16:32 / 25.07.2022
15361

Oliy diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarining sanasi ma’lum qilindi

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi 3 ta oliy diniy ta’lim muassasasida 2022–2023 o‘quv yili bo‘yicha qabul imtihonlari ijodiy imtihon va test sinovi shaklida o‘tkaziladi.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Diniy idora Ta’lim va ilmiy-tadqiqotlar bo‘limi o‘z tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini o‘tkazish sanasi bo‘yicha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra:

  • 2022 yil 3-4 avgust kunlari Hadis ilmi maktabiga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Xususan, 3 avgust kuni muassasa sport zalida ijodiy imtihon, 4 avgust kuni muassasa hovlisida test sinovlari bo‘lib o‘tadi. 5 avgust kuni mandat hay’ati natijalarni e’lon qiladi.
  • 2022 yil 8-9 avgust kunlari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Xususan, 8 avgust – Arab tilidan ijodiy imtihon, 9 avgust kuni Fiqh va aqoid hamda O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi. 10 avgust kuni natijalar e’lon qilinadi.
  • 2022 yil 11-12 avgust kunlari Mir Arab oliy madrasasiga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Xususan, madrasa binosi hovlisida 11 avgust ijodiy imtihonlar, 12 avgust kuni esa fiqh va aqoid hamda O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘ladi. 13 avgust kuni natijalar e’lon qilinadi.

Diniy idoraning qo‘shimcha qilishicha, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi va Hadis ilmi maktabiga o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarini tamomlagan abituriyentlarning hujjatlari qabul qilingan.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari kirish test sinovlari esa Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi. O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarining sanasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Top