17:08 / 25.07.2022
10985

Xorijda saqlanayotgan osori-atiqalarimiz: Samarqanddagi xalqaro kongressda yangi kashfiyotlar qilindi

Tobora O‘zbekistonning madaniy poytaxtiga aylanib borayotgan ko‘hna Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi hukumati ko‘magida «O‘zbekiston madaniy merosi - yangi renessans poydevori» VI xalqaro kongressi o‘tkazildi.

Boy madaniy merosimizga oid osori-atiqalarni izlab topish, ularni tizimlashtirishga bag‘ishlangan ushbu kongressda kimlar ishtirok etmoqda va ko‘zlangan asosiy maqsad nima?

Kongressning ochilish marosimi. Foto: Kun.uz

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati a’zosi Rustam Jabborovga ko‘ra, bunday anjumanlar shunisi bilan ahamiyatliki, jahonning ko‘plab muzeylari, shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan qadimiy osori-atiqalarimiz haqidagi yangi ma’lumotlar qalqib chiqmoqda. Jumladan, Mirzo Ulug‘bekning nefrit piyolasi haqidagi muhim ma’lumotlar paydo bo‘lgan.

Rustam Jabborov. Foto: Kun.uz

O‘zbekiston madaniy merosi butunjahon jamiyatining VI kongressi sensatsiyalaridan biri — So‘g‘diyonada 1311 yil muqaddam kiyilgan va bugungi kungacha saqlanib kelayotgan chopon bo‘ldi.

Bu jahonda so‘g‘d davriga oid yagona chopon ekan, boshqalari bizning davrimizgacha yetib kelmagan. Choponning yenglarida, oyoqlari ostida hayot daraxti bo‘lgan qanotli tulporlar tasvirlangan. Chopon matosining yashil, qizil, ko‘k va och malla ranglari, medalonlar ko‘rinishidagi naqshlari haligacha bilinadi.

Kuala-Lumpur muzeyida saqlanayotgan so‘g‘dcha chopon

Bu mo‘’jaz artefakt haqida u saqlanayotgan Kuala-Lumpurdagi Malayziya islom madaniyati muzeyi bosh kuratori Xeba Nayyel Barakat so‘zlab berdi. Shunisi e’tiborliki, Samarqanddagi Afrosiyob vayronalari devorlarida aynan shunday chopon kiyib olgan insonlar guruhi tasvirlangan freska topilgan.

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tashkilotchiligi, ERIEL kompaniyasi homiyligida o‘tkazilayotgan mazkur kongressda jahonning 35 dan ziyod davlatlaridan 250 dan ortiq tarixchilar, arxeologlar, muzeyshunoslar, san’atshunoslar, kolleksionerlar ishtirok etishmoqda, deydi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.

Firdavs Abduxoliqov

Kongress ishida ko‘zlangan maqsadlar ham erishilayotgan natijalar hamda yurtimizdagi eng taniqli muzey, Nukusdagi Savitskiy muzeyi direktori Tigran Mkrtichevning fikrlariga qiziqdik.

Tigran Mkrtichev

«Bu tadbir O‘zbekistonning madaniy va ilmiy rivojiga katta hissa qo‘shadi. Chunki jahon muzeylari va kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish g‘oyasining o‘zi ajoyib. U o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nechog‘lik butun jahonda keng tarqalganini anglash imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, tadqiqotchilarni birlashtirib, O‘zbekiston san’ati va tarix fani ilgari qadam tashlashiga xizmat qiladi», — dedi Mkrtichev.

Qayd etilganidek, kongress ishida xorijlik san’atshunoslar ham ishtirok etmoqda. Italiyadan kelgan kolleksioner Alberto Levining yurtimizga ilk tashrifi ekan.

Alberto Levi (italiyalik kolleksioner). Foto: Kun.uz

«Mening ota-bobolarim Eronning Mashhad shahrida istiqomat qiluvchi yahudiylardan bo‘lishgan. Ular qadimdan Samarqand, Buxoro, Toshkent shaharlariga karvon bilan kelishib, gilam va gazlamalar xarid qilishgan ekan. So‘ng XIX asrda Italiyaga ko‘chib ketishgan.

O‘zim Eronda hech qachon bo‘lmaganman. O‘zbekistonga ham ilk tashrifim. Kitob-albomning Italiyadagi madaniy meroslarga bag‘ishlangan qismida maqola ham yozib berdim. O‘zbekistonga kelgach, bu yerning tabiati, odamlarning xushmuomalaligi, rang-barang madaniy merosidan hayratga tushdim. O‘zim hanuz turli antikvar, matolar, so‘zanalar bilan savdo qilaman. O‘zbekiston haqidagi taassurotlarimni albatta italiyalik xaridorlarimga so‘zlab beraman», — dedi Alberto Levi.

Kongress ishining asosiy ko‘zga tashlangan yutug‘i «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasi doirasida o‘tgan 6 yil davomida milliy osori-atiqalarimizga bag‘ishlangan 60 ta kitob-albom chop etilishidir.

Shunisi ahamiyatliki, har yili muntazam chop etilayotgan ushbu kitoblarda xorijlik mutaxassislar madaniy merosimiz haqida o‘z fikrlarini bildirib maqolalar yozishgan. Kitob-albomlarda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan osori-atiqalarimiz haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Qayd etilishicha, milliy hamkorlardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya, Islom sivilizatsiyasi markazi, «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi, «Zamon Press Info» nashriyot uyi; xorijiy hamkorlardan ICESCO, ICCN, Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqot markazi (IRCICA) (Turkiya), «Mueller&Schindler» nashriyot uyi (Avstriya), Al-Furqon (Buyuk Britaniya) va boshqalar yordamida tashkillashtirilgan bunday anjuman har yili o‘tkaziladi va xorijiy kolleksiyalarda saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosi namunalariga atalgan kitoblar har yili muntazam chop etib boriladi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid
Top