul qilindi. 

Bennon jarayonga chaqiruv qog‘ozi bo‘yicha kelmagan va vakillar palatasi komissiyasi so‘ragan hujjatlarni taqdim etmagan, shu sababli unga nisbatan AQSh kongressiga hurmatsizlik bo‘yicha ikkita ayblov qo‘yilgan.

12 nafar a’zodan iborat hakamlar hay’ati uch soatdan ko‘proq vaqt davomida muhokama qilib, Bennonni ikkala moddada ham aybdor deb topdi. 

Endi Trampning bosh strategi har bir ayblov bo‘yicha kamida 30 kun va ko‘pi bilan bir yil qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Hukm e’lon qilinishi 21 oktyabrga belgilangan. 

Vaziyatni sharhlar ekan, Stiv Bennon shunday ta’kidladi: «Biz bugun jangda yutqazgan bo‘lishimiz mumkin, ammo bu urushda mag‘lub bo‘lmaymiz. Men - Tramp va konstitutsiya tarafidaman». 

Bir kun avval AQSh kongressi Donald Trampni Kapitoliyga hujum vaqtida atayib hech qanday harakat qilmaganlikda ayblagan edi. 

AQShda oraliq saylovlar 8 noyabrga belgilangan. 

2021 yil 6 yanvarda AQSh prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan Donald Trampning Vashingtondagi mitingda so‘zlagan nutqidan so‘ng uning radikal tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirishdi, u yerda Senat va vakillar palatasi qo‘shma yig‘ilishi ishtirokchilari ovoz berish natijalarini tasdiqladi. Namoyishchilar binoga bostirib kirishga muvaffaq bo‘ldi, kongressdagi munozaralar bir necha soatga to‘xtatildi, qonun chiqaruvchilar evakuatsiya qilindi.

Tartibsizliklar ishtirokchilari politsiya bilan to‘qnashgan, politsiya esa ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan javob bergan. Milliy gvardiya Vashingtonga yetib keldi. To‘qnashuvda besh kishi, jumladan bir politsiyachi halok bo‘lgan. Rasmiylar bir necha soatdan keyin yana kongress binosini nazoratga oldi. Keyingi haftalarda yana ikki politsiyachi o‘z joniga qasd qildi. Tartibsizliklardan keyin 50 ga yaqin odam qo‘lga olingan, ularning bir nechasiga ayblov e’lon qilingan.

Kapitoliyga hujumdan keyin AQSh kongressi vakillar palatasining komissiyasi Trampning voqealardagi roliga oydinlik kiritish uchun 140 mingdan ortiq hujjatlarni o‘rganib chiqdi va 1000 dan ortiq guvohlar bilan suhbat o‘tkazdi. Iyun oyining boshidagi birinchi yig‘ilishida komissiya Vashingtondagi tartibsizliklar uchun birinchi navbatda Trampni javobgar deb hisobladi. Sakkizinchi yig‘ilishdan so‘ng komissiya ishida tanaffus e’lon qilindi, sentabr oyida yangi eshituvlar o‘tkaziladi. Tramp o‘z aybini tan olmadi va 2024 yilda yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishini istisno etmayapti. 

Top