19:04 / 26.07.2022
9922

Kreml Putin Moskvaga «ta’tilga» kelgan Shryoder bilan muloqot qilishi mumkinligini bildirdi

Shryoderning rafiqasi So Yon Kim-Shryoder sobiq kansler Moskvaga energetika siyosati bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun kelganini aytgan. 

Foto: DPA

Kreml Vladimir Putin Moskvada bo‘lib turgan Germaniya sobiq kansleri Gerhard Shryoder bilan muloqot o‘tkazishi mumkinligini istisno qilmadi

«Bizga ma’lum bo‘lishicha, u [Shryoder] darhaqiqat Moskvada. Uchrashuv rejalashtirilmagan, lekin muloqotni istisno qilmaymiz», — dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Shryoder Moskvaga bir necha kunga kelgan bo‘lib, u bu haqda NTV telekanali muxbiriga bergan intervyusida aytdi.  

«Men bu yerda bir necha kunlik ta’tildaman. Moskva go‘zal shahar», dedi u.

Shryoderning rafiqasi So Yon Kim-Shryoder Spiegel nashriga bergan intervyusida sobiq kansler Moskvaga energetika siyosati bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun kelganini aytdi. 

Gerhard Shryoder Moskvaga oxirgi marta mart oyida, Putin bilan Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiya»ni muhokama qilish uchun kelgandi.

1998-2005 yillarda Germaniya hukumatini boshqargan Gerhard Shryoder ko‘p yillar davomida Rossiya davlat kompaniyalarida ishlagani va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan do‘stligi uchun tanqid ostiga olingan.

Top